"Xabbl" teleskopi bilan koinotga sayohat

  • Amerika Ovozi

Koinotni tasvirga olib, insoniyatni mo’jizakor suratlar bilan siylagan “Xabbl” teleskopi haqida yangi hujjatli film ekranlarga chiqmoqda.

Film yetti fazogirning samoga parvozi va sayyoramiz atrofida aylanayotgan “Xabbl”ni ta’mirlash jarayoni, xullas, nozik va murakkab missiya haqida. Tomoshabin uchun unutilmas bir tajriba.

“Xabbl” teleskopi yigirma yil davomida koinotni suratga olgan. Teleskop insoniyatga samo, hadsiz galaktikalarning betakror suratlarini tuhfa etgan.

Bu davr mobaynida “Xabbl” bir necha milliard kilometr masofani bosib o’tgan, deydi NASA – AQSh fazoviy tadqiqotlar agentligi olimi Ed Vayler.

Uning aytishicha, bu qurilma insoniyat yaratgan boshqa barcha teleskoplardan mukammalroq. Koinot 13,8 milliard yillik tarixga ega bo’lsa, “Xabbl” 600 million yillik taraqqiyotni, uning bosqichlarini suratga olgan.


Teleskop koinotni qanchalik chuqurroq, uzoqroq kuzatsa, uning yaralishini shunchalik teranroq tushunish mumkin. “Xabbl” borliqning u chetidan bu chetiga sayohat qiluvchi nur-shu’lani tasmaga tushiradi. Bu esa borliqning qanchalik katta ekani, uning sarhadlari qayerda ekanini anglashga yodan beradi.

Afsuski, “Xabbl” eskirmoqda va 2014 yilda ishga yaramay qoladi.

Teleskop ishga tushganidan beri astronavtlar samoga besh bor parvoz qilib, “Xabbl”ni sozlagan. 2009 yilgi sayohat zamonaviy IMAX usulida videotasmaga yozildi. Fazogirlar qurilmani remont qilayotgan chog’da kemaga o’rnatilgan, 300 kilogramli bahaybat IMAX kamerasi ekspeditsiyani suratga olib turdi. Operatorlik vazifasini ham fazogir bajardi.

IMAX inglizcha “Image MAXimum” so’zlaridan olingan bo’lib, film formatiga nisbatan ishlatiladi. OMAX usulida ishlangan kartinalarda tasvir kattaroq, aniqroq, o’tkirroq bo’ladi.

Tasvirga olish oson bo’lmagan. “Xabbl” har 90 daqiqada sayyoramizni bir marta aylanib chiqar, har 45 daqiqada kun chiqib, kun botar edi. Yorug’lik tez-tez o’zgarib turgani bois astronavtlar ham to’xtab-to’xtab ishladi, deydi olim Mikael Massimino.

“Quyoshdek yorug’ jism bo’lmasa kerak bu dunyoda. Aql bovar qilmaydi. Kun botganida zimistonni ko’rsangiz!!! Yerdagidek chiroqni shart yoqib ishlay olmaysiz. Sal yorug’ bo’ldimi, fursatdan foydalanib qolishga urinasiz”.

“Xabbl”ni ta’mirlash ishlari juda murakkab, deydi fazogir Jon Gransfild:

“Mayda, jimitday bolt, gaykalarni fazogir qo’lqopida ushlab, aylantirishni ayting! Nimasidir qo’l soatini sozlashga o’xshab ketadi”.

Yaqinda katta ekranlarga chiqqan 40 daqiqalik bu filmni tomosha qilar ekansiz, huddi koinotga fazogir ko’zi bilan boqayotgandeksiz. Filmda borliq, osmon jismlari va gallaktikalar 3D formatda namoyish qilindi. Tasvirlar huddi haqiqiydek, qo’l bilan tegsa bo’ladigandek. Zamonaviy texnologiya mahsuli.

“Albatta, “Xabbl” 3D formatda suratga olmaydi”,-deydi rejissyor Toni Mayers. Hammasi studiyada qayta ishlab chiqilgan.

Kanadalik rejissyor Grem Fergyuson 40 yil oldin IMAX texnologiyasini kashf qilgan.

“Menimcha yaqinda har bir xonadonga kirib, mana shunday texnolgiyaga duch kelsak kerak. Kinoteatrga borishga hojat qolmaydi”,-deydi u.

“Xabbl” missiyasi kabi sayohatlarni qancha tomosha qilsangiz oz. Film tomoshabin va kinotanqidchilar tahsiniga sazovor bo’lmoqda.

“Xabbl” haqidagi film ta’limiy, ma’rifiy ahamiyatga ega va shu bois umri ham uzoq bo’lishi aniq, deydi kino ustalari.

Kino olami yangi kashfiyotlar qilar ekan, kim xursand - tomoshabin xursand.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG