Atom energiyasi - kelajak yonilg'isi, Markaziy Osiyo uchun ham


Markaziy Osiyoda energiya yetishmovchiligi yuzasidan ziddiyatlar kuchayib borar ekan, atom energiyasidan foydalanish masalasiga e'tibor qaratilmoqda.

Mintaqa uran zaxirasiga boy. Atom elektrostansiyalari muammoga yechim bo’lishi mumkin.

Bugun rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda atom energiyasidan foydalanish ustuvor o’ringa chiqmoqda. AQSh prezidenti Barak Obama yangi atom elektrostansiyalari [AES] barpo etish tashabbuslarini quvvatlaydi.

Dunyoda energiyaga bo’lgan ehtiyojning bir necha barobarga ortishi, global iqlim o’zgarishiga qarshi kurash yaqin 10 yillikda atom energetikasiga ehtiyojni yanada kuchaytiradi.

Imkoniyat bor, hamkorlik yo'q

Mintaqada Qozog’iston va O’zbekiston atom energiyasi bo’yicha imkoniyatlarga ega davlatlar sifatida qaraladi. Uran ishlab chiqarish bo’yicha Qozog’iston dunyoda ikkinchi, O’zbekiston esa yettinchi o’rinda. Qozog’iston muzlatib qo’yilgan atom reaktoriga, O’zbekiston esa ilmiy tadqiqotlar uchun mo’ljallangan yadroviy reaktorga ega.

Mintaqa yadro qurollaridan xoli hudud sifatida e’lon qilingan. Har ikki davlat MAGATE [Atom Energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik] a’zosi, atomdan tinchlik maqsadida foydalanish bo’yicha tadqiqotlar olib boradi.

Biroq O’zbekiston va Qozog’istonning bu borada hamkorligi haqida gapirish qiyin. Qozog’iston AES qurilishi bo’yicha aniq harakatlar rejalagan, 2011 yildan qurilish ishlari boshlanishi haqida ma’lumotlar bor. O’zbekistonda esa hozircha bu borada jimlik.

"Markaziy Osiyo ancha rivojlangan hudud bo'lib ketishi mumkin edi"

Mintaqada AES qurish masalasi ilmiy va siyosiy doiralarda hamisha muhokama qilib kelingan.

“XX asrning o’rtalarida O’zbekiston kompartiyasi birinchi kotibi Muhiddinovni markazga O’zbekistonda atom elektrostansiyasini qurish taklifini ko’rib chiqish haqidagi xati bilan Moskvada arxivda tanishganman. U yerda Zarafshon vohasi haqida gap borgan, va bu taklif har tomonlama isbotlangan. Tojikiston, Turkmaniston, Qirg’izistonni elektr bilan ta’minlash, hatto qo’shni mamlakatlarga eksport qilish haqida ham gap boradi”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.

Olimga ko’ra Moskva tomonidan AES qurish rejasining rad etilishi ko’proq malakali mutaxassislar yetishmasligi bilan ifodalangan.

“Atom stansiyasi qurilsa Markaziy Osiyo ancha rivojlangan hudud bo’lib ketishi mumkin edi. Moskava buni istamagan, qolaversa Zarafshon seysmik jihatdan xavfli zona ham, keyin mutaxassislar ham kam bo’lgan”, - deydi Is’hoqov.

O’zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Bekjon Toshmuhammedovga ko’ra bugun O’zbekiston atom energiyasi bo’yicha kuchli mutaxassislarga ega.

“Xomashyo masalasida ta’minlanganmiz. Yadroviy fizika institutida mutaxassislar tadqiqotlar olib borishmoqda. Bu sohada O’zbekiston atom energiyasidan foydalanishga mutlaqo tayyor”, - deydi Bekjon Toshmuhammedov.

Chernobil fojiasi yoddan ko'tarilmagan

Dunyoda atom energiyasiga talab oshayotganiga qaramasdan, Chernobil fojeasi mintaqa jamoatchiligi tasavvuridan haligacha ketmagan. 1986 yilda Chenobilda yuz bergan halokat oqibatlarini bartaraf etishda Markaziy Osiyoda ham yuzlab kishilar qatnashgan.

Halokat natijasida sobiq ittifoqda “chernobilchilar” nomi bilan tanish ijtimoiy guruh yuzaga keldi. O’tgan asrning 90-yillarida Qozog’istonda AES qurishga bir necha bor urinish bo’lgan, biroq bu loyihalar jamoatchilik noroziligi bois to’xtatilgan.

“Bizda qo’rquv saqlanib qolgan, Chernobilni misol qilib keltirishadi. Aslida Chernobilda nima bo’lganini ko’pchilik bilmaydi. Halokat ko’proq navbatchilarning ichkilikbozligi tufayli kelib chiqqan. Bundan tashqari u paytda qurilish 7 noyabrga yoki 9 mayga topshirilishi kerak degan an’ana kuchli edi. Ya’ni gap atom energiyasida emas, qurilishda”, - deydi geolog olim Iskandar Xudoyberganov.

Chernobil halokatini boshdan kechirgan Ukaraina so’nggi yillarda bir nechta atom reaktorlarini ishga soldi. Ular soni bo’yicha Ukraina dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylangan.

“Atom energetikasi hozir juda ilg’orlab ketgan. Chernobilda kuzatilgani kabi halokatlarning qaytarilish ehtimoli deyarli yo’q”, - deydi Bekjon Toshmuhammedov.

Mintaqa energetika yo'nalishini o'zgartirishi kerak

AES ekologiya uchun nisbatan xavfsizligi, zaharli gazlar miqdorini keskin kamaytirishi va qudrati jihatdan ham istiqbolli ko’rilmoqda. Fransiya 70 foizga yaqin elektr energiyasini atom stansiyalari hisobiga ishlab chiqaradi. AQSh prezidenti Barak Obama avval muzlatilgan AES loyihalarini tiklashga qaror qilgan.

Sharhlovchilar fikricha Markaziy Osiyoda atom energiyasidan foydalanish zaruriyati suv taqsimoti bois yuzaga kelgan ziddiyatlar bois dolzarb.

Ayni paytda Jahon Banki O’zbekiston-Tojikiston o’rtasida keskinlikka sabab bo’lgan Rog’un GESini texnologik jihatdan, ekologiyaga ta’siri va ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizligi yuzasidan ekspertizadan o’tkazish ishlarini boshlamoqchi.

Ekspertiza qanday xulosalarga kelishi va bu xulosalar O’zbekiston va Tojikiston tomonidan qanday kutib olinishi noma’lum.

“Agar mabodo ekspertiza o’sha GES qurilmaydi deb, uning o’rniga muammoni hal qiladigan yechim taklif qilmasa, Tojikiston tomoni bunday xulosani qabul qilishi qiyin. Aslida butun mintaqa energetika yo’nalishini o’zgartirishi kerak”, -deydi Iskandar Xudoyberganov.

O’zbekistondagi “Tezkor guruh” tashkiloti suv bo’yicha ziddiyatlarni AES qurish bilan bir qadar yumshatish taklifi bilan chiqqan edi.

“Hozir hech kim yirik gidrostansiyalar qurmaydi, nafaqat ekologiya, iqtisodga ham to’g’ri kelmaydigan narsa. Butun dunyo atom energetikasiga o’tmoqda, ekologiyaga xavf solmaydi, nihoyatda arzon. Nega biz yana orqada qolib ketayapmiz, eski qolipda. Tushunarli, Tojikistonda mablag’ yo’q buni hal etish uchun. Lekin mintaqa davlatlari birlashib AES qurishsa, buning foydasi butun mintaqa uchun bo’ladi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Gap yana hamkorlik, hamjihatlikda

Bekjon Toshmuhammedovga ko’ra atom energiyasidan foydalanishda Qozog’iston va O’zbekistonda imkoniyatlar bor. Mintaqaviy ahamiyatga ega AESlar ishga tushirilsa rivojlanish uchun turtki bo’ladi.

“Hamkorlik bo’lgani yaxshi, lekin bu narsa har bir davlatda alohida stansiyalar qurish imkoniyatini ham rad etmaydi. O’zbekiston atom stansiyasiga tayyor, faqat bu juda qimmatbaho ne’mat”, - deydi akademik.

Qozog’iston 2011 yildan AES qurishga kirishmoqchi. “Qozoqatomsanoat” ma’lumotlariga ko’ra, atom stansiyasi uchun reaktorlarni Rossiya bilan hamkorlikda ishlab chiqarish rejalangan. Aktau viloyatida qurilishi rejalangan AESni 2016 yilga borib ishga tushirish ko’zlanmoqda.

Akademik Bekjon Toshmuhammedovga ko’ra atom - energetikaning kelajagi. O’zbekiston bu borada imkoniyatlarga ega, biroq energiya ishlab chiqarishning mutlaqo zararsiz bo’lgan boshqa muqobil yo’llarini ham yoddan chiqarmaslik kerak.

“Mening nazarimda hozirgi paytda biz uchun ma’qul yo’l - quyosh energiyasidan foydalanish bo’yicha tadqiqotlarni kengaytirish”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG