Breaking News

Sobiq ichki ishlar vaziri Moskvadan Qirg'izistonga ekstraditsiya qilingan


<!-- IMAGE -->

Moskvada Qirg'iziston sobiq ichki ishlar vaziri Moldomus Kongantiyev qo'lga olinib, Bishkekka ekstraditsiya qilingan. Bu haqda muvaqqat hukumat ma'lum qilmoqda.

Kongantiyev g'alayon paytida qon to'kilishlariga aloqadorlikda ayblanmoqda. Bugun Rossiya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Grigoriy Karasin Bishkekda muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bilan uchrashib, Qirg'izistonda hukumatni oyoqqa turg'azishda yordam va'da qilgan.

Sobiq ichki ishlar vaziri Moldomus Kongantiyevning Rossiyada hibsga olinib, Qirg'izistonga topshirilishi Kremlning muvaqqat hukumatga xayrixohligidan dalolat.

G'alayonlar ketidan aynan rasmiy Moskva uni birinchilardan tan olgan va bir necha million dollarlik yordam va'da qilgan edi.

Sobiq vazir Bishkekdagi tartibsizliklar paytida olomon qo'liga tushib, qattiq kaltaklangan va garovga olingan edi. So'ng ba'zi xabarlarga ko'ra, uning oilasi garov puli to'lab, Kongantiyevni ozod etgan va u muolaja olish uchun muvaqqat hukumat ruxsati va kasalxonani ruxsatsiz tark etmaslik sharti bilan Moskvaga yo'l olgan edi. Biroq, deya xabar beradi "Nyu-York Tayms" gazetasi, sobiq vazirning Moskvadagi tanishlari uni yashirishga harakat qilgan, ammo Rossiya Federal xavfsizlik xizmati uni qo'lga olgan.

Bu o'rtada Otunbayeva hukumati mamlakatni 10 oktyabrga belgilangan prezident va parlament saylovlariga tayyorlashga kirishgan, biroq, deydi rasmiy, ungacha respublikada tartibni tiklash kerak, bu esa o'ta og'ir vazifa.

Qirg'izistonda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevga qarshi kuchlar parlament boshqaruviga o'tishga ahd qilgan ekan, 27 iyun kuni yangi konstitutsiya bo'yicha referendum bo'lib o'tadi.

"Olti oyda ko'p ishlarning uddasidan chiqishimiz kerak", - deydi Roza Otunbayeva.

Qo'shni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon parlamentga yillik hisobot bilan murojaat etar ekan, Qirg'izistonda davlat to'ntarishini xavotirga molik masala deb aytgan. Biroq shu bilan birga Rahmon uni Qirg'izistonning ichki ishi deb, vaziyat tez orada barqarorlashishiga umid qilgan.

O'zbekiston esa prezident Islom Karimov ko'rsatmasiga binoan Qirg'izistonga gumanitar yordam ko'rsatgan. Xususan, un, sement, qurilish materiallari, mineral o'g'itlar, kiyim-kechak, dori-darmon va hokazo. Qirg'iziston favqulodda holatlar vaziri o'rinbosari Muhammad Qosimaliyev qo'shni davlatga va xususan prezident Karimovga buning uchun minnatdorchilik bildirgan, deya xabar beradi rasmiy UzReport Internet axborot xizmati.

XS
SM
MD
LG