Breaking News

Turk-arman mojarosi yuzasidan bahslar davom etmoqda


Shu oy AQSh Kongressi Vakillar Palatasi qoshidagi qo’mita “Usmoniylar imperiyasi Birinchi Jahon urushi davrida armanlarni qatliom qilgan va bu genotsiddir” degan rezolyutsiya qabul qilgan edi.

Oq uy qarshiligiga qaramay, hujjat 22 ga 23 ovoz bilan ma’qullangan. Armaniston hukumati “genotsid” terminiga asoslangan qarorni olqishlasa, rasmiy Anqara bunday tashabbuslar davlatlar-aro aloqalarga dog’ tushirishini ta’kidlab kelmoqda. Tarixshunoslar bu masalada qanday fikrda?

AQSh Vakillar Palatasining Tashqi ishlar qo’mitasi “usmoniylar armanlarni ommaviy qirgan” mazmunidagi loyihani 2007 yilda ham ko’rib chiqqan. Ammo o’shanda prezident Jorj Bush bosimi ostida keyinchalik muhokamadan chiqarilgan edi.

Prezident saylovlarida “genotsid” so’zini qo’llagan Barak Obama o’tgan yili Turkiyaga tashrifi chog’ida bu iborani ishlatmaslikni ma’qul topib, asosiy e’tiborni Turkiya-Armaniston aloqalarini yaxshilashga qaratish zarur, masala yechimi mana shu ikki davlat qo’lida, degan edi.

Qonunchilardan “genotsid” loyihasini bekor qilishni yoki unga qarshi ovoz berishni so’ragan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha, bunday tashabbuslar Turkiya-Armaniston imzolagan protokollar ratifikatsiyasiga g’ov bo’lishi aniq. Uning aytishicha, hujjat Vakillar Palatasining to’liq sessiyasida muhokama qilinishi kutilmayapti.

Ma’lumki, vaziyatdan norozi Turkiya Vashingtondagi elchisini chaqirib olgan. Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’an kelasi oy Vashingtonda rejalangan energetik summitda qatnashmasligi mumkin.

Tarixshunoslar Usmoniylar imperiyasi parchalanayotgan bir davrda mahalliy armanlar qatl etilganini tan olishsada, unga “genotsid” deb ta’rif berishga kelganda fikrlar tarqoq. Misol uchun Chikago Universiteti tadqiqotchisi Ronald Suny nazarida genotsid bo’lgani aniq.

“Genotsid termini 1940-yillar oxirida BMT konvensiyasida ma’qullangan qo’llanma asosida ta’riflanmoqda. Unga ko’ra, biron bir etnik jamoa, irq yoki bir dinga mansub xalqni ataylab yoppasiga qirish genotsid deb ko’riladi”, - deydi Ronald Sani.

“Birinchi Jahon urushi davrida nemislar bilan ittifoq tuzgan Usmoniylar, Kavkaz sarhadida ruslarga qarshi kurashayotganda, ular bilan til biriktirgan armanlarni mintaqadan siqib chiqargan, bu xalqni qirgan. Usmoniy turklarning bu ishi genotsid”, - deydi mutaxassis.

Massachussets Universiteti olimi Gunter Levi kasbdoshining fikriga qo’shilmaydi.

“BMT ma’qullagan hujjatlarga qo’shimcha moddalar bor. Men shaxsan voqeani genotsid deb ta’riflamagan bo’lardim. Etnik armanlarga bosim bo’lgani rost, ammo ataylab armanlarni qirish harakati emas bu”, - deydi bu mutaxassis.

Tahlilchilar o’sha davrda necha kishi qatliom qilingani borasida ham bir fikrda emas. Gunter Levi hisobicha qariyb 700 ming odam yo’q bo’lgan. Boshqa bir ekspert Roger Smit esa o’lganlar soni bundanda yuqori ekanini aytadi.

“1915 yilda o’sha mintaqada qariyb ikki million arman bo’lgan. Ularning kamida bir millioni, ehtimol bir-yarim millioni qirilgan. Hozir Turkiyada atigi 60 ming arman yashaydi”.

Genotsid Armaniston va Turkiya o’rtasida eng munozarali masala bo’lib qolmoqda. Anqara bilan Yerevan orasida bir muddat iliqlashib borgan munosabatlar qayta izga tushishi uchun avvalo o’tmishda ro’y bergan achchiq hodisalarga aniqlik kiritish kerak, deydi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG