Xillari Klinton: Ayollar manfaati birinchi o'rinda turishi kerak




Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotida so’zlar ekan, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ayollar manfaatlarini ko’zlash, hayotini yaxshilash dunyo tinchligi va barqarorligi uchun xizmat qiladi degan edi.

Xotin-qizlar mavqei past jamiyatda davlat xavfsizligi haqida gapirish qiyin, deydi Xillari Klinton. Shu tariqa bu arbob AQSh tashqi siyosatida burilish yasamoqda.

Xillari Klinton fikricha oxirgi 15 yil ayollar uchun samarali davr bo’ldi. Ularning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy roli oshdi. Pekinda 1995 yilda so’zlaganida Klinton xonim xotin-qizlarni birdamlikka chaqirgan edi.

Bu safar ham, BMT minbaridan turib shunday dedi:

“Haqiqat shuki dunyo bo’ylab yo’qsillikda yashayotgan, zaif, savodsiz va ishsiz insonlarning aksariyati hamon xotin-qizlar. Ayollar hanuz soyada yashaydi, xuddi ular to’laqonli inson emasdek. Ular erkaklardan past pog’onaga qo’yiladi. Bu adolatsizlik. Ayol - mustaqil inson. Ular teng huquqli fuqarolar axir”.

Ayollar saylovlarda faol qatnashib, siyosiy vakolatlarga ega bo’lgan jamiyatlar tezroq rivojlanadi. Bu yer yuzi bo’ylab qayta-qayta isbotlangan holat. Xotin –qizlar tadbirkorlik va ishbilarmonlik qilib, iqtisodiyotning ustuniga aylanadi. Ta’lim va sog’liqni saqlash sohalari talabga javob bermasa, hech bir mamlakat oldinga siljimaydi. Huquq – oliy talab.

“Insoniyat taraqqiyoti - ayollar taraqqiyoti degani. Ularni ajratib bo’lmaydi. Har bir hukumat buni tushunib yetishi shart”,- deydi Klinton.

AQSh bosh diplomati nazarida ayollarni ezgan tuzumlar nafaqat o’ziga balki global tinchlikka raxna soladi. Beqaror davlatlarda xotin-qizlar ahvoli xarob ekaniga quvohmiz.

Boy davlatlar, xususan Qo’shma Shtatlar ayollar ravnaqi uchun ko’proq mablag’ ajratishi, xalqaro dasturlarni ko’paytirishi, ular uchun sarmoyani oshirishi zarur, deydi davlat kotibasi. O’zaro aloqalarda shunga diqqat qaratish kerak.

BMTning ayollar maqomi bo’yicha maxsus komissiyasi jamoatchilik e’tiborini onalar salomatligi, qizlar manfaati va kelajagi, ular uchun ma’rifiy va iqtisodiy imkoniyatlar yaratish singari nozik masalalarga qaratib keladi. AQSh bu borada tashkilotni siyosiy va moliyaviy jihatdan qo’llashda davom etadi, deydi Xillari Klinton, BMTning har bir a’zosi tenglikni ta’minlashi kerak.

XS
SM
MD
LG