Polsha prezidenti, davlat arboblari aviahalokatda o'lgan


Polsha prezidenti, davlat arboblari aviahalokatda o'lgan

Polsha prezidenti, davlat arboblari aviahalokatda o'lgan

<!-- IMAGE -->

Polsha prezidenti Lex Kachinskiy va bu mamlakatning boshqa yuqori lavozimdagi arboblari aviahalokatda nobud bo’lgan.

TU-154 (Tupolev) samolyoti Rossiyaning Smolensk shahrida qo’nish paytida daraxtlarga urilib, parchalanib ketgan. Bortidagi 96 kishidan hech biri omon qolmagan.

Smolensk gubernatori Sergey Antufiyevning aytishicha, samolyot quyuq tuman sharoitida aeroportga qo'nishga harakat qilayotib, daraxt shoxlariga tegib yerga qulagan.

O’lganlar orasida prezident Lex Kachinskiy va uning rafiqasi Mariya, Polsha armiyasi va markaziy bank rahbarlari, prezident maslahatchilari va o'nlab qonunchilar bo’lgan. Delegatsiya Rossiyada Ikkinchi Jahon urushidagi qatliom qurbonlarini xotirlash marosimida ishtirok etishi rejalangan edi.

<!-- IMAGE -->

2005 yilda prezident etib saylangan Lex Kachinskiy 61 yoshda edi.

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bir haftalik motam e’lon qilar ekan, mamlakat yaqin tarixida bu qadar dahshatli fojia ro’y bermagan, deydi. Donald Tusk va Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Smolensk shahriga yo’l olmoqda.

Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, prezident vakolatlari vaqtincha parlament quyi palatasi spikeri Bronislav Komorovskiyga topshiriladi va ikki oy ichida yangi saylov o’tkaziladi.

Mutaxassislarga ko'ra, TU-154 samolyotlari 1960-yillarda loyihalangan bo'lib, hozir dunyo bo'ylab taxminan 200 tasi xizmatda. Rossiyada ularni ishlab chiqarish bundan 20 yilcha oldin to'xtatilgan edi.

Xabarlarga qaraganda, Polsha rasmiylari hukumatning samolyotlar parkini yangilash zaruriyatini anchadan beri ta'kidlab keladi.

Dunyo rahbarlari, jumladan AQSh prezidenti Barak Obama, Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin, Germaniya kansleri Angela Merkel va Gruziya rahbari Mixail Saakashvilli Polsha xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgan.

XS
SM
MD
LG