Qirg'izistonda o'zbeklar erkinlik va tenglikka umid bog'lagan


<!-- IMAGE -->

Qirg’izistonda muvaqqat hukumat ayrim viloyatlarda rahbarlarni o’zgartirmoqda. Yangi konstitutsiya ustida ish ketmoqda.

Tartib-intizomni tiklash asosiy vazifa bo’lib qolmoqda. Bishkek yaqinida kechagi etnik adovatda besh kishi halok bo’lgan.

Jalolobod shahrida Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari qamal qilgan binolar bugun bo’shatilgan. Muvaqqat rahbariyat “vaziyatni qo’lga oldik” deydi.

Qirg’iziston janubida yuzlab ming o’zbeklar yashaydi. Kuni kecha O’shda anjuman o'tkazilib, hukumatdan nima kutilayotgani qayd etilgan.

Qirg’iziston parlamenti sobiq deputati, O’sh viloyat o’zbeklar jamiyati rahbari Davron Sobirov “faqat o’zbeklargina emas, boshqa elatlar ham demokratik qadriyatlar qaror topishini istaydi”, - deydi.

<!-- IMAGE -->

“Oldinlari demokratiya oroli deb jar solishgan edi. Lekin bu gaplar amalda o’z ijrosini topmadi”,-deydi u.

Odamlar Qirg’izistonda istiqomat qiladigan har bir fuqaro manfaati birday inobatga olinadi degan umidda.

Lekin aholi muvaqqat hukumatga unchalik katta ishonch bilan qaramaydi. Amal talashish, o’zga mulkni bosib olish kabi holatlardan xavotirda.

Shunga qaramay ketma-ket g’alayonlar va norozilik chiqishlarini ayrim mutaxassislar davlat shakllanish jarayoni deb izohlaydi.

“Hozir ham, kelajakda ham hukumat milliy tarkibni inobatga olgan holda, o’z faoliyatini tashkil qiladi degan umiddamiz”, -deydi Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, o’shlik faxriy Odiljon Obidov.

Janub ahli bosqinchilik, zo’ravonlik hollariga qat’iy choralar ko’rish darkorligini aytadi.

O’shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamajonov fikricha, hozirgi paytda, ayniqsa, milliy nizolarga yo’l qo’ymaslik kerak.

<!-- IMAGE -->

“Muvaqqat hukumat oldidagi eng muhim vazifalardan biri yovuz niyatli kishilarni to’xtatib qolish. O’lkadagi vaziyatni barqarorlashtirish kerak. Etnik vaziyat, ijtimoiy adolat ta'minlanmasa oldinda turgan iqtisodiy va boshqa muammolarni hal qilish umuman mumkin emas”, - deydi u.

O'zbeklar Qirg’izistonda qabul qilinajak yangi konstitutsiya aholining turli qatlamlari, o’lkada yashovchi har bir elat manfaatlarini ta’minlashi zarur deydi. Ular bu borada o’z takliflarini kiritish niyatida.

“Qirg’izistonda jahonning boshqa ko’p millatli davlatlari kabi ozchiliklar haq-huquqlari to'g’risida qonun qabul qilish kerak. 1993 yilda Qirg’iziston Konstitutsiyasida bir narsa qayd qilingan edi. Ya’ni biron bir millat vakillari viloyat, tuman yoki qishloqda ko'pchilik bo'lsa, ularning tili ham asosiy mahalliy til bo'lishi kerak. Odamlar davlat idoralariga o’z tilida murojat qilish huquqiga ega edi. Men ushbu moddani yangi konstitutsiyaga qaytadan kiritilishi tarafdoriman”, - deydi o’shlik faxriy Odiljon Obidov.

Jalol-Obod viloyat o’zbek milliy-madaniy markazi rahbari Qodirjon Botirov fikricha yangi konstitutsiyani muhokama qilib, qabul qilish eng dolzarb masala.

“O’lkada parlament respublikasi tizimi bo’lsa, menimcha, Qirg’izistondagi barcha xalqlar o’z vakillarini saylab, davlat boshqaruvida faolroq qatnashish imkoniga ega bo’ladi”, - deydi Qodirjon Botirov.

“Har bir millat vakili parlamentda o'tirsa, mamlakat kelajagi uchun juda katta ish bo’ladi deb oylayman”.

Keyingi yillarda etnik ozchiliklar nafaqat davlat boshqaruvi, balki ijtimoiy, siyosiy hayotdan ham chetlatilgan edi.

“Ayniqsa, Qurmanbek Bakiyev davrida o’zbek millatiga mansub kishilarni davlat boshqaruvidan uzoqlashtirish yaqqol ko’rindi. Biz qirg’izistonlik o’zbeklar uchun Qirg’iziston ona-vatanimiz. Har qanday xalq o’zi yashayotgan vatani ravnaqi, kelajagi uchun jon kuydirishi tabiiy hol. Shu jumladan qirg’izistonlik o’zbeklar o’lkamizning xalqaro maydonda munosib o’rin egallashi uchun, rivojlanishi uchun butun kuch-g’ayratlarini sarflaydi. Buni biz har doim ta’kidlab kelganmiz”, - deya mulohaza yuritadi o’shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamajonov.

Ushbu fkrlarni qo’llab-quvvatlagan O’sh viloyat faxriylar kengashi Qirg’iziston xalqiga murojat qilib, birdamlik, totuvlik va fuqaroviy faollikga chaqirgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG