"Hech bir mintaqaga diktatorlar kerak emas"


"Hech bir mintaqaga diktatorlar kerak emas"

"Hech bir mintaqaga diktatorlar kerak emas"

<!-- IMAGE -->

Bosh idorasi Bryusselda joylashgan va butun dunyo bo’ylab o’z bo’limlariga ega xalqaro tashkilot nazarida, Qirg’izistondagi bugungi notinchliklar Markaziy Osiyo tahlikali mintaqa ekanidan dalolat.

Bo’hronlar sababini o’rganib, yechim taklif qiluvchi bu muassasa (International Crisis Group) regionni kuzatib, u yerdagi mutaxassis va hamkorlari yordamida ma’lumot yig’adi.

Tashkilot vitse-prezidenti Mark Shnayder (Mark Schneider) Vashington singari siyosiy markazlarda davlat rahbarlariga maslahat berib turadi.

Shnayder, keksa arbob, bir paytlar "Tinchlik Korpusi" rahbari edi. AQSh Davlat kotibining Inson huquqlari masalalari bo'yicha muovini, qolaversa Kongressda yarim asr senatorlik qilib, o'tgan yili olamdan o'tgan Edvard Kennedining tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi bo'lib xizmat qilgan.

<!-- IMAGE -->

Markaziy Osiyoda ba'zida "bizga tashqaridan turib, bu oq - bu qora deb aql o’rgatishmasin" degan chaqiriqlar yangraydi.

Vaziyat va siyosat bilan yaxshi tanish Mark Shnayderning javobi shu: haqiqatni rad etish yaxshilikka yetaklamaydi.

Qirg’iziston buning yaqqol misoli, deydi u, Qurmanbek Bakiyev va uning atrofidagi amaldorlar odamlarning sabr kosasini to’ldirdi.

“Bakiyev ma’muriyati yulg’ichlikka mukkasidan ketdi, xalqni ezdi, ayniqsa o’tgan ikki yilda repressiya avj oldi”, deya tahlil qiladi Mark Shnayder.

G’arb u bilan hamkorlik qilar ekan, real holatga ko’z yumdi va bugun o’z xatolarini tushunishi, xulosa chiqarishi kerak, deydi u.

<!-- IMAGE -->

Muvaqqat hukumat, bu mutaxassis nazarida, demokratik va oshkora boshqaruv yuzaga kelishi uchun harakat qilishi, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bunda sidqidildan yordam berishi lozim.

Qirg’izistonda odamlarni ko’chaga olib chiqqan, zo’ravonlikka undagan sabablar oddiy, deydi Mark Shnayder, turmush og’ir.

Narx-navo kun sayin osmonga chiqib, odamlarning eng zarur mahsulotlar sotib olishga ham qurbi yetmasa, amaldorlar pora olib davri-davron sursa, bunday qarshiliklar har qanday jamiyatda yuzaga kelishi mumkin.

Ijtimoiy inqirozga yetaklovchi omillarni sarhisob qiluvchi bu tashkilot ancha yillardan beri Markaziy Osiyoni tahlika maydoni deya atab keladi. Iqtisodiy nochorlik avj olmoqda, erkinlik cheklangan, inson ravnaqi uchun imkoniyatlar oz deya har yili bet-bet hisobotlar chop etiladi.

Kishi boshiga daromad jihatdan mintaqa davlatlari quyi o’rinlarda tursa-da, dunyoda ulardan-da kambag’al o’lkalar ko’p. Buning ustiga Markaziy Osiyoda savodxonlik darajasi hali ham maqtovga arzigulik.

<!-- IMAGE -->

Bugun O’zbekistonda odamlar Qirg’izistondagi qonli namoyishlarni ko’rib, yetishmovchilikda yashasak ham tinchlik bo’lsin deya shukur qilmoqda.

Ziyolilar bilan gaplashsangiz, “bizni Islom Karimov yoki Nursulton Nazarboyev singari pishiq va qattiqqo’l rahbarlar boshqara oladi, aks holda botqoqqa botamiz” degan fikrlarni eshitasiz.

<!-- IMAGE -->

Mark Shnayder kabi mutaxassislar bu qarashni rad etadi.

“Hech bir mintaqaga diktatorlar kerak emas. Haqiqat shuki, hukumat g’amxo’r bo’lsa, xalqning undan ko’ngli to’q bo’lsa, fuqarolarning haq-huquqi ta’minlansa, ular o’z fikrini ochiq-oyin bildira olsa, tuzum shunga moslashgan bo’lsa, o’sha jamiyat barqaror va farovon. Xalqni temir panja ostida saqlash, tarixdan ma’lumki, beqarorlik va xavf tomon yetaklaydi”, - deydi janob Shnayder.

Farg’ona vodiysi, tog’li, serhosil va madaniy jihatdan bag’oyat rang-barang, boy bir hudud xalqaro axborot vositalarida hamisha qo’rquv bilan tilga olinadi. Vodiy mutaassiblik o’chog’i sifatida tasvirlanadi. Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston zaminini qamrovchi bu mintaqada qardosh xalqlar azaldan yonma-yon yashab kelgan. Lekin yer talashish, kamsitilish, millatchilik, madaniy ustunlikni da’vo qilib janjallashish hollari ham uchrab turadi.

<!-- IMAGE -->

Ayb hukumatlarda, deydi Mark Shnayder.

“Vaziyatning tashvishli tomoni shuki, davlatlar barcha etnik guruhlarni teng ko’rmaydi, ular siyosiy va iqtisodiy tomondan kamsitiladi”,- deydi Mark Shnayder.
Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilotning xulosa qilishicha, iqtisodiy jihatdan ta’minlangan, ishsizlik va yo’qsillik hukmron bo’lmagan joylarda elatlararo mojarolarni kam ko’rasiz.

“Tinchlik ba barqarorlik erkin matbuot, oshkora va odil tizim va kuchli iqtisodiy dastur talab qiladi”, - deydi Mark Shnayder.

Uning fikricha Markaziy Osiyodagi har bir jamiyat alohida rivojlana olmasligini, qo’shnilari bilan hamkorlikni oshirib, tabiiy boyliklar, elektr energiyasi va ob-hayotni o’zaro baham ko’rgan holda yashash mumkinligini anglashi lozim. Rahbarlar xalqni o’ylab jiddiy qarorlar qabul qilishi kerak va birodarlik, qardoshlik samarasi amalda isbotini topishi kerak, deydi u.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG