AQSh: "Qirg'izistondagi bugungi haqiqatni tan olamiz"


AQSh: "Qirg'izistondagi bugungi haqiqatni tan olamiz"

AQSh: "Qirg'izistondagi bugungi haqiqatni tan olamiz"

<!-- IMAGE -->

Muvaqqat hukumat Bishkekdan quvilgan Kurmanbek Bakiyevni xalq mulkini o’zlashtirgan jinoyatchi deb atab, uni ixtiyoriy ravishda lavozimni topshirishga va adolat oldida javob berishga chaqirar ekan, Qo’shma Shtatlar vaziyatga ehtiyotkorona yondashmoqda.

Vashington nazarida Qirg’izistondagi muvaqqat hukumat o'tkinchi bir rahbariyat.

“Ammo bugungi haqiqatni tan olamiz va bu rahbarlar bilan muzokara qilib, qirg’iz xalqiga murakkab holatdan tinch yo’l bilan chiqishi uchun yordam beramiz”,- deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krouli (Philip Crowley).

“Bu vaqtinchalik hukumat. Hozirda organlar ular qo’lida”,- deydi janob Krouli.

<!-- IMAGE -->

“Rahbar kim bo’lishini Qirg’iziston fuqarolarining o’zi hal qiladi. Biz bugungi jarayonlarga ochiq ko’z bilan, ongli ravishda qarayapmiz",- deydi AQSh rasmiysi.

"Olti oy ichida saylov o’tkazilib, bu xalq demokratiyaga sodiq rahbar saylaydi degan umiddamiz. Qirg’iziston xalqi bilan hamnafasmiz. Ularning oshkora, mas’uliyatli hukumatga ega bo’lish orzusini quvvatlaymiz va uning dardini tushunamiz”,- deydi u.

Obama ma’muriyatining ana shu fikrini yetkazish uchun hozir Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Blake) Bishkekka yo'l olib, Roza Otunbayeva boshchiligidagi muxolifat bilan so'zlashmoqda.

<!-- IMAGE -->

“Qirg’izistonda konstitutsiya - bosh qomus hamma narsadan ustun qo’yilishini istaymiz”, - deydi Bleyk.

U bilan Qirg’izistonga Oq Uy (Xavfsizlik idorasi) vakili Kurt Donneli va AQSh tashqi yordami koordinatori Daniel Rozenblum ham safar qilmoqda.

Amerika rasmiylari Bakiyev yoki uning atrofidagi odamlarni turli siyosiy va moliyaviy jinoyatlarda ayblashga shoshmayapti. Qolaversa, Rossiya qonli namoyishlar ortida turibdi, muxolifatni moylayapti degan da’volarga ham munosabat bildirishni ma’qul topmayapti. Robert Bleykning aytishicha, Vashington Bakiyev bilan aloqada emas.

Manasdagi harbiy baza o’z ishini davom ettirmoqda. AQSh bilan imzolangan shartnomalar amalda qoladi, deydi muvaqqat hukumat a’zolari.

Bazaning ijara muddati uzaytirilishi mumkin. Amerika bu maskan uchun yiliga 60 million dollar to’laydi. Pul to’rtga bo’linib, har chorakda Qirg’iziston Markaziy Bankiga o’tkaziladi. Muxolifat bu pulni Bakiyev va uning odamlari o’margan deya iddao qilar ekan, Amerika hozircha jim.

“Biz haqni o’z vaqtida, kelishuvga asosan, Qirg’iziston qonunlariga binoan to’laymiz. Biror tovlamachilik qilingani haqida qo’limizda aniq ma’lumot yo’q”,- deydi Bleyk.

Lekin amerikaliklar Qirg’iziston korrupsiyaga botgan jamiyat ekanini biladi va savolga tutilganida, biror jinoyat ehtimoliga shubha qilmaydi.

XS
SM
MD
LG