Breaking News

Qirg'izistonda bu safargi o'zgarishlar nima olib keladi?


<!-- IMAGE -->

Qirg'izistonda hokimiyat tepasiga kelgan muxolifat mamlakatda tartibni tiklashga harakat qilyapti.

Muvaqqat hukumat prezident Qurmanbek Bakiyevga xavfsizlik kafolatlari evaziga lavozimidan rasman voz kechishni taklif qilmoqda.

Ba'zilar Qirg'izistondagi g'alayon ortida tashqi kuchlar qo'li bor deyishiga qaramay, mintaqa bo'yicha mutaxassislar fikricha, iqtisodyotning yomonlashishi, avtokratiyaning kuchayishi va korrupsiyaning chuqur ildiz otishi xalq sabr kosasini to'ldirgan.

2005 yil martidagi inqilobdan ko'p narsani kutgan xalq o'zini aldangan deb his qilmoqda. Natija bu safar boshqacha bo'ladi degan umid bor. Yangi boshqaruv, yangi va'dalar.

Askar Akayevni korrupsiyada ayblab, hokimiyatdan ag'dargan muxolifat Qurmanbek Bakiyevdan islohotlar kutdi, biroq ahvol yaxshilanmadi.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti (Johns Hopkins University) professori Frederik Starrning aytishicha, Lolaqizg'aldoq inqilobidan Bakiyevning oilasi foyda ko'rdi.

"Hozirgi muvaqqat hukumat boshida turgan Roza Otunbayeva 2005 yilda ham faol edi. Ammo birinchi inqilob muvaffaqiyatsiz kechdi. Muxolifat ancha zaiflashdi. Tarix saboqlari o'zlashtirildimi, yo'qmi, tez orada bilib olamiz", - deydi amerikalik olim.

Yana bir mutaxassis, Stratfor tahlil markazi xodimi Loren Gudrix iqtisodiyoti o'ta nochor Qirg'iziston qanday qilib davlat sifatida faoliyat yuritayotganidan hayratda.

"Mamlakat shu qadar iqtisodiy muammolarga botganki, iqtisodiyoti yo'q desa ham bo'ladi. Har bir mahsulotni chetdan olib kirishga majbur. Aholi qashshoqlashgan. Mamlakatni boshqarish nihoyat og'ir", - deydi Gudrix.

Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari yuborayotgan pul Qirg'iziston yalpi ichki mahsulotining 40 foiziga to'g'ri keladi. Biroq global tanazzul oqibatida Rossiyada ish bozori qisqarib, muhojirlar vataniga kamroq pul yuboradigan bo'ldi.

Ustiga-ustak, deydi Loren Gudrix, prezident Bakiyev korrupsiyani avj oldirib, siyosiy erkinliklarni bo'g'ib qo'ydi.

"Bakiyev na AQSh va na Rossiya tomon og'di. U asosan o'zini o'yladi. Qayerdan ko'p pul chiqsa, o'sha yerga yugurdi. Biron bir mafkurani targ'ib qilmadi", - deydi tahlilchi.

Ba'zilar Qirg'izistondagi g'alayon ortida iqtisodiy omillar bor, xalq kommunal xizmatlar uchun to'lovlarning ikki baravar ko'tarilganiga dosh bermay ko'chaga chiqdi desa, boshqalar nazarida Bakiyev hukumati Rossiya ta'sirida parchalandi.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin muvaqqat hukumatni olqishlagan holda "bizning inqilobga aloqamiz yo'q" deb ishontirishga harakat qildi. Barak Obama ma'muriyati ham Rossiyaning rolini inkor etdi.

Oq uy rasmiysi Maykl Makfolning aytishicha, Rossiya g'alayonga homiylik qilgani yo'q va bu AQShga qarshi harakat ham bo'lgan emas.

"Bunga dalil yo'q", - deydi u.

Tahlilchi Frederik Starr bu fikrga qo'shilgan holda Rossiyaning Qirg'izistondagi ta'siri salmoqli ekanini ham e'tibordan qoldirmaslik kerak, deydi.

"Qirg'iz razvedkasini 40 qa yaqin rossiyalik mutaxassis boshqaradi. Qo'shma Shtatlar buni inobatga olishi, jiddiy qabul qilishi kerak. Ammo bu bilan inqilob ruslarning ishi deya olmayman", - deydi Starr.

Qirg'iziston ham Rossiya, ham AQSh harbiy kuchlariga baza ajratgan mintaqaning yagona davlati ekan, Kreml Manasdagi AQSh bazasi haligacha yopilmaganidan noroziligini yashirmaydi.

Stratfor guruhi eksperti Loren Gudrix nazarida Rossiya hozirgi vaziyatdan foydalanib, yangi hukumat orqali Manas masalasini o'z foydasiga hal qilishga urinib ko'radi.

Vashingtonlik yana bir tahlilchi, Xeritij jamg'armasi (Heritage Foundation) )xodimi Ariel Koen fikricha, Roza Otunbayeva bu masalani Rossiya, Xitoy va AQSh bilan alohida muhokama qilishga majbur bo'ladi.

Muvaqqat hukumat AQSh kuchlari Manasdan chiqariladi demagan bo'lsa-da, masala qayta ko'rib chiqilishi ehtimoldan xoli emas.

XS
SM
MD
LG