Atom qurollarini kamaytirish tinchlik yo'lida dadil qadam


AQSh va Rossiya strategik qurollarni qisqartirish borasida kelishib olgani dunyo xavfsizligini ta'minlash uchun xizmat qiladi. Jahon bo'ylab tahlilchilar mana shunday xulosa qilmoqda.

Hujjat AQSh va Rossiya prezidentlari tomonidan 8 aprel kuni Pragada imzolanadi.

Dunyodagi yadroviy qurollarning 90 foizga yaqini AQSh va Rossiya hisobiga to’g’ri keladi. Bu ikki davlat strategik arsenalini 1550 donaga kamaytirish harakatida.

“Ikki qudratli davlat o’rtasidagi keskinlik va nizolar nafaqat Yevropa balki Markaziy Osiyoda ham o’z salbiy ta'sirini ko'rsatadi",- deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soibnazarov.

"Imzolanayotgan shartnomadan har ikki davlat yutadi. Qurollanish uchun ketadigan mablag’ni tejab, uni mamlakat iqtisodiga yoki hamkor davlatlarni qo'llab quvvatlashga yo'naltirishi mumkin”, - deydi u.

Yana bir sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov fikricha esa AQSh va Rossiya munosabatlari nafaqat yadroviy qurollar sohasida balki geosiyosiy strategiya jihatidan ham Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda Rossiyaga safar qilganida tomonlar ko'p sohalarda hamon turlicha pozitsiyada ekanini tilga oldi.

“Klinton, qiziq narsani aytdi. “Ko’p narsada kelishamiz lekin kelishmaydigan tomonlarimiz ham bor”,- dedi. Qudratli davlatlar butun dunyoni o’zaro bo’lib olib, o’z siyosatini o’tkazar edi. Klinton “bu siyosatga bundan buyon hech qachon qo’shilmaymiz” qabilida gap qildi. Bu muhim narsa. Ikki davlat kelishganda nafaqat qurol, balki bugungi siyosatini ham to’g’rilab olishi kerak, jumladan Markaziy Osiyoga nisbatan ham. Masalan Rossiya imo qiladi, "bu mintaqa meniki, bu yoqqa burningni suqma” deb. Boyagi gapdan bilinadiki, AQSh rasmiylari bunday siyosatni quvvatlamoqchi emas”,- deydi Iskandar Xudoyberganov.

Markaziy Osiyo yadroviy quroldan xoli hudud sifatida e’lon qilingan. Biroq mintaqa atrofidagi davlatlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston yadroviy arsenalga ega.

“Yadro quroli Shimoliy Koreyada ham bor. Erta indin shu ketishda Eronda ham bo’ladi. Bu esa dunyo xavfsizligiga nisbatan qattiq zarba bo’lishi mumkin”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Jahonning ikki yirik davlati o’z qurollarini kamaytirishga ahd qilgani boshqalarga ham o’rnak bo’lishi kerak, deydi ziyolilar.

XS
SM
MD
LG