Yevropa Amerikani mug'ombirlikda ayblamoqda


Yevropaning yetakchi davlatlari – Amerika suyangan ittifoqchilar Vashingtonni proteksionizmda qoralamoqda.

Fransiya, Britaniya va Germaniya AQSh Mudofaa vazirligini yirik shartnomalarni faqat mahalliy kompaniyalarga berayotganlikda ayblamoqda.

Pentagon, deydi ular, bitim shartlarini shu qadar murakkablashtirganki, Yevropa bizneslari ularni bajo keltira olmayapti.

Bu norozilik oqibatida Amerika firmalarining Yevropada ishlashi qiyinlashishi mumkin.


AQSh Mudofaa vazirligi aviayonilg’i tankerlarini yangilash maqsadida tender e’lon qilganida hech kim masala bu qadar chigallashib ketadi deb o’ylamagan edi.

“25 yildan beri shu sohadaman. Lekin bu qadar og’ir shartlarni ko’rmaganman”,- deydi Richard Abulafiya, harbiy maslahatchi.

"Gap juda eski texnologiya haqida ketmoqda",- deydi u, "Vazifa yengil emas".

“Agar bu tankerlarni hozir yangilay boshlaganimizda ham ish kamida 25 yil olishi aniq”.

Yevropa Aeronavtika va Mudofaa firmasi (EADS) AQShning Northrop Grumman kompaniyasi bilan hamkorlikda biznes taklif bilan chiqqan.

Lekin Pentagon kutilmaganda o’z shartlarini o’zgartirgan. Ularni bajarishga esa faqat AQShning Boeing kompaniyasi qodir. Bu 50 millard dollarlik shartnoma.

Shu kunlarda Amerikaga safar qilayotgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi "Vashington mug’ombirlik qilmoqda", - deydi.

“Yirik biznes shartnomalar Qo’shma Shtatlardan tashqariga chiqmasligini ta’minlashmoqda. Bu adolatdan emas. Biz raqobatga ishonamiz, ammo ayyorlik bilan emas”,- deydi u.

Britaniya hukumati ham Vashingtonni tanqid ostiga olmoqda. Bosh vazir Gordon Braunning bu boradagi chaqirig’iga yana ko’plab davlatlarning rahbarlari qo’shilgan.

“Biz Amerika qaroridan norozimiz va bu haqda ularga ochiq aytayapmiz. Biz erkin savdo va biznes tarafdorimiz. Ochiq bozor, ochiq raqobat. Tendermi tender, tanlovmi haqiqiy tanlov bo’lsin”,- deydi Braun.

Amerikalik mutaxassislar fikricha esa tanlov adolatli kechgan. Lekin "Boeing"ning tanlanishi ortida siyosiy sabablar ham bor, deydi Richard Abulafiya.

Boeing kompaniyasining zavodlari Demokratik partiya uchun ovoz beradigan shtatlarda joylashgan. Biznes odamlarga ish va daromad olib keladi. Northrup Grumman va uning Yevropadagi hamkori yuritadigan korxonalar esa janubda, respublikachilarga sodiq hududlarda joylashgan. Mening nazarimda Pentagon qarorini mana shu omillar belgilagan. Iqtisodiy-siyosiy faktorlar”,- deydi Abulafiya.

Ayrim amerikaliklar nazarida Fransiya singari davlatlarning tanqidi o’rinsiz, chunki bu mamlakatning o’zi doimo Yevropa mahsulotlarini ma’qul ko’rib kelgan. AQSh bizneslari Yevropa bilan ishlash qiyinlashadi degan xavotirda.

“Yevropa endi bizni proteksionizmda ayblab, shu bahona Amerika uchun biznes imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Yevropa Ittifoqi a’zolari harbiy vositalarni Amerikadan emas, qo’shnilaridan sotib olishga o’tishi mumkin",- deydi Abulafiya.

Umuman olganda, deydi mutaxassislar, harbiy mahsulot ishlab chiqaradigan biror kompaniya bugun buyurtmachisiz qolib ketayotgani yo’q.

Jahon bo’ylab havo harbiy vositalariga talab oshib bormoqda. Eskpertlar nazarida Yevropa va AQShdagi yetakchi birlashmalar oldida imkoniyatlar yetarli.

XS
SM
MD
LG