O'zbek ziyolilari: Jangarilar Karzay bilan murosa qilmaydi


Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Kobulda qurolli muxolifat vakillari bilan muloqot boshlagan.

AQSh va xalqaro hamjamiyat buni qo’llab quvvatlamoqda.

Gulbiddin Hikmatyor boshchiligidagi Hizbu-Islom guruhi - G’arbga qarshi kurashib kelgan bir to’da.

Xalq orasida Karzay rahbariyatiga ishonch past ekan, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan o’zbek ziyolilari, bunday muloqotlar samara berishi qiyin.

Hizbu - Islom xalqaro kuchlarning mamlakatdan kelasi olti oy chiqib ketishini, Afg’onistonda prezident saylovlari qayta o’tkazilishni, mamlakat konstitusiyasiga o’zgartirishlar kiritishni talab qilmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, toliblar murosa qilmoqchi bo’lsa, Afg’onistonning amaldagi konstitutsiyasini tan olishi shart.

“Jangarilar maqsadi tinchlik ekanini isbotlab berishi kerak”, deydi Klinton.

O’zbekistonlik sharhlovchilar fikricha Kobulda o’tirgan markaziy hukumat juda zaif. G’arb ham ishni eplolmadi, deydi tarixchi olim Goga Hidoyatov.

“NATO o’z vazifasini bajara olmadi. Bu urush natija bermadi. Karzay o’zini saqlash uchun muloqot boshlayapti. Ular (jangarilar) hech qachon Karzay bilan muloqotga bormaydi. Karzay kichkina bir avlodning farzandi. Unda bor yog’i 50 ming odam bor. Qarshi tomonda esa 7 million odam. Siyosiy vaziyatga qarasangiz, bu bir nayrangga o’xshaydi. Karzay o’zini NATOga ko’rsatmoqchi bo’lib, “mulotga boraman” deyapti. Qarshi guruhlar esa Karzayning hech narsaga arzimasligini ko’rsatmoqchi. Muloqot uziladi, hech qanday natija bo’lmaydi”, - deydi professor Hidoyatov.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha esa jangarilar talabini markaziy hukumat tomonidan inobatga olinishi qiyin.

“Toliblar xalqaro qo’shinlar mamlakatda chiqarilmas ekan, muloqotga bormasliklarini ochiq bildirdi. Bundan tashqari Afg’onistonda ishsizlik borgan sari oshib bormoqda. Bu esa bu zaminda yaqin bir necha yil ichida barqarorlik bo’lmasligini aniq ko’rsatib turibdi”, -
deydi Soyibnazarov.

Afg’onistondagi vaziyat O’zbekiston uchun, ayniqsa xavfsizlik yuzasidan juda muhim.

Tolibon safida O’zbekistondan chiqqan jangarilar yuzlab sonni tashkil etishi ta’kidlanadi.

O’zbekiston Islomiy Harakati va u bilan aloqador to’dalar mintaqada islomiy davlat qurish niyatida ekanini aytib keladi.

O’zbekistonda inson huquqlari uchun kurashayotgan faollar nazarida hukumat repressiv siyosatni to’xtatmas ekan, radikal kayfiyat kuchayib boraveradi.

Oxirgi yillarda o’zbek jangarilari soni oshgani kuzatiladi.

Professor Goga Hidoyatov O’zbekiston yuqorida tilga olingan muloqotlarga betaraf bo’lishi kerak deydi.

“Albatta,O’zbekiston manfaatdor u yoqda tinchlik bo’lsa… Yaxshi munosabat,savdo-sotiq juda muhim. Afg’onistonda yuksak saviyali hukumat bo’lishidan biz manfaatdormiz. U betaraf - neytralligini e’lon qilishi kerak”, - deydi Goga Hidoyatov.

Biroq O’zbekiston Afg’onistonga jalb qilingan xalqaro koalitsiyaga qo’shilgan.

Afg’onistonga noharbiy yuklar yetkazishda AQSh bilan yaqin hamkorlikni yo’lga qo’ygan.

Prezident Islom Karimov 6+3 tashabbusi bilan chiqqan. Karimov Afg’onistonning olti qo’shnisi hamda AQSh, Rossiya va NATO ishtirokida siyosiy muloqot olib borishni taklif qilmoqda.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan bu tashabbus hozircha quvvatlanmagan. AQShning Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas'ul rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Afg’oniston kelajagi bu xalq va uning hukumati qo’lida.

"Biz Afg'oniston qo'shnilarining mintaqa xavfsizligi va barqarorligi yo'lida o'ynayotgan rolini yuqori baholaymiz”,- deydi ular, "ammo bu davlat istiqboli bilan bog’liq har qanday muzokara afg’on hukumati ishtirokida o’tishi shart deb hisoblaymiz",- deydi yuqori lavozimdagi rasmiylardan biri.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG