Amerika mudofaa vaziri: Tolibonni mag'lub qilish mumkin


Amerika Mudofaa vaziri Robert Geyts Afg’onistonda Tolibonni mag’lub qilish mumkin, demoqda.

Prezident Obama va’da qilgan qo’shimcha 30 ming askar hali to’liq yetib bormagan, ammo hozirdanoq ijobiy o’zgarish sezilmoqda.

Aholi orasida toliblarga qarshi kayfiyat kuchli. Biroq og’ir janglar hali oldinda, deydi vazir.

Geyts va Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha Senat moliya qo’mitasida hisobot bergan. Ikki arbob harbiy va qurilish-tiklash loyihalari uchun qo’shimcha 35 million dollar so’ramoqda. Mablag’ asosan Afg’onistonga atalgan.

Vazir Geytsning aytishicha, afg’on xalqi ishonchini qozonish, Tolibon qaytib kelmaydi deb ishontirish va buni ta’minlash – hozir muhim vazifa.

“Toliblar shafqatsiz, xalq buni juda yaxshi eslaydi, qo’rqadi va ularga qarshi”,-deydi Geyts. Aholi orasida o’tkazilgan so’rovlar ham buni tasdiqlaydi – Tolibon tarafdorlari 10 foizdan oshmaydi.

Robert Geyts yutuqlarni olqishlar ekan, “og’ir, qonli janglar hali oldinda; bir necha oysiz ish bitishi qiyin”, deydi. Obama rejasiga ko’ra, AQSh qo’shini xavfsizlikni kelasi yil mahalliy armiyaga topshira boshlashi kerak. Mana shu rejaga amal qilish niyatidamiz, deydi Geyts.

“Afg’on armiyasi mas’uliyatni his qilishi, jangga kirishishi kerak”,- deydi AQSh rasmiysi. “Bu ularning yurti. Kelasi yil asosiy majburiyat afg’onlar zimmasiga yuklanadi”.

O’tgan yil noyabrida Afg’onistonda politsiya va zobitlar maoshi oshirilgan, shundan beri qurolli kuchlar safi kengaygan. Askar bo’laman degan yigitlar soni oshmoqda, deydi Robert Geyts.

Davlat kotibasi Xillari Klinton so’zlariga ko’ra, Afg’onistonda amerikalik mutaxassislar soni ko’paygan. Kongressdan qo’shimcha 2 milliard dollar mablag’ so’rar ekan, Klinton “bu pul Afg’onistonda hokimiyat idoralari, turmushni mustahkamlash uchun ishlatiladi”, deydi.

XS
SM
MD
LG