Islom Karimov Rossiya bilan hamkorlikni oshirishga kelishdi


<!-- IMAGE -->

O'zbekiston rahbari Islom Karimov Moskvada prezident Dmitriy Medvedev bilan muzokara qilgan.

Uchrashuvlar ketidan gapirgan Karimov taklif uchun Rossiya rahbariyatiga minnatdorchilik bildirgan.

Muloqotda hamkorlikni oshirish haqida gaplashilgan, qolaversa Qirg'izistondagi vaziyat muhokama qilingan.

Medvedevning aytishicha tomonlar Qirg'izistonda barqarorlikka erishish butun mintaqa uchun muhim degan fikrda.

Rossiya va O'zbekiston rahbarlari bir birini sinalgan va ishonchli hamkor deya tilga oladi.

Karimov Moskvada Medvedev bilan qator iqtisodiy bitimlar imzolagan. Rossiya O'zbekistonning eng yirik savdo hamkori bo'lib qolmoqda.

Bayonotlarda keltirilishicha, o'tgan yili ikki davlat orasidagi savdo aylanmasi 4,5 milliard dollarni tashkil etgan. O'zbekistonda 800 dan oshiq, Rossiyada esa qariyb 350 qo'shma korxona faoliyat yuritadi.

Tahlilchilar fikricha O'zbekiston va Rossiya orasida so'nggi davrda kuzatilgan ziddiyatlar bugun bir qadar bosilgan.

“O'zaro manfaatlarga ko'ra hamkorlikka kirishayotgan davlatlar o'rtasida pasayish va yuksalishlar sodir bo'ladi. Ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarda bunday hollar kuzatiladi. Lekin keyingi paytda Rossiya hukumati harbiy siyosiy masalalarda ma'lum bir xatolarga yo'l qo'yganini ochiq bo'lmasada tan olishga majbur bo'layapti. Mintaqada GESlar qurish masalasida Qozog'iston O'zbekiston pozitsiyasini quvvatlamoqda. Rossiya ham aniq bir to'g'ri qarorga kelgandek”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Lekin Kremlning mintaqadagi energetik muammolarga munosabatini baholash qiyin. Uning bu boradagi siyosati juda o'zgaruvchan.

Qirg'izistonda Kurmanbek Bakiyevni hokimiyatdan ag'dargan muxolifat boshchilidagi muvaqqat hukumat Kreml tomonidan qo'llab-quvvatlanar ekan, mintaqada Rossiya roli hamon kuchli ekani sezilmoqda.

Rossiyaning Qirg'iziston janubida qo'shimcha harbiy baza ochish qarori O'zbekiston tomonidan rasman norozilik bilan kutib olingan. O'sh viloyatida joylashishi ko'zda tutilyotgan mazkur baza masalasiga hali nuqta qo'yilmagan. Islom Karimovning Moskvaga safari davomida bu masala qanchalik muhokama qilinishi no'malum.

Amerikalik mutaxassis Tomas Grexem Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvida Markaziy Osiyoning Rossiya uchun qanchalik muhim ekanini ta'kidlab o'tdi.

“Tarixan Markaziy Osiyo Rossiyaga katta geosiyosiy kuch bergan. Rossiya elitasi nazarida bu mintaqa Rossiya xavfsizligi va taraqqiyoti uchun muhum ahamiyat kasb etadi. Psixologik jihatdan ham bu region Rossiya uchun uning buyuk davlat ekanligini belgilovchi nuqtalardan biri. Buyuk davlatlar esa qo'shnilariga soya tashlab turishi kerak. Rossiya prezidenti Medvedevning ta'kidlashicha Rossiya bu regionni o'z manfaatlariga kiruvchi hudud deb biladi. AQSh esa bu borada boshqacha fikrda. AQSh biror davlatni ta'sir doirasi bilan hisoblashish niyatida emas, mintaqa davlatlarini mustaqil rivojlanishi, xalqaro hayotda o'z o'rnini egallashidan manfaatdor”, - deydi Grexem.

Karimovning Moskvaga tashrifi arafasida Rossiyadagi o'zbekistonlik siyosiy muhojirlar norozilik aksiyasi o'tkazgan. Moskva hokimyatining o'zbek muxolifati vakillariga namoyish qilish uchun ruxsat bergani Kremlning demokratik tamoyillarga sodiq ekanidan darak emas, deydi tahlilchilar, aksincha bu bilan Rossiya O'zbekiston hukumatiga bosim o'tkazishga qodir ekanini namoyish etmoqda.

Rossiyada O'zbekistondan besh millionga yaqin o'zbek mehnat qiladi. Aksariyati qora ish bilan band, etnik nafratdan noliydi. Ikki kunlik muzokaralarda bu insonlar taqdiri qanchalik tilga olingan, bu mavhum.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG