Afg'oniston mustaqil saylov komissiyasi raisi ishdan bo'shagan


Afg’onistonda Mustaqil saylov komissiyasi raisi va uning muovini ishdan bo’shagan. Rasmiylarning aytishicha, rais Azizulla Ludin va uning muovini Dovud Ali Najafiyning xizmat muddati tugagan.

Ular o’tgan yili BMT shafe’lidifa prezident saylovlariga bosh-qosh bo’lib, Hamid Karzayga berilgan ovozlarning uchdan bir qismini noqonuniy deb bekor qilgan edi.

Bu orada prezident Karzay G’arb va BMTni tanqid qilib, saylovga asossiz aralashganlikda ayblagan. Qo’shma Shtatlar afg’on rahbarining G’arbga qarshi bayonotlaridan afsusda.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Vashington Hamid Karzayning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Agar do’q va ta’nalar davom etaversa, 12 may kuniga belgilangan, prezidentlar Barak Obama va Hamid Karzay uchrashuvi bekor qilinishi mumkin.

Afg’on rahbari o’tgan hafta qonunchilar bilan majlis paytida G’arbga qarshi g’azabli chiqishlar qilgan. Tashqi dunyo afg’on ishlariga aralashaversa, Tolibon safiga qo’shilaman, degan Karzay.

Bugun Afg’onistonning Nangarhor viloyatida NATO mashinasi yonida portlash ro’y berib, bir kishi halok bo’lgan. O’nlab fuqaro jarohat olgan.

Bu orada NATO rasmiylari Afg’oniston janubi va sharqida o’tkazilgan havo hujumi va talofatlarni tergov qilmoqda. Hilmand va Kapisa viloyatidagi bu otishma natijasida aholi vakillari, jumladan, ayollar va bolalar nobud bo’lgan.

AQSh generali Stenli Makkristal Kobulda din va siyosat arboblariga murojaat qilar ekan, “urushda talofatlar bo’lishi muqarrar” dedi. “Biz har qanday xatoni darhol tergov qilishga, uni tan olishga tayyormiz. Biroq bu urushda, qanchalik ehtiyot bo’lmaylik, qurbonlar bo’lishi aniq” deydi Makkristal. “Lekin bino va maktablarni portlatgan, ayol va bolalardan qalqon sifatida foydalangan jangarilar uchun inson hayotining qadri yo’q. Uzr so’rab, xatoni tan olish ularga yot”, -deydi AQSh generali.

AQSh va NATO kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondoni Stenli Makkristal o’tgan yili havo hujumlarini cheklash, aholi orasida talofatlarning oldini olish haqida nizom chiqargan edi. Ammo Kobulda so’zlagan generalning aytishicha, afg’on armiyasi va xalqaro koalitsiya ham shu davlat mudofaasi yo’lida jon bermoqda. Minglab zobitlarning hayoti barbod, o’zi majruh bo’lmoqda, deydi Makkristal.

Aholi orasida o’lim afg’on hukumati va NATO o’rtasida bahsga sababchi asosiy mavzulardan. Bu tortishuv Tolibonga qarshi kurash, tinchlikni ta’minlash sa’y-harakatlariga pand berishi mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG