Breaking News

Obama Afg'oniston o'zini eplab ketadi deydi


Barak Obama Afg’oniston safaridan qaytdi. Kutilmaganda Kobulga borgan prezident afg’on rahbari Hamid Karzayni korrupsiyaga qarshi kurash va hukumatiga ishonchni oshirishga undagan.

Olti soatlik tashrifi davomida Obama Karzayni maqtashga ham ulgurgan.

Uning fikricha oxirgi paytda Karzay ma’muriyatining o’ziga ishonchi ortgan.

Bu yaxshi, deydi AQSh prezidenti, ammo davlatchilikni mustahkamlash yulg’ichlik va poraxo’rlikdan voz kechishni ham talab qiladi.

"Qo’shma Shtatlar Afg’oniston hamkori bo’lib qoladi. Bu mamlakat o’zini eplab ketishicha ishonamiz”, deydi u.

“Afg’on xalqi o’nlab yillar davomida urush iskanjasida yashadi. Bugun ham vaziyat qaltis, lekin kelajakka umid bor. Bu insonlar tinchlik qadrini biladi. Qiz va og’illari bilim olib, kasb-hunarli bo’lib osoyishta hayot kechirishini istaydi”,- deydi Obama.

Prezident Karzay 12 may kuni Vashingtonga keladi.

“Amerika xalqidan toabad minnatdormiz. Siz bizdan yordamingizni ayamayotganingiz hammaga ma’lum ”, deydi Karzay.

Obama Bagrom aviabazasida AQSh qo’shinlari oldida so’zladi va jumladan shunday dedi:

“Vazifa aniq. Al-Qoida va u bilan aloqador ekstremist guruhlarni yo’q qilish. Bunga erishishn uchun barcha zarur choralarni ko’rishga tayyormiz. Al-Qoidaga hech yerda o’rin yo’q. Tolibonni ham yer tishlatamiz”.

Bu yil oxirigacha Afg’onistonda Amerika qo’shinlari soni 100 mingga yaqinlashadi. Obama ma’muriyati mamlakatni qayta tiklash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo’lida ham milliardlab dollar mablag’ ajratmoqda. Bu sohalarda ishlash uchun Afg’onistonda amerikalik mutaxassislar soni ham ko’paygan.

XS
SM
MD
LG