Xorijdagi qirg'iz muxolifati vatanga qaytmoqda


Xorijdagi qirg'iz muxolifati vatanga qaytmoqda

Xorijdagi qirg'iz muxolifati vatanga qaytmoqda

Qurmanbek Bakiyev 2005 yil mart inqilobi natijasida hokimiyatga kelganidan beri Qirg'izistonda siyosiy vaziyat borgan-sari yomonlasha bordi. Mustaqil matbuotga tazyiq kuchaydi, bir necha qonunchi qotil qo'lidan o'lib, tergov natijasiz qoldi, ko'zga ko'ringan siyosatchilar g'oyib bo'ldi, qamoqqa olindi yoki mamlakatdan qochishga majbur bo'ldi.

2009 yil ham bundan mustasno bo'lmadi. Mustaqil jurnalist Olmoz Tashiyev militsiya tomonidan kaltaklanib, o'ldi. Prezident mahkamasining sobiq rahbari Medet Sadirqulov avtohalokatga uchradi, ammo muxolifat uni qotillik deb atadi. Hukumatning ashaddiy tanqidchilaridan biri, huquq himoyachisi Gennadiy Pavlyuk Almatidagi baland imoratdan uloqtirib yuborildi. Sotsial-demokratlar partiyasining parlamentdagi a'zosi Ruslan Shabatoyev o'ldirildi. Partiyaning parlamentdagi fraksiyasi rahbari Baktibek Beshimov hayotiga qasd qilinganini aytib, AQShga chiqib ketdi.

Biroq 7 apreldagi kutilmagan voqealar Qirg'izistondagi siyosiy vaziyatni tubdan o'zgartirdi. Xalq g'alayoni natijasida Bakiyev tuzumi qulab, muxolifat, 5 yil ilgari bo'lgani kabi, yana hokimiyatni o'z qo'liga oldi. Hibsdagi muxolifatchilar shu zahotiyoq ozod etildi. Sobiq mudofaa vaziri Ismoil Isoqov ozodlikka chiqibgina qolmay, lavozimida tiklandi. 2005 yil inqilobining faol tashkilotchilaridan biri, ikki yil oldin mamlakatni tark etgan Edil Baysalov surgundan qaytib kelib, bugun muvaqqat hukumat raisi Roza Otunbayeva mahkamasiga rahbar etib tayinlandi.

Ikkinchi inqilob xorijga chiqishga majbur bo'lgan muxolifatchilarga umid bag'ishladi. Jumladan, ayni damda Vashingtonda yashayotgan Ravshan Jeyenbekovga. Jeyenbekov o'tmishda Qirg'izistonning Malayziyada elchisi bo'lgan. "Ota-Makon" partiyasi a'zosi.

"Hokimiyatni qo'lga olgan muxolifat ayni damda mamlakatda barqarorlikni tiklab, demokratik institutlar ishini ta'minlashi zarur".

Jeyenbekovning aytishicha, prezident Bakiyev va uning hamtovoqlarini zudlik bilan sudga tortish zarur.

"Bakiyev va u tuzgan jinoiy tuzum siyosatini o'tkazgan xizmatchilari qilmishlari uchun qonun oldida javob berishi kerak".

"Bakiyevdan keyin keladigan yangi rahbar u kabi avtoritar yo'lga kirib ketmaydi deb kafolat bera olasizmi" degan savolga Ravshan Jeyenbekov shunday javob beradi:

"So'nggi 20 yil ichidagi tajriba shuni ko'rsatadiki, prezident boshqaruvi tizimi Qirg'izistonga to'g'ri kelmaydi. Mamlakatda parlament tizimini kuchaytirib, prezidentlikka barham berish kerak".

Jeyenbekov ertaga Qirg'izistonga qaytishini aytmoqda. Ungacha esa AQSh rasmiylari bilan muloqot qilib, muvaqqat hukumat siyosatini tushuntirishga harakat qilyapmiz, deydi.

Qirg'izistondagi inqilob kunlari AQShda ikki tomonlama maslahatli uchrashuvlar va biznes-forumda ishtirok etish uchun Vashingtonga Tashqi ishlar vaziri Qodirbek Sarboyev boshchiligidagi delegatsiya kelgan. Barcha tadbirlar bekor qilingan bo'lsa-da, vazir kecha Davlat departamentida qabul qilindi. Delegatsiya tarkibida Qurmanbek Bakiyevning o'g'li, sarmoya agentligi rahbari Maksim Bakiyev ham bor edi. Muxolifat uni ko'p million dollarlik bizneslarni o'zlashtirganlikda, jinoiy guruhlar bilan aloqalarda ayblaydi. Biroq Ravshan Jeyenbekovning bizga bugun aytishicha, Maksim Bakiyev delegatsiyadan ajrab, noma'lum yo'nalishda ketgan. AQShdan chiqib ketgan bo'lishi ham mumkin, biroq, deydi Jeyenbekov, u albatta ushlanib, sudga topshiriladi.

Bishkekdan Qirg'iziston janubiga qochgan Qurmanbek Bakiyevning o'zi kecha ilk bor bayonot bilan chiqib, xorij matbuotiga intervyu bergan. Poytaxtdagi tartibsizliklarda va ko'plab odamlarning o'limida muxolifatni ayblab, prezidentlikdan ketmasligini va muxolifatga qarshi kurashishini aytgan.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'lgan AQShdagi yana bir qirg'iz muxolifatchisi, o'tmishda parlament spikeri o'rinbosari Quvvatbek Baybulovning aytishicha, Bakiyev shimol bilan janubni to'qnashtirib, fuqarolik urushiga turtki berishi mumkin.

"Lekin bu narsa uning qo'lidan kelmaydi deb o'ylayman", - deydi Baybulov.

Sobiq qonunchining aytishicha, Qirg'izistondagi voqealarga, ba'zilar ta'kidlaganidek, tashqi kuchlar aralashmagan.

"Aslo yo'q. 2005 yilda ham, hozir ham inqilobga xalq noroziligi sabab bo'lgan".

Quvvatbek Baybulov ham tez kunlarda vataniga qaytishini bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG