Islom va G'arb - muammo kaliti musulmon olamida deydi olimlar






Prezident Barak Obama g’arb va islom dunyosi aloqalarini yaxshilab, tafovutni tugatishga urinar ekan, Indoneziyaga rejalangan safarini kechiktirdi. Bu - musulmon olami bilan rishtalarni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashrif bo’lishi aytilmoqda.

Siyosatshunoslar nazarida bu mushkul vazifa va unga erishish uchun hali ko’p mehnat qilish kerak.

Islom dunyosi va g’arb orasidagi bahsu-munozaralar yangilik emas. Gollandiyada payg’ambar Muhammad karikaturasi chop etilganida tomonlar bir tortishgan, Yevropada o’quvchi qizlar hijob o’raganida, Shveytsariyada minoralar man qilinganida ham ancha janjal bo’lgan edi.

Iroq va Afg’onistondagi urushlar esa rishtalarni yanada taranglashtirgan.

Prezident Obama o’tgan yili Misrga safari paytida “yarashaylik”deya qo’l cho’zdi.

“Men nasroniy bo’lsamda, otam, bobolarim musulmon o’tishgan”,- dedi Barak Obama so’zni salomdan boshlar ekan.

“Amerika va musulmon olami o’rtasida aloqalarni yangi sahifadan boshlash tarafdoriman. Qo’shma Shtatlar islom dunyosi bilan emas, balki adovat urug’ini sochayotgan ektremist, jinoyatchilar bilan jang qilmoqda”,- deydi Obama.

Diniy tafovutlar, adovat uzoq asrlik tarixga ega va necha-necha insonlar, avlodlar hayotini yakson qilgani sir emas.

Ammo odamzot hamisha murosa yo’llarini izlaydi va topadi ham.

Mash’um 11 sentyabr voqealaridan so’ng muloqot zarurati qayta-qayta quloqqa chalina boshladi.

Sunniy va shia ulamolar yaqinda Vashingtondagi ibodatxonada nasroniy peshvolar bilan uchrashib, shu zarurat haqida gaplashdi. Misrlik olim, professor Ahmad Al-Toyib Obamaning da’vatlarini muhim qadam deya ta’riflaydi: “Misrdagi nutqini eshitib juda ta’sirlangan edim. Bu so’zlarning ijrosini kutayapmiz”.

AQSh Isroilni yoqlashdan yoki musulmon davlatlari bilan urushdan tiyilishi kerak, deydi olim. Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti professori Fuad Ajamiy nazarida va’dani o’ylab berish kerak: “Obama to’g’ri, asosli takliflarni olg’a surmoqda. Ammo bu juda mas’uliyatli vazifa hamdir. Katta rejalar qilib, olamshumul va’dalar berib, qanday bajarar ekan?”

Fuad Ajamiyning aytishicha, barcha muammolar kaliti aslida islom dunyosida.

“So’nggi bir necha o’n yillikda islomning sha’niga putur yetdi. Jangari, jinoiy ekstremist kuchlar dindan o’z razil maqsadlarida, qalqon sifatida foydalandi. Qayoqqa qaramang shu ahvol: Yamanda, janubiy Osiyoda, Pokistonda jihodga, keraksiz, behuda urush va qon to’kishlarga da’vat qiluvchi odamlarni ko’rasiz. Menimcha, hozir aqli raso musulmonlar islom dini xavf ostida ekanini tushunib yetmoqda. Islom ming afsuski radikalizm sinonimiga aylanib qolgan”,- deydi Fuad Ajamiy.

Prezident bo’lish, hammaning ko’ngliga yo’l topish oson emas. Ba’zilar nazarida Barak Obama hammadan uzr so’rash bilan ovora. Ammo davlat rahbari qarorida qat’iy.

“Barcha din vakillari tinch-totuv yashashi mumkin. Qo’shma Shtatlar bunga yaqqol misol. Amerikada yetti million musulmon yashaydi. Ular bu jamiyatning muhim qatlami”,- deydi AQSh rahbari.

AQSh – erkinlik diyori. Har bir inson xoh musulmon, xoh nasroniy, yahudiy yoki boshqa din vakili bo’lsin, erkin e’tiqod qilish, bahslashish huquqiga ega va o’zga din ahliga izzat-ikrom ko’rsatishni unutmaydi. Bu insonlarning Obamadan umidi katta.

AQSh rahbari bolaligi o’tgan diyor Indoneziyaga - dunyodagi eng yirik musulmon jamiyatiga yoz boshida safar qilishni rejalamoqda.

Bu tashrifdan orzu-umidlar katta, xavotirlar ham yetarli. Obama bu tashrifga anchadan beri ko’z tikkan. "U yerga qadam ranjida qilish men uchun sharaf", - deydi prezident.

XS
SM
MD
LG