Kongress Manas bilan bog'liq shartnomalarni tekshirmoqda


<!-- IMAGE -->

Vashingtonga maslahat

Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar bilan yaxshi tanish amerikalik arboblar Obama ma'muriyatini Qirg’izistondagi mojaro yechimida muhim rol o'ynashga, biroq ishni yopiq eshiklar ortida emas, oshkora, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda amalga oshirishga undamoqda.

<!-- IMAGE -->

Mintaqaga safar qilib, rasmiylar va ziyolilar bilan muloqot qilib turadigan olima Marta Olkott (Martha Olcott) fikricha, Qirg’izistonda yangi hukumat oyoqqa turishida BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yetakchilik qilishi lozim.

Marta Olkott nazarida hozir o’zboshimcha siyosat yuritish payti emas.

Rossiya Kurmanbek Bakiyevning hokimiyatdan ag’darilishini ochiq qo’llab, butun mintaqaga ogohlantirish bermoqda: “regionga yo’l Moskva orqali o’tadi”, ya’ni Kremlning gapi gap.

Markaziy Osiyoda hech kim buni istamaydi va AQSh Rossiyaning bunday harakatlariga qarshi javob berishga harakat qilsa, vaziyat yanada izdan chiqishi mumkin deya mulohaza yuritadi Marta Olkott.

Vashington Qirg’izistondagi mojaroning tinch yo’l bilan yechilishi uchun har qanday yordam berishga shay. Bu borada rasmiylar va diplomatlar qayta-qayta eslatmoqda.

Shon Roberts (Sean Roberts), Markaziy Osiyo siyosiy hayotini 1980-yillardan beri o’rganib, tahlil qilib kelayotgan mutaxassis “Amerika to’g’ri yo’ldan ketmoqda, lekin bugungi pozitsiyasini aniqroq tushuntirishi kerak”, - deydi.

“Prezident Obama xalqaro hamjamiyat bilan kelishib ishlashga bel bog’lagan. Bu muammoni hal etishda BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti singari organlar, Rossiya singari yirik davlatlar ham a’zo uyushmalar bilan birgalikda qadam tashlagan ma’qul”,- deydi Shon Roberts.

Bakiyev va Bishkekdagi muvaqqat hukumat orasida Qozog’iston, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bu yilgi raisi vositachilik qilmoqda.

<!-- IMAGE -->

Eng zarur va ma'qul yordam

Qirg’izistonda o’tgan besh yilda hokimiyat ikki bor ag’darilgani, ommaviy namoyishlar qonli qo’zg’olonlarga aylangani barchani birdek tashvishga soladi, deydi siyosatshunos.

“Qirg’iziston xalqi uchun eng zarur yordam - yangi rahbariyat odil yo’l bilan saylanishini ta’minlash”,- deydi Shon Roberts.

“Bu xalq o’zi ma’qul topgan odami uchun ovoz bersin va biz, ya’ni tashqi dunyo, jarayon oshkora va demokratik o’tishi uchun hissa qo’shaylik”.

Bu davlatning Amerika bilan aloqalari asosan Manasdagi havo bazasi, Afg'onistonga yuk va askar yetkazuvchi tranzit markazi, bilan bog’lanib qolgani yoki umuman Markaziy Osiyo bilan munosabatlarda ko’proq xavfsizlikka e’tibor qaratilayotganini tan olishdan tortinmaslik kerak, deydi olim.

Tinchlik eng muhim narsa ekani hammaga ma’lum-ku axir deya qo’shadi u.

AQSh bazasi Qirg'izistonni beqarorlashtiryaptimi?

<!-- IMAGE -->

"Gap Manasda bazamiz borligida emas, muammo uning uchun to’layotgan pulimiz huzurini kim ko’rib kelgani, bu inshoot bilan bog’liq biznes shartnomalar kimning nazoratida bo’lgani, Amerika nomidan qanday qora ishlar amalga oshirilganida. 2005 yildan beri mana shu masala vaziyatni beqarorlashtiruvchi faktor bo’lib kelgani sir emas",- deya xulosa qiladi amerikalik ziyoli.

Hozirda AQSh Kongressi buni taftish qilishni boshlagan. Xususan, Vakillar Palatasining xavfsizlik, tashqi aloqalar va nazorat bo’yicha qo’mitasi Pentagon tomonidan Qirg’izistonga har chorakda o’tkazilgan mablag’ qayerga ketgani; Bakiyev va uning oilasi bu pulni o’margan, Manasni yonilg’i bilan ta’minlaymiz deb millionlab dollarni o’zlashtirgan degan da’volarni ko’rib chiqmoqda, tekshirmoqda.

<!-- IMAGE -->

Kongress Pentagon qanchalik oshkora ish yuritgan deb so’ramoqda. Mudofaa vazirligi murakkab savollarga javob berishi kerak.

“Amerika “biz baza uchun ijara haqi to’ladik” deb qutula olmaydi. Bu mablag’ nega xalqqa yetib bormadi? Biz buni bilarmidik? Nega Bakiyev va uning atrofidagi odamlarning qora ishlariga ko’z yumdik? Baza shartnomasi detallarini qayta ko’rib chiqish kerak. Pentagon Davlat departamenti bilan maslahatlashgan holda qaror qilishi shart deb ko’rsatma berish kerak. Jarayon batamom oshkora kechishi shart. AQSh bu bilan Qirg’izistonga ham o’rnak bo’ladi”,- deydi Shon Roberts.

Hozirgi bitim besh yilni o’z ichiga oladi, ammo Amerika har yili bazadan qo’llanishda davom etish niyatini rasman bildirishi kerak.

<!-- IMAGE -->

Amerikaliklar qirg'iz amaldorlarining ko'zi ochildi degan umidda

Qirg’izistonda yangi boshqaruv, Shon Roberts fikricha, avvalgilariga qaraganda ishonchliroq bo’ladi.

“Hozir muvaqqat hukumat boshida turgan odamlar, jumladan Roza Otunboyeva eski amaldor, lekin boshqalarga qaraganda biroz irodaliroq, qo’li tozaroq”,- deydi u.

Qirg’izistonda amaldorlar xalqdan ancha hayiqib qoldi, deydi amerikalik siyosatdon, aholini rozi qilmaslik qimmatga tushishini anglashadi.

"Shu bois endi mas’uliyat degan narsa shakllanar degan umid bor. Agar yangi hukumat xalq istagini ro’yobga chiqara olmasa, unda kuni sanoqli ekaniga shubha yo’q. Odamlar korrupsiya va yulg’uchlikdan charchagan. Tirikchilikni yaxshilash uchun sharoit yaratish va erkinlik uchun yo’l ochish yangi rahbarning oliy va birinchi vazifasi bo'lishi kerak”, - deydi u.

Amerika ham mana shu ehtiyojlarni qondirish yo’lida hissa qo’shmasa, ham nufuzi, ham o’z manfaatlarini boy beradi, deydi Shon Roberts.

XS
SM
MD
LG