Eronga yadro izlanishlarini to'xtatish uchun "so'nggi imkoniyat"


Dunyoning eng sanoatlashgan davlatlarini o’z ichiga olgan Katta Sakkizlik nazarida Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarish uchun kuchli choralar ko’rish kerak.

Ommaviy qirg’in qurollari tarqalishi masalasi – tashqi ishlar vazirlarining Kanadada o’tgan uchrashuvida bosh mavzu bo’ldi.

Rasmiy Tehron uchun dialog-murosa eshiklari hamon ochiq, lekin so’nggi imkoniyat shu deya qayd etilmoqda.

G’arb va Eron o’rtasidagi bu tortishuv anchadan beri davom etib kelmoqda. Rasmiy Tehron, unga bosim oshgan sari, yadroviy tadqiqotlar olib borish huquqini yanada qat’iyroq talab qilayotgan ko’rinadi.

BMT Xavfizlik Kengashining besh doimiy a’zosi – AQSh, Fransiya, Britaniya, Rossiya, Xitoy hamda Germaniya nazarida, Eron dastur maqsadlarini ochiq-oydin aytishi, agar bu haqiqatdan ham harbiy emas, iqtisodiy loyiha bo’lsa, buni amalda isbotlab berishi kerak.

Katta Sakkizlik tashqi ishlar vazirlari sammitiga mezbon Kanada Bosh vaziri Stiven Xarper deydiki, Eron Shimoliy Koreya qatorida global xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda.

“Bu davlat maxfiy atom loyihalarini darhol to’xtatib, muzokara boshlashi kerak. Yadro qurollari tarqalishi bir kun kelib fojiaga yetaklaydi. Bu qayerda ro’y bermasin, dahshatini butun dunyo his qiladi”, - deydi vazir.

Stiven Xarper masalani kechiktirmay BMT muhokamasiga qo’yishga, kerak bo’lsa Eronga qarshi to’rtinchi va beshinchi marotaba sanksiya joriy etishga undamoqda.

Xavfsizlik Kengashi AQSh qistovi ostida masalaga qaytmoqchi, biroq kengashning nufuzli a’zolaridan biri Xitoy nazarida bu davlat bilan dialog-muzokara eshiklarini yopishga hali erta. Xitoy Eronning iqtisodiy hamkori. Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton rasmiy Pekin bilan til topisha olishiga ishonadi.

“Obama ma’muriyati Eronning yadro quroliga ega davlatlar safiga qo’shilishini qabul qila olmaydi. Bugunga kelib Xitoy ham shu pozitsiyada. Gap mintaqaviy va global barqarorlik, yonilg’i ta’minoti haqida ketmoqda. Amaliy qadamlar tashlash vaqti yetgan”, - deydi Xillari Klinton.

BMT va G’arb talablariga javob berish uchun Eronga qo’yilgan norasmiy muhlat o’tgan yil dekabrda tugagan. So’nggi umid uranni tashqarida, rasmiy Tehron istagan uchinchi bir davlatda boyitish taklifiga bog’langan edi. Bu ham ish bermadi.

Oq uyda Fransiya rahbari bilan muloqot qilgan prezident Barak Obama sanksiya masalasida yakdillik yo’qligini tan oladi, biroq oldinga siljishning yagona yo’li shu.

“Eron bilan har qanaqasiga gaplashishga urinib ko’rdik. Shart, talab va takliflar ayon. Muzokara uchun eshiklar doimo ochiq, biz tinglashga tayyormiz. Shu bilan birga sanksiyalarni kuchaytirmasak bo’lmaydi”, - deydi Barak Obama.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi ham shu fikrda. “Eronning atom quroli yaratish uchun telbalarcha qilayotgan harakatini to’xtatish vaqti yetgan”.

XS
SM
MD
LG