Breaking News

AQShda davlatdan yordam so'rayotgan fuqarolar ko'paygan


AQShda davlatdan yordam so'rayotgan fuqarolar ko'paygan
AQShda davlatdan yordam so'rayotgan fuqarolar ko'paygan
<!-- IMAGE -->

Iqtisodiy inqiroz va ishsizlik Amerikada hukumatdan yordam olayotgan, oziq-ovqat talonlariga yashayotgan fuqarolar sonini keskin oshirib yuborgan.

Bir paytlar faqat kambag’al oilalarga mo’ljallangan dastur so’nggi ikki yilda kengayib, bugun har sakkiz amerikalikdan biri hukumatdan kompensatsiya olmoqda.

Amerikada bugun qariyb 15 million kishi ishsiz, ilojsiz. Nochor qatlamni ijtimoiy muhofaza qilish dasturiga har hafta minglab fuqaro yozilmoqda.

Qo’shiqchi va bastakor Rozalinda Blok 40 million vatandoshi qatorida hukumatdan oziq-ovqat uchun kupon-talonlar oladi. “Iqtisodiy krizis sabab hayotim butunlay o’zgarib ketdi. Ko’pgina mijozlarimdan ayrildim. So’ng farzandimning otasi dunyodan ko’z yumdi”, - deydi Blok.

“Mendek nufuzli oliygohni tamomlagan, o’rta yoshdagi ziyolining ahvoliga bir qarang. Hech bir kamchiliksiz, ishli-joyli bo’lib yurgan bo’lishim kerak. Zamon shunaqa ekan …”, - deb kuyinadi ona.

AQSh hukumati hisobotiga ko’ra, so’nggi ikki yilda oziq-ovqat dasturiga 11 million fuqaro yozilgan. Avvalgi ko’rsatkichlardan 40 foizga ko’p. Karlos Rodrigez, Nyu York oziq-ovqat omborxonasi xizmatchisi, bu yerda har xil odamni uchratasiz deydi.

“Butun umr pul jamg’arib, o’zimga ham, farzandlarimni o’qitishga ham yetadi deb yurgan odamlar shunday ahvolga tushib qolishiga achinadi kishi. Bizga murojaat qilishlarining asosiy sababi - ehtiyoj va imkoniyatsizlik. Ochig’i, ko’pchilik bunday dasturlar borligini birinchi bor eshitishi. Undan foydalanish ko’pchilikning xayoliga ham kelmagan”, - deydi omborxona xodimi.

Dasturga yozilish uchun muayyan talablarga javob berish kerak. Deylik, to’rt kishidan iborat oila daromadi 2 ming dollardan oz bo’lsa yordam olishga haqli. Robert Dor, Nyu-York ijtimoiy xizmatlar idorasi rahbarining aytishicha, hozir Amerikada ishlab turib ham o’zini boqa olmayotgan oilalar ko’p.

“Oziq-ovqat talonlari azaldan ishsiz fuqarolarga ajratilgan. Hozir esa qo’shimcha daromad sifatida ko’rilmoqda. Bu katta o’zgarish”.

Yana bir o’zgarish - AQShda ishsizlik sur’ati oshgan sari, odamlar hukumatdan ko’mak olishga avvalgidek uyat-andisha deb qaramayapti. Aksincha, shunisiga ham shukr, ish topguncha kunimiz o’tib turibdi, deydi muhtojlar.

XS
SM
MD
LG