Breaking News

AQSh rasmiysi Bishkekda muvaqqat hukumat bilan muzokarada


<!-- IMAGE -->

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Blake) bugun Bishkekda muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva va boshqa rasmiylar hamda nodavlat tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi. Muzokara ertaga ham davom etadi.

Qo’shma Shtatlar Qirg’izistonda konstitutsiya qayta yozilishi va parlament saylovlarini o’tkazishda yordam taklif etmoqda.

"Vashington Qirg'izistonga bugungi murakkab holatdan tinch yo’l bilan chiqishi uchun ko’maklashadi",- deydi Bleyk.

<!-- IMAGE -->

Muvaqqat hukumat saylovlar olti oy ichida o’tishini aytmoqda.

AQSh Bishkek yaqinidagi “Manas” bazasidan Afg’onistondagi operatsiyalari uchun tranzit va yonilg’i ta’minoti nuqtasi sifatida foydalanadi. Qirg’izistonda g’alayon boshlangach, bazada AQSh va NATO samolyotlarining uchish va qo’nishi vaqtincha to’xtatilgan edi. Biroq baza masalasi Bleyk-Otunbayeva uchrashuvida ko’tarilmagan.

Rossiya ham Qirg’izistonga yordam taklif etmoqda. Muvaqqat bosh vazir o’rinbosari Olmosbek Atambayev Moskvaga safar qilib, 50 million dollarlik kreditga kelishib olgan. Atambayev sal oldinroq ham Moskvada bo’lib, Putin bilan uchrashganini va Rossiya 150 million dollar va’da qilganini aytgan edi. Biroq keyinchalik Kreml bu ma’lumotlarni inkor etgan.

Ba’zilar nazarida prezident qarshilik ko’rsatib, qon to’kilishlariga sabab bo’lishi ham mumkin. Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Qirg’izistonda fuqarolik urushiga yo’l qo’ymaslik kerak degan.

<!-- IMAGE -->

Jalolobodda esa Qurmanbek Bakiyev muvaqqat hukumat bilan muloqot o’tkazishga tayyor ekanini aytmoqda.

Mamlakat janubida vaziyat nozik. Bugun Jalolobodda muxolifat tarafdorlari anjuman o’tkazishga harakat qilgan, ammo Bakiyevni yoqlab chiqqan to'da bunga yo'l bermagan.

Muvaqqat hukumat vakilllari Jalolobodda xalq bilan uchrashib maslahatlashayotganini aytmoqda.

Roza Otunbayeva Bakiyevni prezidentlikni boy berganini tan olishga chaqirmoqda. Bu mamlakat tinchligi uchun juda muhim deydi u.

AQSh rasmiylari Bakiyev bilan uchrashish niyatida emas.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti masalaga yechim topishga urinmoqda. Bir haftadan buyon mamlakat janubi, Jalolobod viloyatidagi Teyit qishlog'ida tarafdorlari oldida gapirib kelayotgan Bakiyev kecha o'zi va oilasi xavfsizligi ta'minlansa prezidentlikdan ketishga rozi ekanini bildirgan.

Otunbayeva esa faqat Bakiyevning xavfsizligi kafolatlanadi, turli jinoyatlarda ayblangan qarindoshlari haqida gap ketmayapti deydi. Xususan, davlat nazorati xizmati boshlig’i bo’lgan ukasi Janish Bakiyevni hibsga olish to’g’risida order chiqqan. U Bishkekda namoyishchilarni o’qqa tutishga buyruq berishda gumon qilinmoqda.

Otunbayevaning aytishicha, prezident Bakiyevning o’zi qilmishlari uchun xalqaro tribunal oldida javob berishi kerak. Otunbayevaning vakili Azimbek Beknazarov Jalolobodga yo'l olgan.

Jaloloboddan muxbirimiz Ulug'bek Sokinning xabar berishicha, bugun shaharda muvaqqat hukumat tarafdorlari namoyish qilgan, unda bir necha ming kishi qatnashgan. Biroq kutilmaganda minbarni prezident Bakiyevning tarafdorlari egallab olgan. Maydonda ham uni qo’llab-quvvatlovchilar bo’lgan. Ko’p o’tmay tomonlar tortisha boshlagan va muvaqqat hukumat tarafdorlari tarqalib ketgan.

Bishkekdan Jalolobodga borgan inson huquqlari faollari prezident Bakiyev bilan uchrashib, yechim ustida gaplashgan. Faollar poytaxtdagi qonli qo’zg’olonni tekshirish uchun alohida komissiya tuzgan. Mana shu komissiya a’zolari Aziza Abdurasulova va Tolekan Ismailova prezident bilan gaplashar ekan, Bakiyev fojeaning ko’lamini to’liq his etayotganini aytgan.

“Muvaqqat hukumatning oyoqqa turishi uchun amaliy qadamlarga tayyorman”, - deydi prezident.

Bakiyev hozir O’shdagi qarorgohida. Ertaga esa O’shda prezidentning tarafdorlari namoyish rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG