Faollar: AQSh-O'zbekiston muloqotida huquq chetda qolmasin


AQSh Davlat departamentining inson huquqlari bo’yicha yillik hisobotida O’zbekistondagi vaziyat o’ta og’ir deya e’tirof etiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, O’zbekiston hukumati o’z vakolatlarini suiste’mol qilishda davom etmoqda. Shunga qaramay, deydi mahalliy faollar, AQSh-O’zbekiston aloqalarida inson huquqlari mavzusi e’tibordan chetda qolmoqda.

AQSh Davlat departamenti har yili huquq ahvoli dunyo bo’ylab qandayligi haqida hisobot chiqaradi.

Vashington nazarida O’zbekistonda avtoritar rejim hukmron. Fuqarolarning siyosiy huquqlari va diniy erkinlik cheklangan. Hukumat fuqarolik jamiyati ustidan nazoratni kuchaytirgan. Bolalar majburiy mehnatga jalb etiladi.

AQSh-O’zbekiston aloqalari so’nggi yillarda ancha qalinlashgan, biroq bu munosabatlarni mamlakatda fuqarolik jamiyati shakllanishiga qanchalik ta’sir ko’rsatishi noma’lum.

“Vaziyat o’girlashib bormoqda, yopiq sudlar o’tishi normaga aylandi. Ogohlantirish, qo’rqitishlar, bular hammasi faolroq odamlarni siquvda ushlash uchun qilinmoqda”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

“AQShdan qanday siyosatchi, diplomat kelmasin muzokaralarda doim inson huquqlari masalasi birinchi o’rinda deb keladi. Iqtisodiy, siyosiy aloqalar qanday ekanidan qat’iy nazar, nazarimda bu masala ular uchun muhim. Lekin bizning hukumat bunga qanday yondashadi, bu boshqa masala”, - deya mulohaza yuritadi jamoatchi faol Abdulqosim Mamarasulov.

AQSh-O’zbekiston muloqotida siyosiy-iqtisodiy aloqalar, xavfsizlik va Afg’oniston bo’yicha hamkorlik qatorida fuqarolik jamiyatini shakllantirish mavzusi ham muhokamada ekani ma’lum. AQSh rasmiylarining aytishicha muzokaralarda inson huquqlari bilan bog’liq barcha muammolar tilga olinadi.

Huquq himoyachilari Amerika konkret tavsiyalar bilan chiqishi kerak deb hisoblaydi.

“O’zbekistonda inson huquqlarini toptalayotgani hech kimga sir emas. Ular tiklanishi uchun aniq harakatlar qilinsa, bu O’zbekiston fuqarolari uchun bir yangilik, imkoniyat bo’lardi. Bundan tashqari muxolif partiyalar, jamoat tashkilotlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish zarur”, - deydi faollardan biri Abdulla Tojiboy o’g’li.

XS
SM
MD
LG