Breaking News

Obama Vashingtonda Qozog'iston rahbari bilan uchrashdi


<!-- IMAGE -->

Bugun Vashingtonda yadro xavfsizligiga doir ikki kunlik xalqaro anjuman ochiladi.

Prezident Obamaning aytishicha, yadro materiallari terrorchilar qo'liga tushmasligini ta'minlash ustuvor vazifa bo'lishi lozim.

AQSh rahbari kelasi 4 yil ichida atom materiallariga egalik qiluvchi davlatlar bilan hamkorlikda yadro omborlari xavfsizligini kuchaytirishni taklif qilmoqda.

Anjumanning AQSh nazarida ahamiyati katta, chunki, deydi prezident Obama, yadro qurollari terrorchilar qo'liga tushsa, undan ikkilanmasdan foydalanishadi, bu esa global xavfsizlik tizimini ostin-ustun qilib yuboradi.

Vashingtonga Markaziy Osiyodan Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ham kelgan. Ma'lumki, Sovet davrida Semipalatinskdagi poligonda yadro qurollari sinovdan o'tkazilar edi va Sovet Ittifoqi qulagach, Qozog'iston AQSh bilan hamkorlikda hududidagi yadro qurollarini yo'q qilishga rozi bo'lgan.

Nazarboyev kecha prezident Obama bilan uchrashdi. Qozog'iston elchixonasiga ko'ra, ikki rahbar nafaqat yadro xavfsizligi, balki Afg'oniston, iqtisodiy hamkorlik, energetika va boshqa masalalarda ham fikr almashgan. Qozog'iston afg'on talabalarini o'z oliygohlarida o'qitishga 50 million dollar ajratgan. Oq uy rasmiysi Maykl Makfolning aytishicha, Obama Nazarboyevni namunali rahbar deb atagan.

Uchrashuv so'nggida qo'shma bayonot qabul qilinib, unda Alataudagi reaktorda to'plangan kuchli boyitilgan uranni zararsizlantirish zarurati ta'kidlangan. Prezident Obama Qozog'istonning Afg'oniston borasidagi har tomonlama harakatlarini olqishlab, AQSh va NATO yuklarini Shimoliy ta'minot tizimi orqali Afg'onistonga uzatishda Qozog'iston rolini oshirishga chaqirgan.

Kechaning o'zidayoq Qo'shma Shtatlar va Qozog'iston o'rtasida fan va texnologiya bobidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bitim imzolandi. 7 yillik muzokaralar mahsuli bo'lmish shartnoma ikki davlat rasmiy idoralari, bilim yurtlari, tadqiqot markazlarining o'zaro hamkorligiga yo'l ochib beradi.

Vashingtonga 47 davlatdan yuqori rasmiylar to'plangan. Prezident Obama anjumandan oldin kecha 10 dan ortiq davlat rahbarlari bilan uchrashgan.

AQSh rahbarining aytishicha, yadro xavfsizligi qisqa, o'rta va uzoq muddatdagi eng muhim masala.

"Al-Qoida kabi guruhlar yadro yoki boshqa turdagi ommaviy qirg'in qurollarini qo'lga kiritishga intilmoqda", - deydi Obama.

Oq uyga ko'ra, anjuman so'nggida ishtirokchi davlatlar yakuniy bayonot chiqarib, yadro terrorizmi xavfi global tahdid ekanini rasman tan olishi kutilmoqda.

Obama ma'muriyati ushbu masalani ustuvor vazifa deb belgilar ekan, o'tgan hafta AQSh va Rossiya prezidentilari Pragada yadro qurollarini qisqartirishga doir bitim imzoladi, sal avval esa Qo'shma Shtatlar yangi yadro strategiyasini e'lon qildi.

XS
SM
MD
LG