BMT O'zbekistonda internet bilan bog'liq vaziyatga baho bermoqda


BMT Taraqqiyot dasturi O'zbekistonda internetning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari haqida hisobot e'lon qilgan.

Unga ko'ra, O'zbekistonda global tarmoqdan foydalanish kengaymoqda, o'zbek tilidagi axborotga ehtiyoj kuchaygan.

Lekin hisobot senzura muammosini chetlab o'tgan. Holbuki, xalqaro tashkilotlar O'zbekistonni internetga dushman 12 davlatdan biri sifatida ko’radi.

BMT Taraqqiyot dasturi loyihasining menedjeri Sanjar Saidxo'jayev so’zlariga ko'ra, hisobot internet xizmati ko'rsatuvchi tashkilotlar fikrlarini o'rganib, ekspertlarni jalb etgan holda tayyorlangan.

Unda kelajakda zarur sharoitlar, texnologiylar haqida ham ma'lumot taqdim etiladi. O’zbekistonda, deyiladi hujjatda, internetdan foydalanuvchilar soni oshgan, ayniqsa, o'zbek tilidagi saytlarga murojaat qiluvchilar ko'paygan.

“Turli veb saytlar mualliflarining gapi bo'yicha qiziqish kuchli. Hat xil veb saytlar, onlayn xizmatlar tashkil qilingan. Ularga talab ham oshgan”, - deydi Sanjar Saidxo'jayev.

Mazkur hisobotda O'zbekistonda internet bilan bog’liq bugungi haqiqiy vaziyat, jumladan, senzura aks etmagan. Sanjar Sayidxo'jayevning aytishicha, internet senzura bilan bog'liq vaziyat mazkur hisobotga doir mavzulardan emas.

“Biz ayrim, o'z oldimizga vazifa qilib qo'ygan yo'nalishlarni ko'rib chiqqanmiz, boshqa yo'nalishlarni ko'rmaganmiz. Kompaniyalarning talablari, rejalari qanaqa - bu borada davlat, kompaniyalarning o'zlari nima qilishi kerakligi haqida ma'lumot berganmiz”, - deydi u.

O'zbekiston hukumatiga axborot texnoligiyalarini joriy etish va shakllantirish bo'yicha ko'mak ko'rsatuvchi BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi hukumatga tavsiyalar berish bilan birga turli ilg'or tashabbuslarni ham amalga oshirishi mumkin.

Sanjar Saidxojayev so'zlariga ko'ra, internet senzurasi alohida, chuqur o'rganilishi lozim bo'lgan masala. “Bu borada to'g'ri bir javob berish uchun avval chuqur analiz qilish kerak. Vaziyat rostdan qanaqa, uning ta’siri qanday bo'layapti degan mazmunda”, - deydi Saidxo'jayev.

Xalqaro tashkilotlar, mustaqil jurnalistlar nazarida O'zbekiston internetni bo'g'ayotgan sanoqli davlatlardan biri. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti O'zbekistonni internetga dushman 12 davlatdan deya xulosa qiladi.

Mamlakatda internetni nazorat qilish kuchayar ekan, O'zbekiston haqida mustaqil axborot tarqatuvchi saytlar, xorij axborot vositalarining bu davlat haqidagi sahifalari, shuningdek, muxolifatga tegishli internet sahifalar taqiqlab qo'yilgan.

Mustaqil jurnalistlar BMT taraqqiyot dasturi hisobotida bu muammolar aks etmayotganidan taajjubda. Mamlakatda keskin internet senzurasi o'rnatilgani hech kimga sir emas. “Hukumat internetni to'sish usullarini rivojlantirayotganiga qaramasdan, o'quvchilar turli aylanma y'ollar bilan axborot olishga muvaffaq bo'lmoqda”, - deydi mustaqil jurnalis Sid Yanishev.

Boshqa bir jurnalist internet nazorati kuchayganini hozirda haqiqatni faqat internetda o'qish mumkinligi bilan izohlaydi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 2 million 800 ming kishidan oshgan.

XS
SM
MD
LG