Klinton: AQSh Isroilni quvvatlashda davom etadi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton “Davlatimiz Isroilni har tomonlama qo’llab-quvvatlashda davom etadi va aloqalar zamini mustahkam”,- deya qayd etmoqda.

Klinton xonim Amerika-Isroil aloqalari qo’mitasi, Vashingtondagi eng kuchli lobbichi tashkilot anjumanida so’zladi.

Isroil xavfsizligi Amerika xavfsizligi degani, Amerika farovonligi Isroil farovonligi bilan mushtarak, deydi Klinton.

Nima uchun?

“Chunki har ikki davlat erkinlik va demokratiya nima ekanini biladi va uning qadriga yetadi”,- deydi Xillari Klinton.

“Isroilni davlat sifatida tan olishdan maqsad yahudiy xalqining uzviy huquqini tan olish bo’lgan”, - deydi AQSh bosh diplomati.



Klinton yahudiy siyosatchilar va faollar oldida so’zlab, keyingi paytda ancha sovuqlashgan munosabatlarni iliqlashtirishga urindi.

Amerika Isroilning Quddusning sharqiy qismlarida o’z aholisi uchun turar-oy qurishda davom etayotganidan norozi. Oq Uy nazarida bu Falastin bilan til topishish jarayonini qiyinlashtirib, murosa yo’llarini yopmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham shu fikrda.

Pan Gi Mun Ramallohga safar qilib, bu qarorni qoralagan va Isroil yeri deb tan olinmagan hududda bunday o’zboshimcha harakat qilish xalqaro qonunlarga zid deb ta’kidlagan.

AQSh ham, BMT ham Falastin davlatiga asos solinib, arablar va yahudiylar yonma-yon kelishib yashashi kerak degan fikrni olg’a surib keladi.

“Men Isroil va Falastin xalqini murosaga chaqiraman”,-deydi Pan Gi Mun.

“Isroil 1967 yilda bosib olgan yerlarini Falastinga qaytarishi, Quddus taqdiri hal etilishi, qochqinlar vataniga qaytishi, chegaralar belgilanishi kerak. Bu mojaroga nuqta qo’yish vaqti yetdi”,- deydi Bosh kotib Pan Gi Mun.

Hozir Vashingtonda Isroil Bosh kotibi Benyamin Netanyaxu mehmon bo’lib turibdi. Bugun uning sharafiga vitse-prezident Jo Bayden rezidensiyasida ziyofat, ertaga esa Netanyaxu prezident Barak Obama bilan uchrashadi.

Netanyaxuning pozitsiyasi shuki, Isroil xuddi Tel-Avivda qurilish ishlari olib borayotgandek Quddusda ham shunday qilishga haqli. “U bizning yerimiz”,- deydi Isroil bosh vaziri. Lekin buni xalqaro hamjamiyat, hatto bu davlatni yaqindan quvvatlab kelayotgan AQSh ham tan olmaydi.

Tahlilchi Robert Satloff fikricha rasmiylar aloqalar mustahkam deya qanchalik bong urmasin, Isroil-AQSh orasidagi rishtalar ancha taranglashgan.

Tomonlar kelishib oladi degan ishonch bor, ammo Obama ma’muriyati Isroilning bugungi hukumati naqadar konservativ ekanidan norozi va buni ochiq bildirmoqda.

Bu esa qator xalqaro masalalarda, xususan Eron atom dasturi bilan bog’liq muammoni hal etishda pand berishi muqarrar.

“Amerika va Isroilning gapi bir joydan chiqmayotgani umumiy dushman – Eronga kuch-g’ayrat beradi”,- deydi senator Evan Bay. Uning fikricha, Isroil Vashington bilan hisoblashib ish yuritishi shart.

Bu masala bo’yicha maxsus vakil Jorj Mitchell Yaqin Sharqqa safar qilib vaziyatni yumshatishga urinmoqda .

“Amerika vositachilik qilishda davom etadi, ammo mojaro yechimi arab va yahudiylarning o’ziga bog’liq”,- deydi u.

XS
SM
MD
LG