Afg'onistonda qurolini tashlagan toliblar ko'paymoqda


Afg’onistonda xorij qo’shinlari soni oshar ekan, qurolini tashlagan toliblar ham ko’paymoqda. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, bular asosan oddiy jangchilar. Biroq Tolibon yetakchilari, yirik jangarilar hali beri taslim bo’lib, sulhga ko’nishi gumon.

Robert Geyts kecha qonunchilar oldida so’zlar ekan, Afg’oniston istqiboli va tinchligi uchun muhim ikki omilni tilga olgan. Bular – birlashuv-integratsiya va murosa.

Integratsiya bosqichida oddiy jangarilar, oilasini boqish uchun yoki ta’qibdan qo’rqib qurol ko’targan toliblar jamiyatga qaytadi. Bundaylar hozir talaygina, hukumatdan yordam, panoh so’rab kelmoqda ular.

Geytsning aytishicha, taslim bo’layotgan jangarilar soni kun sayin oshib bormoqda.

“Bu insonlar mudofaasi va kelajagi, ularni boshpana va ish bilan ta’minlash esa afg’on hukumati zimmasida. Buni ko’rgan boshqa jangchilar ham ergashadi”,- deydi Geyts.
Navbatdagi bosqich esa Tolibon bilan murosa qilish. “Hozircha bu haqda gapirishga erta”,- deydi Geyts.

Vazir nazarida Tolibon yetakchilari hali sulh tuzishga, taslim bo’lishga tayyor emas. “Jangarilar o’ziga ishonchni yo’qotgan pallani kutish kerak. Ilojsiz qolganida ular gapga ko’proq ko’nadi”, - deydi Robert Geyts.

Prezident Hamid Karzay fikricha, hozir murosa uchun ayni muddao. Afg’oniston rahbari kelasi oy Kobulda jangarilar bilan tinchlik anjumani rejalamoqda. Bundan tashqari Karzay Tolibon bilan hamkor Hizbi Islomiy jangari guruhi bilan muzokara boshlagan. Biroq ba’zi siyosatchilar bu muloqot samarasiga ishonmayroq turibdi.

Mudofaa vaziri Robert Geyts muzokara qanday kechishi prezident Hamid Karzayga havola, “bu afg’on ma’muriyatining ishi”, deydi u. Biroq Afg’oniston rahbari ba’zi muhim tamoyillarni unutmasligi kerak.

“Har qanday muzokarada avvalo Afg’oniston hukumati, qonuniy rahbariyatning talab-shartlari inobatga olinishi kerak. Konstitusiyani e’zozlash, qurolni tashlash, demokratik tamoyillarni tan olish – asosiy talablar bo’lishi lozim”,-deydi AQSh mudofaa vaziri.

XS
SM
MD
LG