Breaking News

Rossiyaning Qora dengiz floti Sevastopolda 2042 yilgacha qoladi


Ukraina parlamenti Rossiyaga qarashli Qora dengiz flotiga Sevastopolda berilgan harbiy-dengiz bazasi ijara muddatini 2042 yilgacha cho'zish qarorini tasdiqladi. Rossiya Dumasi ham uni bugun ratifikatsiya qildi. Biroq jarayon Ukraina Radasida oson kechmadi.

Bitim o'tgan hafta Xarkov shahrida Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich va Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev uchrashuvi chog'ida imzolangan edi. Bitim shartiga ko'ra, Rossiya 2017 yildan boshlab Ukrainaga baza ijarasi uchun yiliga 100 million dollar to'lay boshlaydi hamda tabiiy gaz importlari uchun Ukrainaga chegirma beradi.

Biroq muxolifat qarorga norozilik bildirib, Radada ovoz berish jarayoni paytida tutunli shashka yoqqan, hukmron koalitsiya a'zolari bilan mushtlashgan, spiker Volodimir Litvinga tuxum otgan.

Qarordan norozi bir necha ming kishi parlament tashqarisida namoyish qilgan. Ular Rossiya bazasini Ukraina uchun doimiy tahdid deb atagan. Rossiya Dumasida esa hujjatni ratifikatsiya qilish jarayoni silliq o'tgan.

Prezident Viktor Yanukovich baza davlat kamomadini yopish uchun yaxshi moliya manbai demoqda.

Yanukovich fevral oyida prezidentlikka saylanayotganida Rossiya bilan darz ketgan aloqalarni tiklashga va'da bergan edi. Saylovlarni boy bergan sobiq prezident Viktor Yushchenko bazaning ijara muddati 2017 yilda tugagach, uzaytirilmasligini aytgan edi.

Ukraina sobiq bosh vazirasi, Yanukovichning saylovlardagi asosiy raqibi Yuliya Timoshenko ham ijara muddatini uzaytirishga doim qarshi bo'lganini ta'kidlaydi. Biroq Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning aytishicha, Timoshenko u bilan oldingi suhbatlarida qarshilik bildirmagan edi.

Viktor Yanukovich Yushchenko siyosatini Rossiya bilan bog'liq yana bir masala bo'yicha tubdan o'zgartirishi mumkin. Xususan, 20-asr boshida Sovet davlatchiligining ilk yillarida bug'doy kamomadidan millionlab odamlar o'lgan. Yushchenko prezidentligi paytida o'sha davr Golodomor deya tilga olinib, Stalin boshliq Sovet hukumatining Ukraina xalqiga qarshi genotsidi deya e'tirof etilgan edi. Biroq Yanukovichning aytishicha, Golodomor ukrain xalqiga qarshi qaratilmagan, ochlikdan boshqa xalq vakillari ham nobud bo'lgan.

XS
SM
MD
LG