Kollektiv Xavfsizlik Tashkiloti Qirg'izistonga qo'shin tortadimi?


<!-- IMAGE -->

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a'zo davlatlar Qirg'iziston masalasida har xil fikrda. Ammo bu mamlakatdagi ahvol butunlay izdan chiqib ketmasligi uchun qo'shnilar bir to'xtamga kelishi kerak.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar xavfsizlik kengashi kotiblari Toshkentda uchrashar ekan, kun tartibidagi asosiy masala - xavfsizlik, xususan, Qirg'izistondagi vaziyat.

Ma'lumotlarga ko'ra, yig'ilishda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti qoshida tuzilgan tezkor qo’shinni Qirg'izistonga kiritish ehtimoli ham ko'tarilishi mumkin.

ShHTga a'zo davlatlar - Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Tojikiston va O'zbekistonning Qirg'iziston voqealariga nisbatan pozitsiyalari turlicha.

“O'zbekiston bu Qirg’izistonning ichki ishi deb hisoblaydi. Ba’zilar inqilobda Kremlning ishtiroki borligi haqida ko'p gapirmoqda. Xitoy ochiq gapirmasa-da, asosan, voqealar Qirg'izistonning ichki ishi degan pozitsiyada. ShHT a'zolarini qarashlari bir-biridan farq qilsa-da, Qirg’izistondagi vaziyat boshi berk ko'chaga kirib qolmasligi uchun yig'ilishda umumiy bir to’xtamga kelinishi mumkin”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Rossiya tomoni tarqatayotgan xabarlarga ko'ra, ShHTga a'zo davlatlar xavfsizlik kotiblari yig'ilishida Qirg'izistonga Kollektiv Xavfszishlik Shartnomasi qoshida tuzilgan Tezkor qo'shinni kiritish masalasi ham muhokamaga qo'yilishi mumkin.

“Agar Qirg'izistonga qo'shinlar kirsa, bu uyushma nimaga tashkil qilingani hammaga ayon bo'lib qoladi. Bu tashkilot tashqaridagi xavfdan himoya qilish uchun tuzilgan, ichkaridagi masala uchun emas. Shuning uchun ham O'zbekiston va Belarus Tezkor qo’shin haqidagi hujjatni imzolamagan. Tezkor qo'shinga berilgan vakolatga ko'ra, besh davlatdan to'rttasi qo'shin kiritishni qo'llasa, shuning o’zi yetarli”, - deydi tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.

Sharhlovchilar nazarida Qirg'izistonga harbiy jo’natish qarorini Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a'zo ayrim davlatlar qo'llab-quvvatlamaydi.

“Qo'shinlar kiritilsa, vaziyat yanada og'irlashadi, hozir aytilayotgan shimol va janub o'rtasidagi ziddiyatlar mutlaqo keskinlashib ketishi mumkin”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.

Tahlilchilar fikricha, Moskva Qirg'izistondagi voqealar, beqarorlik cho'zilishidan foydalanmoqda. "Rossiya rahbariyati Bakiyevdan hafsalasi pir bo’lgan va yangi, gapga ko’nadigan rahbar kerak Kremlga", - deydi ular.

Yaqinda Qurmanbek Bakiyev Belarusda boshpana oldi va kuni-kecha iste'fo bermagani haqida e'lon qildi. Ammo o’tgan hafta Qirg'izistondan chiqib ketish barobarida vakolatlarini topshirganini e'lon qilgan edi.

Bugun esa Minskda jurnalistlar bilan gaplashar ekan, “Qirg’izistonni tark etishdan oldin rasman iste’fo berganman, meni majbur qilishdi” dedi. Sobiq prezident aynan kim majbur qilgani haqida aniq to’xtalmagan, “ammo so’nggi paytlarda Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin va prezidenti Dmitriy Medvedev mendan nozori edi” deydi.

Gap AQShga “Manas” bazasida qolishga ruxsat berish qarori haqida ketmoqda. Rossiya ham Qirg’izistonda harbiy bazaga ega. Bakiyevni Qirg’izistondan olib chiqishga doir muzokarada Qo’shma Shtatlar va Rossiya vositachilik qilgan edi.

Bakiyevga Belarusda boshpana berilgani haqida turli mulohazalar bor.

“Rossiyadagi ayrim siyosiy guruhlar Bakiyevga siyosiy boshpana berish talabi bilan Belerusga chiqqan bo'lishi mumkin”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.

Rossiya Qirg'izistondagi to'polonlar natijasida hokimiyatga kelgan muxolifatni birinchi bo'lib tan oldi. G’alayonda Moskavaning ishtiroki bor degan qarashlar Rossiya hukumati tomonidan inkor etilgan.

XS
SM
MD
LG