Jahon Banki Rog'un GESI masalasini tekshirib chiqadi


Jahon Banki O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida ziddiyatlarga sabab bo’layotgan Rog’un gidroelektrostansiyasi qurilishini mustaqil tekshiruvdan o'tkazishga qaror qilgan.

Aprel oxirlarida Tojikistonga bankning yuqori malakali mutaxassislaridan iborat missiyasi boradi.

Bank rahbariyati Rog'un qurilishi bo'yicha daryo bo'yida joylashgan davlatlar bilan muzokara o'tkazish niyatida.

Lekin O’zbekiston va Tojikiston xalqaro ekspertlar xulosasini qabul qilishga qanchalik tayyor?

Tojikiston bu borada hali biror bayonot bermagan. Lekin Jahon Banki tomonidan tarqatilgan ma'lumotda aytilishicha rasmiy Dushanbe ekspertiza o'tkazish masalasiga ijobiy yondashmoqda.

O'zbekiston esa bunday tekshiruv zaruriyatini anchadan beri qayd etib keladi.

Jahon Banki O'zbekiston hukumatiga yo'llagan nomasida GES qurilishiga moliyaviy qo'shish yoki qo'shmasligi tekshiruv natijalariga bog'liq ekanini bildirgan.

“Agar bu komissiya shunchaki tavsiya bilan chiqadigan bo'lsa, O'zbekiston ham, Tojikiston ham uni qabul qilmasligi mumkin. Xulosa, masalan hozir O'zbekiston tutgan siyosatga to'gri kelmasa, uni tan olmasligi ham mumkin. Komissiya xulosasidan qat'iy nazar masalani hal qilishning eng ma'qul yo'li - ikki davlatning o'zaro kelishib olishi. Boshqa tomondan esa bu xalqaro ekspertiza ham muhum”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida Ro'gun masalasidan ildiz oluvchi ziddiyatlar esa davom etmoqda. O'zbekiston ekologlar harakati Surxondaryoda Tojikiston alyumin zavodini ekologiyaga yetkazayotgan zarari yuzasidan norozilik bildirib namoyish o'tkazgan.

Tojikiston hukumati O'zbekiston mamlakatga kelayotgan yuk vagonlarini o'tkazmayotgani sababli respublikaning Dushanbedagi elchisiga norozilk notasi topshirgan.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga kiruvchi davlatlarning Tojikistonda o'tgan yig'ilishida ham o'zbek va tojik rasmiylari o'zaro tanqid va ayblovlar bilan chiqqan.

Bu ziddiyat BMTga ham yetib borgan. Tashkilot majlisida Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilov O'zbekiston yuk vagonlarini o'tkazmay qo'yganidan shikoyat qilgan.

Biroz avval esa O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Murod Asqarov Rog'un GESi mintaqa, jumladan O'zbekiston aholisi hayotiga tahdid soladi deb chiqqan edi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning mintaqaga rejalangan safaridan asosiy maqsad suv muammosi yuzasidan tortishayotgan tomonlarni murosaga undash ekani ta'kidlanmoqda.

“Bosh kotib tashrif buyurar ekan, bir tomondan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik va mintaqaviy rivojlanish borasida gaplashadi. Suvdan foydalanish, GES qurilishlari masalalarida mintaqa davlatlari orasida tushunmovchiliklar kuchli. Vaziyat ancha keskinlashgan”, - deydi sharhlovchi Farhod Tolipov.

O'zbekiston Amudaryoni asosiy o'zanini tashkil etuvchi Vaxsh daryosida 335 metrli suv to'g'oni qurilishi mintaqa ekologiyasiga, shuningdek suv taqsimotiga jiddiy ta'sir ko'rsatadi deb hisoblaydi.

Energiya taqchilligidan qiynalayotgan Tojikiston esa Rog'un GESini vaziyatdan chiqishning asosiy yo'li sifatida ko'radi.

XS
SM
MD
LG