Breaking News

Kongressda Qirg'iziston va "Manas"ga doir siyosat ko'rildi (video)


Kongressda Qirg'iziston va "Manas"ga doir siyosat ko'rildi (video)
Kongressda Qirg'iziston va "Manas"ga doir siyosat ko'rildi (video)




AQSh Kongressi Qirg'izistonda Qurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida Amerika harbiylariga ijaraga berilgan "Manas" aviabazasida yonilg'i xarid qilish bilan bog'liq kontraktlarning Bakiyev oilasiga qarashli kompaniyalarga berilgani haqidagi da'volarni taftish qilmoqda. Kapitoliyda bu borada tinglov o'tdi. Unda Qirg'izistondagi voqealar va baza kelajagi muhokama qilindi.

Qirg'izistondagi g'alayonlar natijasida sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev mamlakatdan chiqib, u boshliq hukumat tarqatib yuborilgach, muvaqqat hukumat Bakiyev siyosati bilan bog'liq ba'zi masalalarni taftish qilishga kirishgan.

Xususan, ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, Bakiyev hukumati Rossiyadan arzon narxda aviakerosin sotib olib, Afg'onistonda Tolibonga qarshi operatsiyalar uchun muhim deb ko'rilayotgan va AQSh harbiylari tomonidan foydalanilayotgan "Manas" bazasidagi samolyotlar uchun qimmatga sotgan. Ustiga-ustak, kontraktlar sobiq prezident oilasi va xususan o'g'li Maksimga qarashli kompaniyalarga berilgan. Ba'zi mutaxassislar fikricha, o'tgan yili yopilish arafasida bo'lgan bazadan qayta foydalanish narxi shu bo'ldi.

Qirg'izistonni so'nggi 20 yildan beri o'rganayotgan mutaxassis, Florida shtatidagi Stetson Universiteti professori Yujin Xaskining Kongressdagi tinglovda aytishicha, Qo'shma Shtatlar bazani deb yana boshqa narsalarga ko'z yumgan.

"Qirg'iz muxolifati va nodavlat tashkilotlarining shikoyat qilishicha, AQShning Qirg'izistondagi elchisi Tatyana Gfeller ularni inkor etib kelgan, uchrashuv haqidagi iltimoslarini qondirmagan. Bu o'rtada esa Rossiya elchixonasi tashabbusni qo'lga olib, muxolifat bilan aloqalarni yo'lga qo'ydi", - deydi siyosatshunos Yujin Xaski.

Uning taxmin qilishicha, AQSh elchisi Davlat departamentidan olingan ko'rsatmaga ko'ra ish tutgan. Amerika matbuotida chiqqan xabarga ko'ra, qirg'iz muxolifatining inqilob rejalanayotgani haqidagi ogohlantirishi ham elchixonada jiddiy qabul qilinmagan.

Kolumbiya universiteti professori Aleksandr Kulining ta'kidlashicha, AQShning O'zbekiston bilan o'tmishdagi munosabatlaridan olgan sabog'i Qirg'izistonda demokratiya va inson huquqlari muammolariga ko'z yumishiga sabab bo'ldi.

"Davlat departamenti va Pentagon rasmiylari bilan suhbatlarimdan shu narsa ayon bo'ldiki, 2005 yil may oyida Andijonda hukumat kuchlarining namoyishchilarni qatliom qilgani AQSh noroziligiga uchrab, natijada bundan g'azablangan Karimov Xonoboddagi aviabazani amerikaliklardan tortib olgani "bazani saqlab qolmoqchi bo'lsang, demokratiya va inson huquqlarini unut" degan noto'g'ri xulosaga yetaklagan", - deydi Kuli.

Biroq mutaxassis fikricha, Qo'shma Shtatlar mintaqada barchaga birday qarab xato qildi.

"O'zbekiston va Qirg'iziston siyosiy madaniyati bir-biridan keskin farq qiladi. Qirg'iziston jamiyati nisbatan ochiq, fuqarolik jamiyati ancha ilg'or, so'nggi ikki inqilobdan bilish mumkinki, xavfsizlik kuchlari O'zbekistondagi kabi u qadar repressiv emas", - deydi Kuli.

Freedom House, "Ozodlik uyi" tashkiloti mutaxassisi Sem Pattenning aytishicha, AQSh tashqi siyosatida "qosh qo'yaman deb, ko'z chiqarish" odatga aylangan. "O'tmishdagi xatolardan to'g'ri saboq olmaymiz," deydi u.

"Biz urg'uni shaxsga emas, jarayonga berishimiz kerak. AQShning Qirg'izistondagi xatosi shu bo'ldiki, diktator Bakiyev nog'orasiga o'ynab, ommaviy norozilikka sabab bo'ldi. Hozir O'zbekistonda yana shu xatoni takrorlayapmiz, tashqi siyosatni bir shaxs bilan munosabatlarga asoslab", - deydi Patten.

O'tgan yili Qirg'izistonda prezident saylovlaridan oldin AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarish masalasi o'rtaga tashlangan edi. Ammo ikki tomonlama muzokaralardan so'ng va Qo'shma Shtatlar baza uchun ijara haqqini uch baravarga oshirishga ko'ngach, baza AQSh ixtiyorida qoldirildi. Bakiyevni hokimiyatdan ag'dargan muvaqqat hukumat nazarida baza uchun ijara haqqi, ya'ni yiliga 60 million dollar va AQSh samolyotlari uchun sotilgan yonilg'idan olingan daromad Bakiyev va oilasi hamyoniga tushgan.

Tahlilchilar nazarida rasmiy Vashingtonning diktaturaga moyil Bakiyev bilan yaqin hamkorlikka kirgani qirg'iz muxolifatining AQShga nisbatan munosabatining salbiylashishiga olib keldi va partiyalar bu mavzudan oktyabr oyiga belgilangan parlament saylovlaridan oldin o'z siyosiy maqsadlarida foydalanishi mumkin.

Kongressdagi tinglovda Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi Baktibek Abdurisayev ham ishtirok etdi. Uning aytishicha, sobiq tuzum jinoyatlarini imkon qadar tezroq taftish qilish zarur. Amerikalik mutaxassislar esa AQSh hukumati "Manas" bazasini saqlab qolmoqchi va darz ketgan ishonchni tiklamoqchi bo'lsa, tergov borasida Bishkek bilan hamkorlik qilishi lozim, deydi.

"Bakiyev kirdikorlarini fosh etib, asl basharasini xalq va xalqaro hamjamiyatga ko'rsatish kerak. Unga Minskdan boshpana bergan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko jinoyatchini himoya qilayotganini hali bilmaydi", - deydi sobiq elchi.

Baktibek Abdurisayev Bishkekda oy boshidagi g'alayon paytida uch qarindoshidan ayrilganini aytib, 35 yoshli jiyani Bakiyev buyrug'iga ko'ra o't ochgan snayper o'qidan o'lganini afsus bilan tilga oladi.

Kongressdagi tinglovni boshqargan Milliy xavfsizlik va xalqaro aloqalar quyi qo'mitasi raisi Jon Tirnining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Qirg'izistonga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqib, o'ziga bo'lgan ishonchni tiklashi lozim.

"Bu borada yangi hukumat bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, degan umiddaman. Munosabatlarda ochiqlik bo'lsagina, ikki tomonlama aloqalarni yangi pog'onaga ko'tarish mumkin", - deydi kongressmen.

Afg'onistonda terrorga qarshi kurashni tashqi siyosatidagi ustuvor vazifalardan deb belgilagan Obama ma'muriyati muhim yuk tranziti va yonilg'i ta'minoti bazasi sifatida ko'rilayotgan "Manas" taqdiri bo'yicha xavotirda. Ammo, deydi Davlat kotibi Xillari Klinton, muvaqqat hukumat baza masalasini hozircha ko'tarmoqchi emas.

"Yangi hukumatdan bazadan foydalanishda davom etishimiz haqida ishontirish oldik. Rossiya hukumati bunga g'ov bo'lishi mumkin, degan da'volar mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Axir harbiy yuk va askarlarimiz Rossiya hukumati roziligi bilan uning hududi orqali "Manas"ga o'tadi", - deydi Klinton.

Muvaqqat hukumat baza bo'yicha qaror chiqarish vakolati parlament qo'lida, ammo eski parlament tarqatib yuborilgan deb, "Manas" AQSh ixtiyorida avtomatik ravishda yana bir yilga qolishini ma'lum qilgan.

Sobiq elchi Baktibek Abdurisayev "AQSh bazasi nafaqat Amerika, balki Qirg'iziston xavfsizligi uchun ham muhim" deb, uning Afg'onistonda terror tahdidiga barham berilmaguncha yopilishiga ishonmaydi.

XS
SM
MD
LG