Tojikiston: Afg'on zaminida tinchlikka erishish mumkinmi?


Afg’onistonda janglar davom etar ekan, qo'shni Tojikistonda jamoatchilik bu urush va u bilan bog'liq mashmashadan to'yganini aytmoqda. Fikr va mulohazalar serob.

Mutaxassislar nazarida iqtisodiy qashshoqlik sabab yoshlarning aksariyati islomiy oqimlarga qo’shilib ketmoqda.
Tojik siyosatshunosi Do’stmuhammad Do’stning fikricha, Markaziy Osiyo va Shimoliy Kavkazdagi ayrim jangarilarning tojik-afg’on chegarasidan o’tish ehtimoli yo’q emas. Uning tahlilicha, siyosiy vaziyatni tang holatda ushlab turish uchun ba’zi mamlakatlar toliblarning Tojikistonga o’tib olishiga yo’l qo’yishlari mumkin.

O’zbek ziyolisi Ilhom Qo’shoqov esa shuncha qudratli bilan Sovet armiyasi ham afg’onlarga bas kela olmagan, G'arb u yerdagi sharoitni to'g'ri baholamayapti deydi.

"Hozir Yevropa va Amerika Afg’onistonni o’zlari xohlagancha tasvirlab, ma’lumotlar berishyapti. Lekin bu barcha ma’lumotlar bu xuddi bir ertakka o’xshagandek. Lekin buni o’zlari biladi. Baribir matbuotda tashviqot boshqacha",- deydi Qo’shoqov.

Tojikistonda ziyolilar fikri rus matbuotida bildiriladigan mulohazalarga juda yaqin.

"Buning sababi hammaga ma’lum: bu yerdagi barcha mutaxassislar - Sovet davrining mahsuli. Ularning hammasi Sovet ittifoqi davrida o’qigan va ishlagan. Tojikistondagi barcha siyosatshunoslar va tahlilchilar rus uslubida fikrlashadi, ularday tahlil qilishadi. Chunki ularning ta’siri bu yerda haligacha juda kuchli",- deydi Tojikiston islom uyg’onish partiyasi Spitamen nohiya raisi Sayfiddin Tojiboyev.

AQShning Afg'oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Richard Xolbrukning mintaqaga safari Tojikistonda yoritilar ekan, mustaqil “Faraj” gazetasi masalan bu diplomat aslida Eron masalasini muhokama qilish uchun keldi degan fikrlar tarqatdi.

Afg’onistonda harbiy harakatlar kuchaygan sari bu urush tojik chegarasiga yaqinlashayotdek.

"Tojikiston hukumati qo’shni Afg’onistondagi partizanlik harakatining kengatib borishini jiddiy e’tiborga olishlari zarur. Shuningdek, keyingi vaqtlarda Tojikistonga chegaradosh afg’on viloyatlarida jang harakatlarining kengayganligiga diqqat qilish kerak",- deydi tojik olimi Rashib Abdullo G’ani.

Mavzuga qiziquvchi yosh o’qituvchi Inomjon Toshmatovning fikricha:

"AQSh, xususan G’arb harbiylari u Afg'onistonda to’laqonli urush olib bormoqda. Nazarimda bu mamlakatda tinchlik o’rnatilishi AQSh ma’muriyatiga bog’liq bo’lib qoldi. Chunki, dunyoning bu qudratli davlati Afg’onistonga juda katta miqdorda pul sarflamoqda. Lekin gap faqat pul yoki jang olib borishda emas. Biz afg’onlar bilan urushib ko’rdik. Ularga o’zlarinikidan boshqa aqidani singdirish juda qiyin",-deydi Inomjon.

Yana bir o'qituvchi Amirsho Husniddinov afg’on muammosini mintaqa davlatlari xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda bilan hamkorlikda yechish kerak deb biladi.

"Mintaqa bu masalani o’zi hal etishi mumkin. Bular – Afg’onistonda o’z manfaatlari inobatga olinishini istagan Pokiston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekiston, Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqidir",- deydi u.

Inomjon Toshmatov esa Afg’onistonda G’arb demokratiyasi o’rnatilishini yoqlamaydi.

Uning fikricha ajratilayotgan “katta miqdordagi pul albatta o’z kuchini ko’rsatadi. Lekin bu pullar vaziyatni yanada chigallashtirishi, o'zaro nifoqni oshirishi mumkin.

Islom partiyasi faoli Sayfiddin Tojiboyev G’arb afg'on zaminini tezroq tark etishi kerak deydi.

"Bu ish qancha tez amal olsa shuncha yaxshi. Chunki o’rtadagi muloqotlar qancha cho’zilsa, Amerika uchun o'z maqsadiga erishish shuncha qiyinlashadi. Buning ustiga samarasiz muloqotlar regionda toliblarga moyil tashkilotlar ko’payishiga sabab bo’laveradi. Bu esa o’z navbatida regiondagi ekstremistik oqimlarning kuchayishiga olib keladi",- deydi u.

Ziyoli Ilhom Qo’shoqov afg'onlar Tojikistonda fuqaro urushiga qanday nuqta qo'yilganidan saboq olsa bo'lardi deydi.

"Nima bo’lganda ham Tojikistonda buni o'z boshimizdan kechirdik. Urushlar bo’ldi, lekin xalqni tushunib yetib, baribir bir qarorga kelindi. Afg’onistonda ham boshqaruvchilar xalqni o'ylab, bir kelishuvga kelsa, bu davlat ham insholloh rivojlanib ketadi degan umiddamiz",- deydi u.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG