GES masalasi O'zbekiston va Tojikiston uchun siyosiy sinov


<!-- IMAGE -->

Tojikiston delegatsiyasi Toshkentga safar qilib, O’zbekiston rasmiylari bilan muzokara qilgan. Lekin bu uchrashuv oradagi ziddiyatlarni yumshatishi qiyin.

<!-- IMAGE -->

Press-uz.info, O'zbekiston hukumati pozitsiyasini yoqlovchi maqolalar chop etadigan saytga ko'ra, tojik chegarachilari yaqinda o'zbek bolalariga qarata o'q otgan. Tojikiston matbuotida yozilishicha esa aslida o'zbek chegarachilari zo'ravonlik qilgan.

Bugun Toshkentda hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi o'tgan. Tojikiston bosh vazir o'rinbosari Murodali Alimardon rahbarligidagi delegatsiya O'zbekiston hukumati a'zolari bilan savdo va iqtisodiy hamkorlik haqida gaplashgan.

Tojikiston yuk vagonlarining O'zbekistonda ushlab qolinayotgani bois mamlakat iqtisodiga katta zarar yetmoqda deya bong urib kelmoqda. O'zbekiston tomoni esa bunday da'volarni rad etib, yuk vagonlari texnik sabablarga ko'ra ushlanib qolinmoqda deydi.

Tahlilchilar nazarida bugungi hukumatlararo komissiya uchrashuvi munosabatlarni yumshatishi qiyin. Ular fikricha ziddiyatlar faqat oliy darajadagi muzokaralarda, ya'ni prezidentlar yuzma-yuz gaplashib, kelisha olsagina hal etilishi mumkin.

“Tojikiston haqiqatdan elektr energiyasiga juda muhtoj, bu boradagi muammolarini hal etishi kerak",- deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Uning tahlilicha, Tojikistonni GES qurmaslikka ko'ndirish uchun bu davlatga energetik taqchillikdan qutulish yo'lini ko'rsatish kerak.

Boshqa mutaxassislar ham ikki davlatni o'zaro manfaatlarni hisobga olgan holda, hamjihatlikda ish tutishga undamoqda.

Hukumatlar o'rtasidagi sovuqchilik oddiy aholi hayotiga salbiy ta'sir o'tkazmay qolmaydi. O'zbekistonda Tojikiston fuqarolari, Tojikistonda esa O'zbekiston fuqarolari tazyiq va tahdid ostida.

Qo'shni Qirg'izistondagi voqealar O'zbekistonda ham, Tojikistonda ham xavotir uyg'otmoqda.

<!-- IMAGE -->

Prezident Imomali Rahmon parlamentdagi chiqishida Qirg'izistondagi vaziyat yuzasidan tashvish bildirib, mintaqa geosiyosiy kuchlar uchun to'qnashuv maydoniga aylanib bormoqda deya ta'kidlagan. Bunda u Rossiya va Amerikani nazarda tutayotgan bo'lsa ajabmas, deydi mutaxassislar.

O'zbekistonda esa xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilib, Qirg'iziston bilan chegaradosh Farg'ona viloyatida aholidan “shubhali shaxslar haqida axborot berish, notanish odamlarni uyga kiritmaslik” talab qilinmoqda.

Huquq himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov Andijonda nazoratdagi odamlardan “tilxat” yig'ilmoqda deydi.

“Shaxsan o'zim ham nazoratdaman, borib tilxat yozib kelaman. Nima ish qilayotganim, shubhali narsalar ko'rsam, bu haqda xabar berishim haqida. Buni bosim deb hisoblamayman. To'g'ri, ular ham ehtiyot choralarini, mas'uliyatni kuchaytiryapti. Har holda biror to'polon chiqmasin deb cho'chib turishibdi. Lekin muomalasi yaxshi. Bu tekshirishlar doimiy narsa, lekin butun aholi uchun emas. Oilada kimdir 159-modda (konstitutsion tuzumga qarshi harakat) bilan qamalgan bo'lsa, bu odamlar nazoratda. Hijoblilar bor, ular ham nazoratda”, - deydi Zaynobiddinov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG