Eron: yadro dasturi mojarosini sanksiya bilan hal qilib bo'lmaydi


Qo’shma Shtatlar yadro dasturi masalasida Eronga bosimni oshirar ekan, Xitoyni ham bu jarayonda faol bo’lishga undamoqda.

Xitoy prezidenti Xu Tsintao bilan telefon muloqotida AQSh rahbari Eronga sanksiya qo’yish xususida gaplashib olgan.

Eron yadro muzokarachisi Said Jaliliy so’zlariga ko’ra, yadro dasturi atrofidagi ziddiyatlarni sanksiya bilan hal etib bo’lmaydi. “Xitoy ham shu pozitsiyada”, - dedi Jaliliy Pekinda o’tgan matbuot anjumanida.

Xitoy rasmiylari Eron elchisi bayonotini izohlagani yo’q. Said Jaliliy Pekinda yuqori lavozimli rasmiylar, jumladan Tashqi ishlar vaziri Yang Jiechi bilan muloqot qilgan. Xitoy Eronning yaqin savdo hamkori va BMT Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega.

Obama ma’muriyati rasmiy Pekin Eronga qarshi jazo choralarini qo’llaydi degan umidda.

Masala 12-13 aprel kunlari Vashingtonda o’tadigan yadroviy xavfsizlik anjumanida muhokama qilinadi. Unda Xitoy prezidenti boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etishi kutilmoqda. Bu degani Barak Obama va Xu Tsintao Eronga sanksiya qo’yish masalasini yuzma-yuz gaplashib oladi.

“AQSh va Xitoyning bu boradagi qarashlari mushtarak”, - deydi Davlat departamenti vakili P. J. Krovli. “Hech bir tomon Yaqin Sharqda qurol poygasi avj olishini istamaydi. Xitoyning sanksiya muzokaralarida faol ishtirok etishi muhim”, - deydi diplomat.

AQSh nazarida Xavfsizlik Kengashi sanksiya bo’yicha rezolyutsiyani Xitoy quvvatlovi bilan bir oyga qolmay qabul qilishi mumkin. Kengashning amaldagi raisi Yaponiya ham Eronni jazolash tarafdori.

Eron hukumatining bildirishicha, yadro dasturi Ga’rb da’vo qilayotganidek harbiy maqsadlarni ko’zlamaydi. Yagona maqsadimiz – elektr energiya olish, deydi ular.

XS
SM
MD
LG