Tahlilchilar: Isroil-Falastin nizosini cho'zishdan manfaatdorlar ko'p


Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatish bo'yicha xalqaro to’rtlik Moskvada uchrashib, Isroilning sharqiy Quddusda yahudiylar uchun uylar qurish rejasini qoralagan.

AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT vakillaridan iborat bu guruh Falastin davlati barpo etish uchun 24 oy muhlat bermoqda.

To'rtlik xulosasiga ko’ra, Quddus shahri maqomi muzokara yo'li bilan yechilishi, Falastin davlatini yaratishda dunyo hamjamiyati yordam berishi kerak.



O’zbekistonlik tahlilchilar fikricha, to'rtlik Yaqin Sharq bo'yicha qabul qilgan bayonot umid uyg'otadi.

“Yaqin Sharqdagi vaziyatga bevosita ta’sir ko'rsata oluvchi kuchlar bir to’xtamga kelmoqda. Oldingidan farqli, Rossiyaning pozitsiyasi boshqa, AQShniki boshqa emas. Endi hammasi Falastin va Isroilning javobiga bog'liq”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.

Siyosiy faol Abdulla Tojiboy o'g'lining aytishicha, to'rtlik bayonotidan natija bo'lishi gumon, chunki xalqaro hamjamiyatning Isroilga ta'siri cheklangan.

“AQShda Isroil pozitsiyasini qo'llab-quvvatlovchi kuchlar bor. Ular Isroil manfaatlarini himoya qilib, boshqa fikrni tinglashni xohlamay, ham kar, ham ko’r bo’lib olgan. To'g'ri fikrni aytish tobora o’g’irlshib borayapti”, - deydi u.

Yaqin Sharqda hozir vaziyat yanada keskinlashmoqda. Xamas Isroilni raketa bilan nishonga olgan, Isroil esa G'azo sektorini o’qqa tutgan. Bu orada yahudiy davlati Sharqiy Quddusda qurilish ishlariga zo’r berib, AQShning vositachilik harakatlariga zarba bergan.

Prezident Barak Obama Yaqin Sharq tinchligi, islom dunyosi bilan aloqalarni tashqi siyosatning ustuvor yo’nalishlaridan deb hisoblaydi. Biroq bu sa’y-harakatlar Isroilning yahudiy posyolkalari qurish qaroridan so'ng boshi berk ko’chaga kirib qolgan. AQSh Isroil xatti-harakatidan norozi, ammo vaziyatni yumshatishga intilmoqda.

“Obama “Isroil bizning ittifoqchimiz” qabilida gap qildi. To'g'risi hayron bo'ldim, AQSh vakili borgan kun Isroil qurilishlarni boshlash haqida qaror chiqardi. Bu bilan AQShni mensimadi. Yahudiy davlati Amerika va arab davlatlarini bir-biriga gij-gijlatyapti degan fikr ham yo'q emas”,- deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Farhod Tolipov so’zlariga ko'ra, muammo yechimi faqat AQSh pozitsiyasiga bog'liq emas.

“Xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh qat'iy so’zlar aytishi mumkin, lekin yechim baribir Falastin va Isroilga qolgan. Shu joyga kelganda urushni davom ettirish, mojaroni cho'zishdan manfaatdor tomonlar juda ko'pligi bilinadi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG