Qirg'iziston shimolida g'alayon, janub hozircha tinch


Qirg’iziston poytaxti Bishkekda minglab odamlar parlament bunosiga bostirib kirib, bosh prokuraturaga o’t qo’ygan.

Hukumat 40 kishi o’lgan, 400 nafari jarohat olgan desa, muxolifat kamida 100 odam o’lganini aytmoqda.

Talas shahrida Ichki ishlar vaziri Moldomusa Kongatiyev va Vitse-premyer Oqilbek Japarov garovga olingan. Shuningdek, asosiy davlat idoralari namoyishchilar qo’lida.

Poytaxt Bishkekda vaziyat keskin – qator savdo markazlari, do’konlar, bozorlar yopilgan. 2005 yilgi namoyishda shahar ahli aynan talonchilardan jabr tortgan edi.

Hozirda mamlakatda 30 kunlik favqulodda vaziyat e’lon qilingan. Soat kechki sakkizdan keyin odamlarning ko’chaga chiqishi, bir yerda yig’ilish man etiladi.

Oshxona, kafe va disko-klublar yopilgan.

Milliy davlat telekanali muxolifat qo’lida ekani haqida xabarlar bor. Jamoatchilik, nohukumat tashkilotlar tomonlar kelishuvga chaqirmoqda. Bishkek shahar hokimiyati odamlarni qon to’kmaslikka, osoyishtalikka da’vat etmoqda.

Internetdagi axborot saytlaridan faqatgina akipress.kg sahifasi ishlamoqda, qolgan saytlarga – ham tashqi, ham ichki manbalarga kirish qiyinlashgan.

Kuzatuvchilarning aytsihicha, namoyishlarning asosiy sababi Qirg’izistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning og’irlashgani.

Yil boshida hukumat issiqlik, gaz, elektr quvvati uchun narx-navoni oshirgan. Busiz ham kambag’al aholi bu qimmatchilikdan norozi bo’lib, bosh ko’targan. Muxolifat yetakchilari, jumladan, Almaz Atambayev, Temir Sariyev va Omurbek Tekebayevlar hibsga olingani aytilmoqda.

Bosh vazir Doniyor Usenovning aytishicha, muxolifat rahbarlari namoyishlardan maqsad hokimiyatni qo’lga olish ekanini yashirmagan.

Bugun tongda so’zlagan Usenovning so’zlariga ko’ra, rasmiylar muxolifat bilan muloqot qilishga urinib ko’rgan. Ammo bu natija bermagan. Bosh vazir avvalgi bayonotida muxolifat qonunlarni buzganini, shu bois ular bilan muzokara bo’lmasligini aytgan edi.

“Bunday xatti-harakat ijrochilarini tartibga chaqiramiz, aks holda keskin chora ko’ramiz” degan Usenov.

Biroq bugun Talas va Norin viloyatlariga bosh vazir or’inbosarlari va boshqa rasmiylar yuborilgan. Namoyishchilar esa ularni garovga olgan.

Janubiy Qirg’iziston, xususan O’shda vaziyat tinch.

Odamlar farzandlarini bog’chalar va maktablardan ertaroq olib ketishmoqda.

Bozor, oshxona va savdo markazlari favqulodda holat tufayli erta yopila boshlagan. O’sh yaqinidagi qirg’iz-o’zbek chegarasi, oxirgi ma’lumotlarga ko’ra, odatdagi tartibda ishlamoqda.

O’shliklar vaziyat haqida munosabat bildirishdan, ismini aytishdan cho’chishadi. Ular nazarida shimoldagi g’alayon rasmiy Bishkekning ichki siyosati natijasidir.

Janub ahli Bishkek va boshqa shaharlarda qon to’kilayotganidan tashvishda ekanini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG