Breaking News

AQSh va Rossiya: Strategik qurollar bitimi deyarli tayyor


Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton Moskvaga safari chog’ida strategik hujumkor qurollar⇒ bitimini muhokama qilgan.

Ikki davlat arsenalini kamaytirishni nazarda tutuvchi hujjat kelasi oy boshida tayyor bo’lishi mumkin.

1991 yilda imzolangan START bitimi eskirgach, AQSh va Rossiya yangi hujjat ustida ishlay boshlagan. AQSh va Rossiya yadroviy qurollari sonini jami 1500-1675 donaga kamaytirmoqchi. Hozirda bu arsenal taxminan 5 ming dona atrofida ekani aytiladi.

Moskvaga borgan Xillari Klinton masala yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va prezident Dmitriy Medvedev⇒ bilan gaplashadi. Uning aytishicha, bitim deyarli tayyor, faqat texnik jihatlar qolgan.

Prezident Barak Obama Rossiya bilan aloqalarda yangi sahifa ochishga, tarixiy adovatni tugatishga, yadro qurolidan xoli dunyo yaratishga da’vat etib kelmoqda. Ammo AQShning Yevropada rejalagan yangi mudofaa tizimi⇒ muzokara tog’anoq bo’lmoqda. Vashington tizimni Eron hujumidan himoya vositasi desa, Rossiya uni o’ziga tahdid deb biladi.

"AQSh va Rossiya", deydi Xillari Klinton, "yadro qurollarini tarqatmaslik borasida boshqalarga ibrat bo'la oladi. Xavfli material va texnologiyalar ustidan nazoratni kuchaytirish va yadroviy terrorizm tahdidini bartaraf etishda hamkorlikni oshiramiz".

Klinton safari chog’ida Eron yadro dasturi⇒ va sanksiya xususida ham to’xtaldi. Ham Rossiya, ham Amerika rasmiylari Eronning bu dasturdan tinch maqsadda foydalanish huquini e'tirof etib keladi. Rasmiy Tehron, deydi ular, qurol yaratish niyati yo'qligini isbotlashi kerak.

Rossiya rahbariyati pozitsiyasi shuki, Tehron murosaga ko’nmasa, uranni boyitish dasturini bas qilmasa, unga qarshi yangi sanksiya qo’llash kerak bo’ladi.

Bu orada Bosh vazir Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya ko'magida Eronda bunyod etilayotgan Busher⇒ atom reaktori shu yil o'rtalarida foydalanishga topshiriladi. Rossiyaning "Atomstroyeksport" kompaniyasi 1995 yildan beri bu inshoot qurilishiga bosh-qosh. Jarayon bir necha bor kechiktirilgan.

Vashington nazarida esa Eron yadro dasturi atrofidagi ziddiyatlar hal bo'lmasdan turib, inshootni ishga tushirishga erta.

Kremlning aytishicha, zavoddan harbiy maqsadlarda foydalanish taqiqlangan. Inshoot BMT Atom agentligi nazoratida bo'lib, unda ishlangan yonilg'i qoldiqlari Rossiyaga qaytariladi.

Amerika bosh diplomati Rossiyaga Afg'oniston borasida berayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan. Tranzit bitimi imzolangan davr ichida Rossiya hududi orqali Afg'onistonga 15 ming zobit va tonnalab yuk olib o'tilgan.

XS
SM
MD
LG