AQSh, Rossiya mudofaa sistemalari bobida til topishishi mumkin


AQSh-Rossiya orasida yaqinda erishilgan strategik kelishuv dunyo tinchligi uchun o’ta muhim omil sifatida talqin qilinmoqda. Har ikki davlat o’z arsenalini kamaytirishga ko’ngan va yaqin kunlarda bu borada hujjat imzolanadi.

Amerika Yevropada yangi mudofaa tizimlari o’rnatish qarorida qat’iy va bu masalada ham Rossiya bilan til topishish umidida.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts strategik qurollarni kamaytirish haqidagi kelishuvning yangi mudofaa tizimlariga aloqasi yo’qligidan xursand.

“Bu bitim raketa hujumlariga qarshi mudofaa sistemalarimizga bog’liq emas”,- deydi u.

AQSh mudofaa sanoati nazarida ham prezident Barak Obama va Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev uzoqni ko’zlab ish ko’rmoqda.

Geytning o’rinbosari Vilyam Linn deydki, AQSh ilg’or harbiy texnik vositalar ishlab chiqarishda davom etadi. “Bu bizning hozirgi va kelajakdagi xavfsizlik strategiyamiz uchun o’ta muhim ahamiyat kasb etadi”,- deydi u.

Masala bu yerda uzoq yillar davomida bahsu-munozara uyg’otib kelgan dastur haqida ketmoqda. Pentagon dushman raketalarini urib tushiruvchi yangi qurollarga ega bo’lishni istaydi. Kongressning ko’plab a’zolari va Respublikachilar Partiyasi tomonidan keng quvvatlangan bu reja o’tgan yillarda ancha tanqidga uchragan. Ammo Obama ma’muriyati bu qimmat loyihaga rozilik bergan.

Lekin, deya eslatadi AQSh generali Jeyms Kartrayt, bu proyekt ustida ishlab kelayotgan harbiylardan biri, yangi sistemalar dunyoning qay qismida qanday ishlatilishi haqida hali biror qarorga kelinmagan.

“Fors ko’rfazi, Yevropa yoki Tinch okeanidagi davlatlarda bu raketalar qanday joylashtiriladi – bunga hozircha javob yo’q”,- deydi general.

10 milliard dollarlik bu loyiha qisqa, o’rta va uzoq masofani nishonga ola biladigan raketalarni ko’rib, aniqlab ularni urib tushirishga qodir texnologiyalarni ishga soladi. Bir necha mintaqada, xususan Markaziy Yevropada buning uchun radar tizimlari o’rnatishga va maxsus inshootlar barpo etishga to’g’ri keladi. Tahdid o’choqlari sifatida Eron va Shimoliy Koreya tilga olinadi.

Rossiya nazarida AQShning bu harakati siyosiy-harbiy muvozanatni buzadi va uning yadroviy arsenaliga xavf soladi. Lekin Rossiya siyosatini uzoq yillardan beri tahlil qilib kelayotgan olim Andryu Kachins fikricha Kreml qarshiligining asl sababi bu emas.

“Rossiya AQShning yangi sistemalari unga xavf solmasligini biladi. Maqsad Amerikaga yangi avlod vositalarini yaratish uchun yo’l bermaslik”,- deydi Kachins.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton esa “Rossiya bilan bu masalada ham til topishamiz”, - deydi.

“Biz Rossiyaga yangi mudofaa texnologiyalarimiz aslida uning xavfsizligi uchun ham xizmat qilishini uqtiramiz. Ulardan Rossiya ham manfaat ko’radi”,- deydi Klinton.

Rossiya hamkorlik qilishi mumkinligini bildirgan, ammo sistema turlari haqida o’z pozitsiyasiga ega. Obama ma’muriyati Polsha va Ruminiyada radar stansiyasi va strategik inshootlar ochish harakatida ekan, Kreml bilan maslahatlashib ish ko’rishga ahd qilgan.

Oq Uy rasmiylarning aytishicha, strategik qurollarni kamaytirish haqidagi yangi hujjat ustida ish ketayotgan paytda Obama va Medvedev telefonda bir necha bor, uzoq payt bahslashgan. Rahbarlar bu qizg’in muloqotlar samarasidan mamnun va 8 aprel kuni Pragada uchrashib, bitimga imzo chekadi.

XS
SM
MD
LG