AQSh Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga vositachilik qila oladimi?




Qo'shma Shtatlar uzoq vaqtdan beri Isroil va arablar o'rtasida ko'prik bo'lishga harakat qilmoqda. Barak Obama ham prezidenlikka kelgach, Yaqin Sharq mojarosiga yechim topishni tashqi siyosatidagi ustuvor vazifalardan biri etib belgilagan.

Barak Obama prezident etib saylangach, AQShning mintaqadagi diplomatik faolligi oshdi. Tajribali diplomat Jorj Mitchell mintaqa bo'ylab maxsus vakil etib tayinlandi. Joriy oy o'rtalarida vitse-prezident Jo Bayden avval Isroil, so'ng Falastinga bordi.

"Isroil xavfsizligiga kelganda, AQShning bu davlat bilan hamkorligi hamma narsadan ustun", - degan Bayden yahudiy davlatiga tashrifi chog'ida.

Falastinda esa Bayden "Qo'shma Shtatlar tinchlik yo'lida fidoiylik qilganlarni hamisha qo'llab-quvvatlaydi" dedi.

Isroil AQShning bosib olingan yerlarda uy qurmaslik da'vatini inkor etibgina qolmay, bu boradagi rejasini Jo Baydenning Isroilga tashrifi chog'ida e'lon qilgani AQShda chuqur norozilik uyg'otgan.

"Muzokaralar samarali o'tishi uchun zarur bo'lgan ishonchga putur yetdi. Prezident Obama va men bu rejani qoralaymiz", - deydi Bayden.

"Amerika Ovozi" Quddusda yashovchi yahudiylar va arablardan Amerikaning vositachilik roliga munosabati bilan qiziqdi.

Abu Umar ismli yigitning aytishicha, Amerika qo'lidan hech narsa kelmasligini ancha yil oldin isbotlab bo'lgan.

"AQShning Isroildan boshqa davlatlar xavfsizligi bilan ishi yo'q", - deydi u.

Quddusning yahudiylar mahallasida yashovchi Texila Bar-Sheshetning aytishicha esa, agar Obama Isroilga qarshi chiqishlarning oldini ololsa, Isroilning hurmati oshib, tinchlikni o'rnatish ehtimoli kuchayadi.

Kongressda ham bu borada munozara qizg'in kechmoqda.

Demokratlar partiyasi a'zosi, Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri Amerika mintaqada samarali va jonli ravishda vositachilik qila olishiga ishonadi.

Sobiq AQSh elchisi Daniel Kurtzer nazarida, bu oson bo'lmaydi. Misr va Isroilda elchilik qilgan Kurtzerning aytishicha, Obama ma'muriyati sustkashlik qilmoqda.

"Yaqin Sharq tinchlik jarayonida diplomatik harakatlarimizga dadillik, ijodiy yondashish, kuch-qudrat yetmayapti", - deydi u.

Boshqalar nazarida mintaqada vaziyatning murakkablashgani bunga halaqit bermoqda.

Bill Klinton prezidentligi davrida Oq uyda faoliyat yuritgan Robert Mellining aytishicha, tinchlik muzokaralari tarixida hozirgidan qiyinroq, chigal va qarama-qarshi vaziyat bo'lmagan.

Mintaqa barqarorligi Qo'shma Shtatlar uchun shu qadar muhimki, Obama ma'muriyati tinchlik jarayonidan voz kecha olmaydi, deya fikr bildiradi ba'zi tahlilchilar.

Ziyod Asaliy AQShda falastinliklar manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot vakili.

"Qo'shma Shtatlar barcha tomonlarni muzokara va kelishuvga yetaklay oladigan o'ta muhim hamkordir", - deydi u.

So'nggi yillarda AQShning vositachilik harakatlari sermahsul bo'lgan. 1978 yili Misr va Isroil o'rtasida "Kemp Deyvid" bitimi imzolangan. 1993 yili esa Isroil va Falastin rahbarlari Oq uyda qo'l berib so'rashgan. Hozir ham muvaffaqiyatga erishish uchun to'xtab qolgan muzokaralarni jonlantirish kerak.

XS
SM
MD
LG