Breaking News

AQSh va Rossiya strategik qurollar bitimini 8 aprelda imzolaydi


Oq uy ma'lumotiga ko'ra, ikki davlat strategik hujumkor qurollarini kamaytirishga qaratilgan yangi bitimga kelasi oy Chexiya poytaxti Pragada imzo chekiladi.

Prezident Barak Obama bugun Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan telefon orqali muloqot qilib, shunga kelishgan.

Bitim kuchga kirishi uchun Rossiya Dumasi va AQSh Senati uni ratifikatsiya qilishi kerak.

Rossiya va Qo’shma Shtatlar Strategik qurollar nazoratiga doir START bitimni 1991 yilda imzolagan.

O’tgan yili hujjatning amal qilish muddati tugab, tomonlar uzoq muhokamadan so’ng nihoyat uni yangilashga tayyor.

Hujjatni imzolash marosimi Chexiya Respublikasida o’tadi. Prezident Obama o’tgan yili aynan shu davlatda qilgan nutqida yadro qurolidan xoli dunyo yaratishga da’vat etgan edi.

Jahon yadro qurollarining katta qismi Rossiya va AQSh hissasiga to’g’ri keladi. START bitimi mana shu zaxiradan sekin-asta qutulishni nazarda tutadi.

Prezident Barak Obama kecha demokrat qonunchi Jon Kerri va respublikachi Richard Lugar bilan uchrashib, bitim tafsilotlarini bayon qilgan. Bu ikki arbob Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida yetakchi va hujjatni ma’qullashda so’zi salmoqli.

Strategik qurollar nazoratiga doir bu bitim AQSh-Rossiya aloqalarining boshqa jihatlariga qanday ta’sir qiladi?

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs deydiki ikki davlat yangicha dialog yo’lini tanlagan. “Xalqaro maydonda, Eron, Shimoliy Koreya kabi muammolar muhokamasi bunga misol”, deydi Gibbs.

START bitimi 90-yillar boshida, Sovet Ittifoqi qulashidan bir necha oy oldin prezidentlar Jorj Bush va Mixail Gorbachev tomonidan imzolangan. O’sha paytda hujjat AQSh va Rossiya yadro arsenalini 6 ming donaga kamaytirishni nazarda tutgan. Hozirgi hujjatda esa qurollarni 1600 donaga ozaytirish haqida gap ketmoqda.

XS
SM
MD
LG