Breaking News

Xitoy Eronga sanksiya qo'yish borasida muzokaraga tayyor


BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya yadro dasturi masalasida Eronga yangi sanksiya qo’yish zaruratini bir ovozdan tan olmoqda.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Kengashga a’zo, veto huquqiga ega va sanksiyaga qarshilik bildirib kelgan Xitoy ham nihoyat jazo chorasini yoqlashga qaror qilgan.

Biroq rasmiy Pekin bugun bergan bayonotida “muammoni muzokara-dialog yo’li bilan hal qilish yo’llarini izlashda davom etamiz” degan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton so’zlariga ko’ra, BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya pozitsiyasi sanksiya borasida mushtarak. “Davlatlar bir yildan beri majlis qilib keladi. Bu muhokamalar samara berdi. Endi masala nafaqat domiy a’zolar, balki butun xalqaro hamjamiyat hukmiga havo etiladi”, - deydi Klinton.

AQSh Tashqi ishlar vazirasining aytishicha, sanksiya o’z yo’liga, muzokara-dialog ham davom etadi. “Xavfsizlik Kengashi strategiyasi ham jazo richaglari, ham diplomatiyani o’z ichiga oladi”, - deydi Klinton.

Eron avval uch bora sanksiyaga uchragan. Bu gal Eron armiyasining qudratli qanoti – Inqilobiy Gvardiya, sug’urta va dengiz trasportini nishonga olishi mumkin. Eroning yaqin hamkori Xitoy azaldan sanksiyaga qarshilik bildirib kelgan. Biroq Oq Uy rasmiylarining aytishicha, Xitoy Yaqin Sharqda yadro quroli poygasi o’ziga ham, dunyoga ham zararli ekanini tushunadi.

G’arb nazarida Tehron ommaviy qirg’in quroli yaratish ustida ishlamoqda. Bu esa butun mintaqani beqarorlik, qo’rquv domiga tortishi, arab davlatlari ham atom qurolining ketiga tushishi mumkin.

Eron o’z navbatida “faqat energiya ishlab chiqarish bilan bandmiz” deya e’tiroz bildirib, avvalgi sanksiyalar baribir samarasiz ekaniga ishora qiladi.

Bu orada Eron yadro dasturi rahbari Said Jaliliy bugun Xitoyga safar qilar ekan, rasmiy Pekin yadro mojarosini muzokara yo’li bilan hal qilish ahamiyatini ta’kidlagan.

So’nggi xabarlarga ko’ra Xitoy prezidenti Xu Tzintao shu oy – 12-13 aprelda AQShda rejalangan, yadroviy xavfsizlik mavzusiga bag’ishlangan xalqaro anjumanda qatnashadi.

Vashington va Pekin qator masalalar: AQShning Tayvanga 6.4 milliard dollarlik qurol sotish qarori, Dalay Lamaning Vashingtonga tashrifi, huquq va yuan qiymati ustida tortishar ekan, Xitoy rahbari konferensiyani boykot qiladi degan taxminlar yangragan edi.

XS
SM
MD
LG