Qirg'iz oqsoqollari Amerika ketsin deydi, keng omma qanday fikrda?


Qirg’iziston oqsoqollar kengashi kecha Bishkekda o’tkazgan matbuot anjumanida, “Manas” aeroportidagi AQSh tranzit markazi yopilishini talab qilgan.

Kengash a’zolarining aytishicha, poytaxt yaqinida o’rnashib olgan xorij qo’shini milliy manfaatlarga tahdid solishi mumkin.

Omurbek Umetaliyev fikricha bir hududda ikki yirik davlat harbiy bazalari joy olishi maqsadga muvofiq emas.

“Agar Rossiyaning harbiy bazasi Qirg’iziston uchun tarixiy ma’noda asoslangan bo’lsa, AQSh va NATO bazalari o’lka uchun xavf tugdiradi”, - deydi u.

Janubiy Qirg’izistonda ham ushbu fikr tarafdorlari yo’q emas. Ular AQSh aviatsiyasi zarbasidan Afg'onistonda tinch musulmon birodarlar ham jabr tortmoqda va samolyotlar parvozidan atrof-muhit ifloslanmoqda deya tashvish bildiradi.

“Men o’zim shaxsan Amerikaning bazasini Qirg’izistonda turishiga qarshiman. Chunki ular tomonidan ko’p noma’qulchiliklar bo’ldi. Afg'onistonda esa Amerika barqarorlik o’rnata olmaydi. Har bir xalq bu narsani o'zi yechishi kerak. Kimdir tashqaridan kelib hech qachon yecha olmaydi”, - deydi Azizillo ismli muhandis.

“Biz kichkina mamlakat butun boshli Amerika bazasini o’zimizga keltirib, o’zimizning yerimizni isrof qilgandan, tabiatimizni ifloslagandan ko’ra, qirg’iz xalqiga, oddiy odamlarga foydasi tegmasa, chiqib ketgani ma’qul”, - deydi o’shlik faxriy Saltanat opa.

Lekin bazaning mamlakat va mintaqa uchun foydali tomonlari bor deb chiqayotganlar ham ko'p.

“Bishkekda Amerikaning aviabazasi tomonidan bizning iqtisodiyotimizga har yili ijara haqi to’lanadi. Ikkinchisi mintaqadagi xavfsizlikni ta’minlashda, terrorchilarga qarshi olib borilayotgan ishlarda bazaning foydasi bor deb oylayman”, - deydi muallim Joldoshbay Egamberdiyev.

Aksar suhbatdoshlar masalaning moddiy va geosiyosiy tomonlarini urg'ulaydi. Aytish joizki, so’ngi kelishuvga ko’ra, Vashington ijara haqini keskin ko’targan. Shuningdek, qo’shimcha yordam ham ko’zda tutilgan.

Mahalliy mutaxassislarning aksari Qirg’izistonda Amerika bazasining bo’lishi mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi deb hisoblaydi.

“Afg'onistondagi vaziyat barqaror topdi, shu sababli bazaga ehtiyoj yo’q degan so’zlarga men qo’shila olmayman. Hozir Afg'onistonda tinchlik o’rnatildi deyishga erta. Bu yetmaganday Pokiston shimolidagi vaziyat keskinlashmoqda. Bu ko’rinishlarni hisobdan qanday chiqarib qo’yishimiz mumkin”? - deydi O’sh Davlat Universiteti professori, siyosatshunos Arap Anarbayev.

Mahalliy mutaxassislar fikricha, Qirg’iziston bir tomonlama emas, balki turli yo’nalishli siyosat olib borgani ma’qul. Suhbatdoshlarga ko’ra, aynan bu kabi siyosat o’lkaga o’ziga xos iqtisodiy, siyosiy kenglik beradi.

Qirg’izistonda Amerika bazasini yopish borasida tashabbuslar vaqti-vaqti bilan ko’tarilib turadi. Kuzatuvchilar nazarida ushbu chiqishlar mamlakatdagi ayrim siyosiy kuchlar mahsuli bo’lib, siyosiy oyinlardan dalolat beradi. Ba’zi bir tahlilchilar shov-shuvlar rasmiy Bishkekga ham ayrim ma’noda, masalan, ijara narxini ko’tarish talablarida qo’l kelganini eslaydi.

Qator kuzatuvchilar hozirda AQShning Qirg’izistondagi bazasiga qarshi turli tomondan, jumladan, ayrim sharq mamlaktlari tarafidan jiddiy tashviqot ishlari ketayotganiga ham e’tibor beradi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG