Amerikalik yozuvchi yangi kitobida O'zbekistondan gap ochadi


Amerika kitobxonlari orasida yuqori baholanayotgan yangi asarlardan biri “Shaydo” (The Possessed) deb atalib, unda muallif, turk muhojir oilasidan chiqqan yozuvchi Elif Batuman o’zining eng sara badiiy-falsafiy mazmundagi esselarini jamlagan.

Elif Batuman ularda e’tiborni rus adabiyoti va uning shaydolariga qaratadi. Lev Tolstoy va Fyodor Dostoyevskiyga daho deb qarab, ularning murakkab va uzundan uzoq asarlari aynan kimning orasidan o’z sodiq muxlislarini topgan degan savolga javob izlaydi.

Qidiruv uni nogahon O’zbekistonga, Samarqandga yetaklaydi.

Elif Batuman AQShda tug’ilgan. Nyu-York va Nyu- Jersi shtatlarida katta bo’lgan. Ota-onasi 1970-yillarda Turkiyadan tibbiyot talabalari sifatida kelgan.

32 yoshli adiba AQShdagi nufuzli oliygohlardan biri - Stanford Universitetida adabiyotdan dars beradi.

Shaydo” - uning birinchi kitobi, ammo ilmiy asarlari, badiiy ijod namunalari bugungacha bir necha nashrlarda chop etilgan.

Kitob o’qishni sevadigan odamlar, deya mulohaza yuritadi u, odatda ikki dunyoda yashaydi – real va xayolot. Shunday adiblar borki, ular insonlarni tamoman sehrlab qo’yadi. Siz bugundan uzoqlashmagan holda o’tmishni ardoqlab yashaysiz.

Elif Batuman jahon adabiyoti to’ridan o’rin olgan Tolstoyning “Urush va Tinchlik” yoki Dostoyevskiyning “Tentak” nomli asarlarini o’qiydigan insonlar bilan bog’liq kechinmalarini tasvirlab beradi. Lekin bu shaxslarni tavsiflashga shoshmaydi. Maqsad bu emas, balki bu shaydolarning turmushi bilan yaqindan tanishish.

“Kitobim - uzoq yillik to’planma”,- deydi u.

Elif Batuman rus tili va adabiyotini o’rgangan.

“Kelib chiqishim turk bo’lgani uchun turkiy elatlarning madaniyati bilan ham juda qiziqaman, ayniqsa Rossiya soyasida yashagan qardosh xalqlar hayoti men uchun ochilmagan bir dunyo edi”,- deydi u.

Ana shu qiziqish uni 2002 yilda Markaziy Osiyo yuragi - O’zbekistonga olib boradi. Ikki yarim oy Samarqandda yashab, mahalliy ziyoli qo’li ostida o’zbek tili va adabiyotidan saboq oladi.

“O’zbeklar biz turklarga o’xshaydi deb o’ylar edim”,- deydi u. “Lekin ularning bizdan ancha farqi borligiga guvoh bo’ldim. Ildizimiz balki bir joyga borib taqalar, ammo yondashuv biroz o’zgacha, ayniqsa ziyolilar orasida”.

Rus adabiyoti shaydolari O’zbekistonda asosan Sovet davrida esini tanib, ilm olgan insonlar. Bu avlod, deydi adiba, o’sha bilimga sodiq va bu bilan faxrlanib yashaydi.

“Menga Samarqandda til va adabiyotdan dars bergan o’qituvchi ana shu avlodning yorqin vakili edi”,- deydi Elif Batuman.

Bu avlod masalan “Anna Karenina”ni 12 yoshida o’qigan bo’lishi mumkin. “Men bu yoshda bolalar adabiyotini o’qirdim xolos”,- deya eslaydi yozuvchi.

Uning nazarida o’zbek kitobxonlarining ko’pi Aleksandr Pushkin va Alisher Navoiyni birdek zavqlanib o’qiydi. Adabiyotga tarbiyaviy ahamiyatga ega kuchli bir vosita deb qaraydi.

Kitobni varaqlar ekansiz, ko’z oldingizda O’zbekistondagi kundalik hayot namoyon bo’ladi. Oddiy o’zbek oilasida ayol kim, erkak kim? Farzandlar qanday tarbiya oladi, yosh va keksaga munosabat. Osh-ovqat kimning bo’ynida, pul topish-chi? Ichib kelib xotinini so’kayotgan erkaklar, gapini tushuntirishga qiynalib xunobi chiqayotgan ziyolilar…

Elif Batuman odamlar orasidagi munosabatlarni yaqindan kuzatadi, xususan so’rashish madaniyatini: uzoq cho’ziladigan salom-alik, javobsiz savollar. Uning yozganlari ayrim o’zbekistonliklarga ma’qul tushmasligi mumkin.

“Bilaman buni”,- deydi Elif Batuman, “lekin mening xorijlik ekanimni unutmang”.

“Agar biror narsani xato talqin qilgan bo’lsam, o’zbekistonliklar meni kechiradi degan umiddaman”, - deydi Elif Batuman.

Kitob faqat ingliz tilida chiqqan va uni uni hozircha G’arb ommasi o’qimoqda.

“Ijodim O’zbekistonda ham muxlislar topsa jon derdim”,- deydi u.

Odamlarni o’qiyotgan narsasiga qarab bahola deyishadi. Elif Batuman o’z izlanishi natijalariga asoslangan holda bunday fikrdan yiroq.

Lekin u adabiyot odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishiga ishonadi. Qancha o’qisak, mutolaa qilsak, shuncha kam. Adabiyot shaxsni shakllantirish qudratiga ega. Bir kitobni o’qib hayoti tubdan o’zgarib ketgan insonlar qancha.

Elif Batuman bu fikrlari bilan o'z kitobidagi qahramonlarga o’xshab ketadi. Ikki dunyo oralig’idan panoh topgan insonlar. Biri boshqasini to’ldiradi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG