Pokiston AQShdan moliyaviy va yadroviy yordam so'ramoqda


Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Vashingtonda Pokiston-AQSh strategik muloqotini ochib berar ekan, yangi kun, yangi umidlar haqida gapirgan.

“Bahslashayapmiz, ammo kelishib ishlay olamiz”, dedi Klinton xavfsizlik va iqtisodiyot bobida hamkorlikka bag’ishlangan bu anjumanda.

Pokiston rahbariyati bugungi yig’inda yirik harbiy bitimlar imzolash umidida, ammo AQSh qurol-aslaha bobida katta va’dalar berishga shoshilmayapti.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, mudofaa arboblari bilan atroflicha suhbat qilib, unumli, salmoqli hujjatlar imzolash umidida.

Muloqot Strategik Dialog deya ta’riflanmoqda. Maqsad tub farqlar ustida ishlash, tafovutni hamkorlikka aylantirish, deydi Qurayshiy. Pokiston rahbariyati Oq Uyga o’z xohish-istaklari bitilgan 56 sahifalik hujjat yo’llagan.

Pokiston AQShdan zamonaviy hujumkor samolyotlar va katta moliyaviy yordam kutmoqda. Bundan tashqari Islomobod yadroviy hamkorlik to’g’risida bitimdan umidvor. AQSh va Hindiston atom dasturi bobida shartnoma imzolagan.

Pokiston ham shunday loyihani qo’lga kiritishni istaydi. Ammo Pokiston o’tmishda maxfiy yadroviy ma’lumotni Shimoliy Koreya va Liviyaga yetkazib turgani bois Oq Uy har qanday harbiy hujjatni imzolashdan oldin obdon o’ylab ko’rishi aniq.

Ammo Pentagon matbuot kotibi Jeff Morrell harbiy bitimlar haqida gapirishga hali erta , deydi.

“Obama ma’muriyati uzoqni ko’zlab qaror qabul qiladi”, - deydi u.

Qo’shma Shtatlar kelasi 10 yilda Pokistonga yetti yarim milliard dollarlik yordam dasturi ishlab chiqqan. Harbiy, texnologik va iqtisodiy ko’mak muntazam oshib bormoqda.

Lekin Vashingtonda Pokiston hukumatiga ishonch past. Uning xatti-harakatidan norozilik ham kuchli. Pokiston razvedka xizmati Tolibonni yashirincha qo’llab-quvvatlamoqda, afg’on hukumati oyoqqa turib olishiga to’sqinlik qilmoqda degan da’volar tez-tez quloqqa chalinadi.

XS
SM
MD
LG