Falastin davlatini barpo etish uchun ikki yil muhlat


Yaqin Sharq to’rtligi Isroildan barcha qurilish ishlarini bas qilib, Falastin bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga da’vat etmoqda. AQSh, BMT, Rossiya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Moskvada uchrashgan.

To’rtlik bayonotida aytilishicha, Sharqiy Quddus - 1967 yilda bosib olingan yerlar Isroil hududi deb tan olinmagan va u yerda bunyodkorlik loyihalari bekor qilinishi kerak.

Kvartet bayonotini BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun o’qib eshittirdi. Yaqin Sharq to’rtligi davlatlari Isroildan Sharqiy Quddusda 2001 yildan so’ng barpo etilgan nazorat-tekshiruv punktlarini olib tashlashni va falastinliklar uylarini buzmaslikni so’raydi.

Falastin ma’muriyati talabni olqishlab, vositachi davlatlarni Isroilning keyingi qadamlarini kuzatib borishga da’vat etmoqda. Isroil javobi shuki, majburan va sun’iy muhlat qo’yib tinchlikka erishish mumkin emas.

Isroil va Falastin, deyiladi bayonotda, muzokaralarni zudlik bilan boshlashi va 2 yil ichida yakuniy bitim imzolashga harakat qilishi kerak.

Moskvadagi uchrashuv AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, Yevropaning tashqi aloqalar uchun mas’ul rasmiysi Ketrin Eshton, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Yaqin Sharq tinchligi elchisi Toni Bleyer ishtirokida o’tgan.

Isroilning Sharqiy Quddusda yangi qurilish boshlash qarori muhokamadagi bosh masala. Tanqidlarga qaramasdan Isroil bu rejadan qaytmasligini aytib kelmoqda.

Reja AQSh vitse-prezidenti Jo Baydenning Isroilga safari chog’ida e’lon qilingani Vashingtonda “haqorat” deb qabul qilingan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bu boradagi ziddiyatlarni tinchitish maqsadida Amerika tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton bilan telefonda bir necha bor muloqot qilgan. Netanyaxuning Vashingtonga safari kutilmoqda.

Isroil prezidenti Shimon Peresning ta’kidlashicha, Sharqiy Quddusdagi yahudiy aholi punktlari Isroil davlatining bir qismi. “Bu yerda so’nggi 40 yildan beri qurilish ishlari ketmoqda va uni to’xtatish niyatimiz yo’q”, - deydi Peres.

Falastinliklar bu hududlarni bo’lajak davlatining poytaxti deb ko’radi.

Bu orada, Isroil janubida raketa hujumidan bir kishi halok bo’lgan. Hujumni Al-Qoidaga aloqadir Ansar al-Sunna guruhi o’z zimmasiga olmoqda. Isroil armiyasi bunga javoban G’azo sektorini o’qqa tutgan, bir kishi jarohatlangan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG