O'zbekistonda omma qo'shni davlatdagi o'zgarishlardan bexabar


O'zbekistonda omma qo'shni davlatdagi o'zgarishlardan bexabar

O'zbekistonda omma qo'shni davlatdagi o'zgarishlardan bexabar

<!-- IMAGE -->

O'zbekistonda yashovchi qirg'iz jamoasi nazarida Qurmanbek Bakiyev prezident sifatida o’z xalqining ishonchini oqlamagan.

Bakiyev janubiy Qirg’izistonda panoh topar ekan, bir paytlar qirg’iz-o’zbek janjaliga sahna bo’lgan vodiyda ahvol keskinlashadi degan xavotir bor.

Biroq bu voqealar O’zbekiston matbuoti e’tiboridan chetda qolmoqda. Xalq Qirg'izistondagi o'zgarishlar haqida asosan xorij axborot vositalari orqali xabar topmoqda, bu ham cheklangan bir ravishda.

"Amerika Ovozi", "Bi-Bi-Si" va "Ozodlik" kabi teleradiolarni faqat qisqa to'lqinda tinglash mumkin. Internet orqali bu manbalarning saytiga hukumat qo'ygan to'siqlarni maxsus programmalar yordamida buzibgina kirish mumkin.

<!-- IMAGE -->

O'zbekistondagi qirg'iz madaniyat markazi Bishkekdagi voqealar yuzasidan aniq bir pozitasiyasi ma'lum qilmagan. Jamoa a'zolari bu borada rasmiy emas, shaxsiy fikr bildirishni ma'qul ko'radi.

“Vaziyatni shu darajaga olib kelgan davlat rahbari konstitutsiya garanti sifatida javob berishi kerak. Mening fikrimcha buning asosiy sababi davlat rahbarini o'z vazifasini bajara olmaganida, ishonchni oqlamaganida. Hozir ikki tomon qarama qarshi bo'lib turibdi, vaziyat juda ziddiyatli. BMT, ShHT, EXHT kabi tashkilotlar bor, men ularni faolligini ko'rmayapman, faqat yordamchilar jo'natib, vaziyatni kuzatib turibdi, ammo aniq yordam yo'q. Bu masala qanchalik orqaga tashlansa, shunchalik ziddiyatlashadi. Uchinchi bir kuch kelib bu boshliqni to'ldirishi mumkin”, - deydi qirg'iz faollaridan biri To'lanboy Qurbonov.

Qirg'izistonda boshlangan to'polonlar natijasida Bakiyev hokimyatdan chetlatildi. Mamlakatda muvaqqat hukumat shakllandi. Qirg'izistondagi jarayonlar dunyo matbuoti, xalqaro hamjamiyat e'tiboridagi asosiy masalalardan biri.

O'zbekiston axborot vositalari uchun Qirg'izistondagi ahvolni yoritish ta'qiqlangan. Bu borada rasmiy ko'rsatma albatta ochiq e'lon qilinmagan, lekin mahalliy jurnalistlar hukumat chizig'idan chiqish xavfli ekanini yaxshi biladi.

<!-- IMAGE -->

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotidan tashqari matbuotda jamoatchilik munosabatini aks ettirgan biror ma'lumotlar uchramaydi.

Bir muddat Bishkekda yashagan o'zbek faollardan biri Abdulla Tojiboy o'g'li Qirg'izistondagi voqealarda erkin matbuot qanday rol o'ynagani haqida gapiradi.

“U yerda so'z erkiligi bor. Televideniyeda ham, matbuotda ham hukumat rahbari yoki boshqa amaldorlar ham tanqid qilinishi mumkin. Informatsiya yaxshiligi uchun ham xalqqa davomiy yetib boradi. Hukumatdagi voqealar, kamchiliklar va yutuqlar ham. Shuning uchun ham qir'giz xalqi o'ziga ma'qul kelgan holatni o'rnatadi”, - deydi u.

Abdulla Tojiboy o'g'li nazarida O'zbekiston matbuoti doimiy qo'rquv ostida faoliyat ko'rsatadi.Qirg'izlar, deydi u, "o'lsa ham, siyosatda o'zib ketgan, o'ziga ma'qul rahbarni qo'yishi ham, olib tashlashi ham mumkin".

"Men bunga qo'shilaman. O'zbekistonda televideniyeda faqat konsert, o'yin-kulgi dasturlari... O'zbek xalqi hukumat, rahbariyat doirasida bo'layotgan voqealar haqida biror informatsiyaga ega emas”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.

Qirg'izistonda muvaqqat hukumat o'rnatilganiga bir haftadan oshdi. O'zbekiston rahbariyati u bilan hali aloqaga kirishmagan, chegara yopiq.

Qirg'iz matbuoti Toshkentdan Bishkekka uchgan samolyotdagi o'zbekistonliklar Manas aeroportidan yurtiga qaytarib yuborilgani haqida xabar tarqatdi.

Qirg'iz chegara xizmati bu qarorini bir muncha oldin O'zbekistonga uchgan qirg'izistonliklar deportatsiya qilingani, O'zbekiston chegarani yopib qo'ygani bilan izohlagan.

XS
SM
MD
LG