Toyota Amerikadagi ilk zavodlaridan birini yopadi


AQShning Kaliforniya shtatida yirik avtomobilsozlik kompaniyasi yopilish arafasida. Amerikaning General Motors va Yaponiyaning Toyota korporatsiyalari tuzgan qo’shma korxona chorak asrlik tarixga ega.

General Motors o’tgan yili kasodga uchrab, shartnomadan voz kechgan. Dunyoga dong’i ketgan Toyota firmasi ham hozir chigal vaziyatda va zavodni yopishga qaror qilgan.



Yaqin kunlarda bu yerda robotlar shovqini taqataq to’xtaydi. Kaliforniyadagi yagona avtozavod yopilib, besh ming kishi ishdan bo’shatiladi.

Ayni paytda Corolla va Tacoma rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarayotgan, General Motors-Toyota qo’shma korxonasi o’z eshiklarini yopmoqda.

Dunyoga mashhur ikki kompaniya Fremont zavodini 1984 yilda ta’sis etgan va to’xtovsiz ishlab kelayotgan edi, deydi faoliyatini bu yerda muhandis sifatida boshlagan Volter Odisho.

“Zamon va inqiroz qurbonimiz. Iqtisodiy ahvol sabab zavod ishi orqaga ketdi”, - deydi u.

Korxona tuzilganida maqsad Amerika va Yaponiya kompaniyalari o’rtasida tajriba almashish, bozor va avtomobilsozlik sohasi sir-asrorlari bilan bo’lishish edi.

Yillar davomida qo’shma korxona 8 milliondan ortiq yengil va yuk mashinalari ishlab chiqargan. Maosh soatiga o’rtacha 28 dollar. Iqtisod oqsayotgan bir paytda hech kimning ishidan ayrilgisi yo’q.

“E’londan dahshatga tushdim. Shu yerdan pensiyaga chiqaman deb o’ylagandim”.

“Hozir Amerikada ishsizlar qancha. Biz ham ular safiga qo’shilmasak”, - deydi zavod xizmatchilari.

Ammo ular umidni boy bermayapti. Ishchilar himoyasiga shaylangan kasaba uyushmalari butun mamlakat bo’ylab imzo yig’ib, Toyota mahsulotlarini boykot qilishga chaqirmoqda. Zavod faoliyatini davom ettirishga qaratilgan kampaniya boshlangan.

Toyota qarori hududdagi boshqa bizneslarga ham ta’sir qilishi aniq. Hisoblarga ko’ra, zavodni ehtiyot qismlar bilan ta’minlovchi yana 40 ming kishi ishidan ayriladi.

Atrofdagi do’kon va magazinlar, maishiy xizmat sektori ham ishini qisqartirishga majbur. Chunki mahsulotga talab avvalgidek bo’lmaydi.

Rasmiylar allaqachon muqobil loyihalar ustida ish boshlagan. Fremont hokimi Bob Vassermanning aytishicha, quyosh nuridan toza energiya olishga ixtisoslashgan kompaniya bilan muzokara boshlangan.

“Zavod yopilsa o’rni bo’sh qolmaydi, albatta. Bu yashil kompaniya aholi uchun uch ming ish o’rni yaratadi. Umidimiz - Toyota xizmatchilarini qayta tayyorlab, ana shu ishlarga joylashtirish”, - deydi hokim.

Mazkur reja qanchalik amalga oshadi, buni oldindan aytish qiyin. Yaponiyaning Toyota korporatsiyasi esa korxonani yopish qarorida qat’iy ekanini qayd etmoqda.

XS
SM
MD
LG