Muqtada al-Sadr bosh vazir kim bo'lishini xalq hal qilsin demoqda


Iroqdagi radikal shialar rahbari Muqtada al-Sadr yangi bosh vazir kim bo’lishini xalq hal qilsin, masala referendumga qo’yilishi kerak, demoqda.

Bu shia peshvoning partiyasi parlament saylovlarida 39 o’rinni qo’lga kiritgan va koalitsion hukumatni tuzishda muhim rol o’ynashi mumkin.

Parlament saylovlari natijalariga ko’ra, Bosh vazir Nuri al-Malikiy koalitsiyasi 89, sobiq bosh vazir Ayad Allaviy koalitsiyasi esa 91 o’rin bilan g’olib topilgan.

Bu orada parlament saylovlari natijalari ayon bo’lib, partiyalar koalitsion hukumat tuzish borasida muhokama boshlagan. G’arb, xususan, Qo’shma Shtatlar jarayonni diqqat bilan kuzatmoqda. Maliki ham, saylovda g’alaba qilgan Allaviy ham qonunga amal qilishi muhim, deydi AQShning Iroqdagi elchisi Kristofer Xill.

Elchi Kristofer Xill nazarida Iroqdagi saylovlar tahsinga loyiq va butun Yaqin Sharq uchun namuna bo’lishi mumkin. Hozirda saylovda qatnashgan tomonlar koalitsiya tuzish ustida ishlamoqda. Sobiq bosh vazir Ayad Allaviy kichik – ikki ovoz farq bilan Bosh vazir Nuri al-Malikiyni mag’lub etgan. Ammo Malikiy hali ham bo’lsa g’olib chiqishi mumkin.

“Malikiyning partiyasi kichik guruhlar bilan koalitsiya tuza olsa, marra uniki. 325 o’rinlik parlamentda ko’pchilik – 50 foizdan oshiq ovozni qo’lga kiritishi hech gapmas”,- deydi elchi.

Hozircha xulosa qilishga erta. Allaviy ham, Malikiy ham mayda partiyalarni o’z safiga og’dirish bilan ovora.

Bu orada Bosh vazir Nuri al-Malikiy parlament saylovlari natijalarini tan olishdan bosh tortib, “ovozlar qayta sanalsin” demoqda. Janob Xill nazarida saylovlar adolatli o’tsa-da, bunday bahslar bo’lishi tabiiy.

“Kichik farqni tan olish, mag’lubiyatni qabul qilish oson emas”,- deydi AQSh elchisi. “Bor-yo’g’i ikki ovoz farq haqida gap ketmoqda. Norozilik, ta’nalar bo’lishi muqarrar”, - deydi Xill.

Biroq elchisining aytishicha, Iroq xalqi saylovda qatnashib, o’z xohishini ma’lum qilgan. Davlat arboblari – xoh bosh vazir bo’lsin, xoh uning raqiblari - bu qarorni hurmat qilishi kerak.

Iroqda yangi parlament tarkibi aprel oxirida ma’lum bo’ladi. “Qo’shma Shtatlar xalq saylagan g’olib rahbar bilan ishlashga tayyor”, -deydi elchi Kristofer Xill.

XS
SM
MD
LG