Breaking News

Qirg'izistonga o'z yo'lini tanlash uchun yana bir imkoniyat


Qirg'izistonga o'z yo'lini tanlash uchun yana bir imkoniyat
Qirg'izistonga o'z yo'lini tanlash uchun yana bir imkoniyat

<!-- IMAGE -->

Qirg'izistonda qurbonlar dafn etildi. Mamlakat ular xotirasi uchun ikki kun motam tutdi.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, g’alayonda halok bo’lganlar soni 80 dan oshgan.

Qurmanbek Bakiyev namoyishchilarga qarata o’q otishga buyruq bermaganini ta’kidlamoqda. Muvaqqat hukumatga ko’ra esa odamlar hukumat ko’rsatmasiga binoan snayperlar tomonidan o’qqa tutilgan.

Muvaqqat rahbarlar Qirg’iziston parlament respublikasi bo’lishini ta’kidlamoqda. Korrupsiya va adolatsizlikdan charchagan qirg’iz xalqiga vaziyatni o’nglash uchun bu ikkinchi imkoniyat.

Bu yog'i nima bo'ladi?

Ayni damda Qir’gizistonda vaziyat tinchidi deyish qiyin. Bakiyev o’z vakolatlarini topshirmagan. U Jalolobodda qurolli guruhlar tomonidan qo’riqlanayotgani, tarafdorlar to’playotgani haqida ma’lumotlar bor.

10 aprel kuni o’zbek madaniyat markazi qurbonlarni xotirlab namoyish o’tkazgan. O’shdagi o’zbek madaniyat markazi tarqatgan bayonotda aholi turli fitnalardan saqlanishga chaqiriladi. Sharhlovchilarga ko’ra Qirg’iziston janubidagi hozirgi vaziyat bir qadar qaltis.

“Jaloloboddagi o’zbeklar ma’lum shartlarga ko’ra muvaqqat hukumatni qo’llashini bildirgan. Ya’ni ular mamlakatdagi o’zbeklarga ham qirg’izlar bilan birdek sharoit yaratilishini talab qilishgan. Shu bilar birga Jalolobodda Bakiyev tarafdorlari kichik-kichik miting qilayotgani, ular haqida xunuk gaplar aytilayapti. Ya’ni ular avval ham provokatsiyalar bilan shu’gullangani haqida xabarlar kelayapti. O’zbeklarga nisbatan qandaydir provokatsiyalar qilinishi mumkin degan tahdid bor”, - deydi Qirg’izistondagi voqealarni kuzatib borayotgan mustaqil jurnalist.

Qirg’izistonda xalq ko’tarilishini kutilmagan hodisa sifatida baholash qiyin. Bakiyev hukumati tomonidan muxolifat faollariga tazyiqlar, so’z erkinligi cheklanishi, ayniqsa korrupsiya keng tarqashi ommaviy noroziliklarga yetaklagan asosiy sabab sifatida ko’rsatiladi.

Rasmiy Toshkent hozircha betaraf

O’zbekiston hukumati Qirg’izistondagi voqealarni mamlakatning ichki ishi deb baholadi. Beqarorlik O’zbekistonning qo’shni tumanlariga o’tishidan cho’chigan hukumat Qirg’iziston bilan chegaralarni vaqtincha yopib qo’ydi.

Hukumatdan farqli, o’zbek muxolifati vakillari Qirg’izistondagi o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlamoqda. Bu borada berilgan bayonotlarga ko’ra qirg’iz xalqida vaziyatni o’nglash uchun ikkinchi imkoniyat tug’ilgan.

“Mening nazarimda bu voqealar xalq o’z xohish-irodasini o’tkaza oladigan darajada imkoniyat borligini ko’rsatmoqda. Bunga faqat bitta sabab emas, albatta iqtisodiy qiyinchilik, adolatsizlik, norozilikni oshib borishi. Asosiy sabab esa hokimiyat butunlay xalq qo’lidan olib qo’yilganida”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Bakiyev Akayevdan ham o'tib tushdi

Ommaviy noroziliklarda tashqi kuchlarning ishtiroki borligi haqidagi qarashlar ham kuchini yo’qotib bormoqda. Avvaliga g’alayonlar tashqi kuch ta’sirida amalga oshganini bildirgan Bakiyev keyinchalik bu da’volardan voz kechdi.

“Avvalo Qirg’izistondagi voqealar rangli inqiloblar ortida hamisha qudratli davlatlarning manfaatlari yotganligi haqidagi afsonalarni yo’qqa chiqardi. G’alayonlar, to’polonlar mamlakatdagi ichki sabablarga asoslanadi. Afsuski, prezident Bakiyev oldin xuddi shu tarzda o’tgan voqealardan saboq chiqarmadi. O’sha paytda uning o’zi avvalgi prezident hokimyatini nimalarda ayblagan bo’lsa, keyinchalik uning o’zi shu xatolarni takrorladi, shu kamchiliklarga yo’l qo’ydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Ommaviy axborot vositalarida ketayotgan munozaralar voqeada tashqi kuchlar o’rni borligini rad etmaydi. Qirg’zistonda muxolifat hukumatga kelishini birinchilardan bo’lib Rossiya quvvatladi. Muvaqqat hukumat tuzilishidan bir kun o’tib muvaqqat hukumat rahbari o’rinbosari Almaz Atambayev Moskvada hukumat vakillari bilan muzokara o’tkazib qaytdi.

Xalqaro tashkilotlar, AQSh ham tomonlarni kuch ishlatmaslikka, ziddiyatlarni qonun doirasida hal etishga chaqirib keldi. O’zbekiston o’z munosabatini voqeadan uch kun o’tib bildirdi.

“O’zbekiston mo’ljalni ko’proq AQShni pozitsiyasiga qarab olmoqchi bo’ldi. Yangi hukumatni iloji boricha tan olmaslik, jarayonni hukumatni bosib olish sifatida ko’rsatishga moyillik bor”, - deydi mahalliy faollardan Abdurahmon Tashanov.

"Manas" bo'yicha xavotirlar

AQSh davlat kotibi Xillari Klinton va muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva o’rtasida telefon muloqoti o’tgan. AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha o’rinbosari Robert Bleyk Bishkekka kelishi kutilmoqda.

Qirg’izistonda AQSh ham, Rossiya ham o’z harbiy bazasiga ega. Kreml bosimi ostida Bakiyev hukumati AQSh harbiylarini mamlakatdan chiqarish haqida qaror qabul qilgan. Amerika diplomatlari bilan o’tgan muzokaradan keyin esa “Manas” tranzit markazi deya nomlanib, AQSh undan foydalanishda davom etdi. Bu Kreml tomonidan keskin norozilik bilan kutib olindi.

Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva AQSh bilan kelishuvlar o’z kuchida qolishini bildirgan. Sharhlovchilar baza masalasi yana kun tartibiga chiqishini ehtimoldan soqit qilmaydi.

“Agarda kimdir yangi hukumatni ko’proq Rossiyaparast deb qarayotgan bo’lsa, bundan AQSh bazasi mamlakatdan chiqariladi deb xulosa chiqarish noto’g’ri. Men bunga shubha bilan qarayman. Chunki Rossiya qanchalik buni xohlamasin, AQShni Manasdagi bazasi Afg’oniston bilan bog’liq aniq vazifalarni bajarayapti. Hozir bu vazifani uzish juda qaltis ish bo’ladi. Afg’onistonda barqarorlik bo’lishidan nafaqat AQSh, Rossiya ham, Qirg’iziston ham manfaatdor”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

O'zbekiston yangi rahbarlar bilan kelisha oladimi?

Qirg’izistonda hukumat almashishi rasmiy Toshkent bilan munosabatlarda qanday o’zgarishlar qilishi noma’lum. Bakiyev hukumati bilan O’zbekiston munosabatlari bir qadar chigal edi.

Kremlning Qirg’izistondagi GESlarni moliyalash qarori, keyinchalik esa O’shda Rossiya qo’shinlarini joylashtirish haqidagi kelishuv Toshkentda keskin norozilik uyg’otgan. O’zbekiston hozircha muvaqqat hukumat bilan aloqaga kirishgani haqida ma’lumot yo’q, munosabatlar qanday davom etishi savol ostida.

“Geosiyosiy jarayonda ko’p o’zgarishlar qilinmasada, yangi hukumatni mintaqadagi masalalar bo’yicha pozitsiyasi qanday bo’lishi qiziq. Xususan O’zbekiston bilan aloqalarda, suvdan foydalanish masalasida. Yangi hukumat bu borada vositachilarni ishga soladimi yoki muammolarni ikki tomonlama munosabatlarga ko’ra yechish lozim deb hisoblaydimi, bu juda muhim”, - deydi Farxod Tolipov.

Roza Otunbayevaga ko’ra Qirg’iziston parlament respublikasi bo’ladi. Muvaqqat hukumat hozir konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritish, qonunchilikni takomillashtirish ustida ishlamoqda.

Senzura kurtaklari

Qirg’izistondagi so’nggi voqealar demokratiyatdan chekinish va avtoritarizm kuchayishi barobarida kuzatildi. Bakiyev davrida Qirg’iziston “demokratiya oroli” sifatidagi maqomini yo’qotib bordi. Bu safargi o’zgarishlar mintaqada “demokratiya oroli”ni qanchalik saqlab qola olishi ham munozara ostida.

“Rejimlar o’z xarakteridan kelib chiqib siyosatini belgilaydi. Bugun dunyo miqyosida demokratiyaga qarshilik qilib turgan davlatlardan biri bu Rossiya. Albatta u o’z siyosatini o’tkazishga harakat qiladi. Bu aksilterror amaliyotlariga ham, Manasdagi bazaga ham taalluqli bo’lishi mumkin. Shuning uchun ham mamlakatda demokratiya qaror topadimi, yoki Rossiyadagi kabi boshqariladigan demokratiyaga o’xshash narsa bo’ladimi, keyingi siyosatga bog’liq. Agar muvaqqat hukumat Rossiya bilan faqat Bakiyevni hokimyatdan chetlatishda hamkorlik qilib, keyin demokratik yo’lga o’tsa, bu juda yaxshi. Lekin Rossiya natijasini avvaldan ko’rmasdan turib bir ish qilishiga ishonmayman, shuning uchun ham menda shubhalar bor”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra Bakiyev davrida ommaviy axborot vositalari ustidan o’rnatilgan nazorat-cheklovlar yana tiklanmoqda.

“Bu borada ilk xabarlar chiqa boshladi. Muvaqqat hukumat sobiq hukumat vakillari ishtirokidagi ko’rsatuvlarni efirga bermaslikni tavsiya qilayotgani haqida gaplar bor. Ayrim ko’rsatuvlar efirga ketishdan oldin muvaqqat hukumat vakillari tomonidan ko’rib chiqilmoqda. Bu to’ntarishlar matbuot erkinligi uchun hech narsa olib kelmaganini ko’rsatadi. To’g’ri, avval to’sib qo’yilgan axborot saytlaridan to’siqlar olib tashlandi, lekin hali vaziyat yaxshi emas”, - deydi mustaqil jurnalist.

Tahlilchilarga ko’ra mintaqaning nisbatan qashshoq respublikasi bo’lgan Qirg’izistonda demokratik qadriyatlar rivojlanishi juda muhim. Geosiyosiy manfaatlar yo’lida demokratik prinsiplar qurbon qilinishi bu mintaqada og’ir oqibatlar bilan kuzatilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG